Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shimoliy Koreyada yana bir antiqa taqiq kuchga kirdi

Shimoliy Koreyada yana bir antiqa taqiq kuchga kirdi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In mamlakat aholisiga hot-dog yeyishni man etdi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning Daily Mail nashri xabar berdi.

40 yoshli «dohiy» hot-dogni «o‘ta g‘arbona yegulik» deb baholagan. Endilikda ushbu xaridorgir fast-fudni tayyorlash va sotish davlatga xiyonat deb malakalanadi.

Janubiy Koreyaning bude-chige deb atalgan taomi ham Shimolda qora ro‘yxatga tirkaldi. So‘nggi yillarda bu taom ancha ommalashgandi.

Bundan tashqari, Kim Chen In ajrashgan er-xotinlarni mehnat tutqungohlariga yo‘llashga ham amr qilgan. Pxenyan ma’muriyati nikoh ahdini buzishni «aksilsotsialistik odat» deya qoralab keladi. Hozirga qadar ajrashish tashabbuskori bo‘lgan tomon jazolangan bo‘lsa, endilikda oilaviy rishtalarni buzgan ham er, ham xotinga ta’zir chorasi qo‘llanadi.

Hukumat yangi cheklovlarni «mamlakatga kirib kelayotgan qoloq kapitalistik madaniyat»ga qarshi kurash doirasida amalga kiritgan.

Shimoliy Koreya xalq demokratik respublikasi ta’sis etilgan 1948 yildan buyon o‘lkani Kimlar sulolasi idora etib keladi. Jumladan, Kim Ir Sen 1948-1994, Kim Chen Ir 1994-2011 yillarda rahbarlik qilgan. Bobosi va otasidan qolgan «taxt»ni 2011 yilda Kim Chen In egallagan.

Dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri sanalgan Shimoliy Koreyaning kommunist rahbariyati turli cheklov va taqiqlarni joriy etgan. Mamlakatda internet va Wi-Fi’dan foydalanish imkoni mavjud emas. Aholi Shimoliy Koreyaning ichki kompyuter tarmog‘idan foydalanishi mumkin. Ichki tarmoq esa «mafkuraviy toza» saytlardan iborat. Mahalliy aholining xorijga qo‘ng‘iroq qilishi hamda chet elliklar bilan suhbatlashishi ham man etilgan. Kommunistik partiya fuqarolarning soch turmagi qanday bo‘lishini-da belgilab bergan. Ortiqcha e’tibor tortuvchi turmak man etiladi. Mamlakat erkaklari sochini Kim Chen In kabi kuzab yurishga odatlangan.

«Kapitalistik dunyo mahsuloti» sanalmish Sosa sola ichimligi savdosi ham taqiqlangan. Umuman, mamlakatda antiqa taqiqlar mavjud. Masalan, Kim Chen In bir muddat avval mamlakat aholisiga it boqishni taqiqlagan. Rasmiy Pxenyanga ko‘ra, xonadonda it saqlash «burjuaziya va kapitalizm sarqiti» sanaladi.

Shimoliy Koreya sayyoramizdagi eng qashshoq davlatlar sirasiga kiradi. Ammo moddiy taqchillikka qaramay, mamlakat rahbariyati hashamatli hayot kechiradi.

Shimoliy Koreya razvedkasida yuqori lavozimda faoliyat yuritgan, keyinroq mamlakatdan qochishga muvaffaq bo‘lgan polkovnikning hikoya qilishicha, oshib borayotgan xarajatlarni qoplash uchun rasmiy Pxenyan narkotik hamda qurol savdosi bilan shug‘ullanmoqda. Jumladan, metamfetamin ishlab chiqaruvchi maxfiy laboratoriya faoliyat yuritmoqda.

Milliardlab dollarni o‘g‘irlasa-da, qo‘lga tushmay kelayotgan shimoliy koreyalik hakerlarning «hunarlari» ham tillarda doston bo‘lgan.

Xorij matbuoti avvalroq Shimoliy Koreya diktatorining harami haqida ham noxush faktlarni oshkor etgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring