1-iyuldan pasport va boshqa ayrim hujjatlarning elektron shakli ham rasman tan olinadi
2025-yil 1-iyuldan boshlab shaxsni tasdiqlovchi va boshqa hujjatlarning elektron shakli rasman tan olina boshlanadi. Bu hukumatning «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda «ijtimoiy karta» tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, «Raqamli hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi doirasida shaxsiy hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etiladi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP)ning aniqlik kiritishicha, endilikda my.gov.uz dagi shaxsni tasdiqlovchi, haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlarning raqamli (elektron) shakllari rasman tan olinadi.
Bunda my.gov.uz da ushbu raqamli servislardan foydalanish imkoniyati yaratiladi va ular O‘zbekiston hududida majburiy tartibda qabul qilinadi.
Ro‘yxatga quyidagi hujjatlar kiritilgan:
- O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti;
- O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasi;
- Haydovchilik guvohnomasi;
- Tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
- Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma;
- Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma;
- Transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma (texnik pasport, texnik talon);
- Pensiya (nafaqa) guvohnomasi;
- Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi (ID-kartasi);
- Nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Transport vositasining majburiy sug‘urta (fuqarolik javobgarligi) bo‘yicha sug‘urta polisi;
- Oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va professional ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi rasmiy hujjat;
- Talabalik guvohnomasi;
- Yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma;
- O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Turar joy ob’yektlarining kadastr pasporti;
- Jismoniy shaxsning shaxsiy avtomototransport vositasini boshqa shaxslarga boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma.
Ushbu hujjatlarning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni ro‘yxatdan o‘tkazishda va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi poyezdlarga chiqishda, davlat, korporativ va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, shu jumladan, elektron xizmat ko‘rsatish hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda talab etilmaydi, ya’ni portaldagi elektron shakllari ham tan olinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter