Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin Trampning ustidan kulmoqda

Putin Trampning ustidan kulmoqda

Foto: AFP

Rossiya Ukraina shaharlarini bombardimon qilishni bas qilmayotgan ekan, unga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirish kerak. Dushanba kuni Lyuksemburgda uchrashgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari ana shunday xulosaga kelishdi. 

YeI vazirlari fikricha, Kreml o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik o‘rnatishni istamayotir. Rossiya tomonidan Ukrainaning Sumi shahriga raketa hujumi uyushtirilgani ham shundan dalolat beradi.

13-aprel kuni Rossiya armiyasi Sumi shahriga ikkita ballistik raketa otdi. Tinch aholiga qaratilgan hujum oqibatida kamida 34 kishi, jumladan, ikki nafar bola halok bo‘ldi, 117 kishi jarohatlandi.

YeI tashqi ishlar vazirlari AQSh prezidenti Ukrainada tinchlik o‘rnatishga urinayotgan bir paytda raketa hujumlari to‘xtamayotganini “Putin Trampning ustidan kulmoqda” deya talqin etishgan.

“Rossiyaning Ukrainaga so‘nggi hujumlaridan dahshatga tushdim. Umid qilamanki, prezident Tramp va AQSh ma’muriyati Rossiya lideri (tinchlik o‘rnatishga qaratilgan) ezgu niyat ustidan kulayotganini anglab yetishadi va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishadi”, – degan Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy.

Saylovoldi kurash davrida Ukraina urushini 24 soat ichida to‘xtatishga va’da bergan Trampga Putinning tinchlik bo‘yicha kelishuvni paysalga solayotgani xush kelmayotir.

Tahlilchilarga ko‘ra, Kreml Oq uy taklif etayotgan tinchlik bitimini qabul qilmay, turli-tuman shartlarni ilgari surayotgani sabab Trampning Putindan hafsalasi pir bo‘lmoqda. Buni Trampning Putinga nisbatan ritorikasi o‘zgarib borayotgani ham ko‘rsatmoqda.

Bir muddat oldin Putinni Ukraina urushining sababchisi va agressor deyishdan qochgan Tramp aprel oyi boshida agar Rossiya Ukrainada tinchlik bitimiga rozi bo‘lmasa, qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qildi.

Sumiga shahriga Rossiya tomonidan ajal raketalari uchirilishini ham Tramp “dahshatli”, “mudhish” holat o‘laroq baholagan. Ayni paytda, u rossiyalik hamkasbi aybini kamaytirib ko‘rsatish uchun bo‘lsa kerak, raketa hujumini “xato” deb atagan.  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring