Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yakuniy hukm: 700 million dollarlik boylik chiqindixonada qoldi

Yakuniy hukm: 700 million dollarlik boylik chiqindixonada qoldi

Britaniyalik shaxs bitkoynlar saqlangan diskni qidira olmaydi.

Uelsda yashovchi shaxsning shahar chiqindixonasida qidiruv o‘tkazish talabi bilan berilgan da’vosini Britaniya sudi rad etdi. U 2013 yilda chiqindixonaga tashlab yuborilgan, ichida 7,5 ming bitkoyn saqlangan qattiq diskini topmoqchi edi.

Uelsning Nyuport shahrida yashovchi Jeyms Xauellsning so‘zlariga ko‘ra, 2013 yilda uning qallig‘i tasodifan bitkoyn kalitlari saqlangan diskni axlatga tashlab yuborgan. Hozirgi kunlarda ushbu kriptovalyutalar qiymati 700 million AQSh dollaridan oshadi.

Xauells mahalliy hokimiyatdan qazuv ishlariga ruxsat berishni, yoki shu summada kompensatsiya to‘lashni talab qilgan. Biroq sudya bu da’voning huquqiy asosi yo‘qligini ta’kidladi va rad etdi.

Nyuport hokimiyati vakillari qonunga ko‘ra, tashlangan disk chiqindixona egalariga o‘tganligini tushuntirishdi. Shuningdek, ular atrof-muhitni himoya qilish qoidalari chiqindixonada qazuv ishlarini taqiqlashini eslatishdi.

Xauells qazuv ishlari muvaffaqiyatli bo‘lsa, bitkoynlarni sotishdan tushadigan daromadning 10 foizini mahalliy hokimiyatga o‘tkazib berishni taklif qildi, ammo advokatlar buni davlat xodimlarini qazuv ishlarini moliyalashtirishga undashga bo‘lgan urinish deb atashdi.

Xauellsning aytishicha, u bitkoyn saqlangan disk joylashgan chiqindixonaning aniqroq hududini topa olgan: bu yerda taxminan 100 ming tonna chiqindi mavjud. Butun chiqindixona esa 1,4 million tonnadan ortiq chiqindidan iborat.

Sud qaroriga Xauells shunday bildirdi: «Bu qaror menda umuman imkoniyat qoldirmadi. Men Britaniyaning adolatsiz tizimi qurboniga aylandim».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring