Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

18+: Internetdagi axloqsiz va qonli batllari orqali mashhur blogerlarni qo‘llayotganlar kimlar?

18+: Internetdagi axloqsiz va qonli batllari orqali mashhur blogerlarni qo‘llayotganlar kimlar?

foto: xabar.uz

«Birinchi shart (so‘kinish, jaranglatib, bor ovoz bilan asabiy holda so‘kinish) birinchi shart eshitinglar, og‘alar, eshitinglar – sochingni qirasan. Ikkinchi shart boshingni devolga qarsillatib urasan, uchinchi shart, uchinchi shart, hozir senga shunaqa shartning jirkanchini beraman, bajarmasang erkakmassan, turgan joyingda ishtoningni ho‘llaysan... og‘alar qani ketdik, layk bosamiz, podpiska qilamiz, sizlardan jon so‘ramadim, bitta layk, podpiska so‘radim....»

Nima uchun bu maqolaga 18 yoshdan oshganlar belgisi qo‘yilganining sababini tushungandirsiz? Chunki biz pardasiz so‘zlarni ishlatib qo‘yishimiz mumkin, yo‘g‘e sizlarga mumkinmas, deyishga shoshilmang chunki, maqola eng axloqsiz batllari bilan nafaqat yurtimizda, balki dunyoga mashhur bo‘lgan blogerlarimiz  haqida... Agar ular haqda istihola qilib andisha bilan yozsak, haqiqiy maqsadini ochib berolmaymiz, ushbu hatti-harakatlarning yumshoqroq sinonimlari ham yo‘q, shu bois o‘quvchidan uzr so‘ragan holda boshladik...

Tik Tokdagi mashhur «maniya velichiya» sindromiga chalingan, endilikda batllari bilan YouTubega ko‘chgan bir bloger bor. Uning ruhiy sog‘lomligiga shubha bildrishimga asosiy sabablaridan biri ba’zan o‘zi haqida u shunday deydi(onani qo‘shib so‘kinishdan boshlaydi): «Biz bu yerlik emasmiz og‘alar, biz bu yerlik emasmiz, men o‘zimni boshqa sayyoradan kelgandek his qilayapman, men sherman, men qirolman, Tik Tok qiroliman, o‘zimning batllarim (ya’ni bir-biriga shart beradigan o‘yinlar) bilan butun dunyoga mashhurman, hali meni yengadigan bloger yo‘q. Shu batllarni deb (so‘kinadi) tishimni sug‘irdim, qoshimni qirdim, qulog‘imni kesdim... Og‘alar bizga qo‘shiling, layk, podpiska, layk, podpiska, o‘zbekistonliklarning kimligini boshqalarga ko‘rsatib qo‘yaylik og‘alar...» Afsuski xuddi shunday bu jirkanch shartlariga qo‘shib bayrog‘imizni ham boshqa yurtlarga hilpiratib namoyish qilmoqda...(O‘zbekiston bu ketishda shunaqa blogerlari bilan mashhur bo‘lmasa edi?!)

foto: ochiq manbalar

Men bu blogerning nomini atay aytmoqchi va reklama qilmoqchi emasman, afsuski u bitta emas, undaylar o‘nlab, yana ko‘paymoqda... Bunday bloger bilan «tanishishim»ga sabab «agar qiz farzand tug‘ilsa axlatga otaman» degan gapi va bu ortidan javobgarlikka tortilgani bo‘lgan. O‘sha blogerning ming-minglab obunachilari bor. Va bu blogerning o‘ynagan batllarini ko‘rsangiz, odam bolasi ham shu qadar tuban bo‘lishi mumkinmi, deb o‘ylaySIZ, lekin yana boshqa SIZlar ham borki, uning ishini qo‘llab-quvvatlaydi... Kimlardir uni «o‘la shunaqa qilib pul topgandan ko‘ra, erkakman deb yuribsanmi» deb ayblasa, yana kimlardir «mayli nima qilib bo‘lsayam pul topayaptiku yoki o‘zi shunday bo‘lsayam odamlarga yordami tegayapti», deb yozadi... mana shu yerda bu odamlar manipuliatsiya qurboni bo‘lganini anglash qiyin emas.

Mazlum har doim haqmi?

Ha bizga shunday deb o‘rgatishgan, mazlum har doim haq, lekin u o‘zini mazlumlikdek ko‘rsatayotgan firibgar bo‘lsa-chi? Bugungi internet talato‘p zamonida aynan shuni ajratib olishimiz kerak?

«Mazlum» so‘zining kengroq ta’rifi diniy manbalarda shunday tasniflanadi: «Mazlum» so‘zi «zulm»dan olingan. Zulm – bir narsani o‘z yeridan boshqa yerga qo‘yish, jabr, haddan oshish kabi ma’nolarni anglatadi. Mazlum – zulm ko‘rgan shaxs, ya’ni haqqi poymol bo‘lgan, haqqiga tajovuz qilingan kishidir. Moli nohaqdan tortib olingan odam, haqsiz diliga ozor berilgan inson mazlum hisoblanadi.

Keling mazlum har doim haq degan stereotipni nega sindirishimiz kerakligini ko‘rib chiqamiz.

Aynan mana shu qarash ko‘pchilikning aldanishiga sabab bo‘lmoqda, o‘zidan mazlum va yanada tushunarliroq tilda aytadigan bo‘lsak «jertva», jabrdiyda yasaganlar kimlar, ular har doim haqmi? Yo‘q, mana qanchadan-qancha voqealarni ko‘rayapmiz, o‘zidan bechora yasaganlar har doim haq emasligini, demak mazlum har doim haq emas, siz u tomon bo‘lishingiz esa harom luqma yeyotganlar luqmasiga sheriklik... Xo‘p, bu blogerning bir ikkita odamga qilgan ehsoni muhimmi yoki o‘zining o‘ta andishasiz batllari bilan butun kelajak avlodga yetkazayotgan zararini bilishimiz muhimmi?

Endi bu blogerning qanday yo‘llar bilan pul topishiga qiziqib ko‘ramiz va o‘zining chiqishlari bilan yosh avlodga nimani singdirayapti va ularga shunday pul topsa ham bo‘laveradi, degan fikrni yetkazayotgani haqida. Bunday blogerlarning so‘nggi markadagi mashinalarga ega bo‘lishi, chet elma-chet el sayohatda yurishi afsuski uning izdoshlarini ko‘paytirmoqda.

Bunday blogerlar o‘zbeklar nomidan boshqa mamlakatlar batlxo‘rlari bilan bir-biriga odamni esidan og‘diradigan shartlar berib o‘yin o‘ynaydi. Va bu o‘yinda kimning dominatorlari, fanatlari ko‘p kuzatsa va pul tashlasa g‘olib  bo‘ladi. Bu batllar orasida eshak bo‘lib hangrash, ishtonini turgan joyida ho‘llashdan tortib  uyatli tana a’zolarini yuzga, badanga chizishgacha bor, tasavvur qilishning o‘zi naqadar jirkanch-a? Ammo shunga chapak chalayotanlarning, «sen mujiksan, yashavor erkak» deyotganlarning soni qancha ekanliginiku aytmay qo‘yaqolay. Yuqorida manipuliatsiya haqida gapirdik. Xo‘p ular odamlarning, ayniqsa yoshlarning qalbiga yana qanday yo‘llar bilan kirib borayapti, qanday hurmatga ega bo‘layapti – mazlumga ehson qilishi orqali kirib borayapti. Ular biladi, batamom qoralab tashlanmaslikning va obunachilar sonini ko‘paytirishning eng ishonchli yo‘li – qo‘li saxiy ehsonchi bo‘lish. U odamgarchilik, insongarchilik yuzasidan qilmayapti ehsonni, qalbida vijdoni bor odam yuziga uyatli a’zoni chizib yoki hojatxona unitaziga kallasini tiqib pul topmaydi. Insoniyligi bor odam hazar, or qilish degan fazilatlariga ega bo‘ladi. Bunday blogerlarlar ehson qilishining sababi odamlarda mana shunaqa batlchi bo‘lsam ham yaxshi odamman degan fikrni ong ostiga sizdirish bor. Va shu kichkina manipuliatsiyasi orqali kichkinagina ehson qiladi, undan 100 barobar ko‘proq pul topadi...O‘sha pullariga keyin chet elma chet el sayohatga yuradi...

Manipuliatorni qanday tanib olish va ularga ishonmaslik mumkin? Bu haqda psixolog Larisa Lebedeva shunday yozadi: «Manipuliatorlar «qo‘g‘irchoqbozlar» deyiladi.  Manipuliator ongli ravishda, ba’zan esa ongsiz ravishda «ob’yekt» – o‘ljasining irodasini bo‘ysundirish uchun aldamchi nayranglardan foydalanadi. Haqiqiy his-tuyg‘ular va niyatlarni yashirish, boshqa odamlarga moddiy dunyoning jonsiz ob’yektlari sifatida munosabatda bo‘lish – bu manipuliatorning o‘ziga xos xususiyatlari. U uchun muhim narsa narsa va hodisalarning asl mohiyati emas (uni shunchaki qiziqtirmaydi), balki bu narsa va hodisalar uning foydasiga taqdim etilishi va talqin qilinishidir. Biror kishiga ta’sir o‘tkazayotganda, manipuliator odob, mas’uliyat va mehribonlik kabi «jabrlanuvchining» ya’ni mazlumning og‘riqli nuqtalaridan foydalanadi. Manipuliatsiyaga qarshi turish oson emas. Inson manipuliatsiyadan foydalangan holda bu dunyoga yovuzlik dirijyoriga aylanadi va ertami-kechmi bu juda qimmatga tushadi. Manipuliatorlar qanday ishlaydi? Turli yo‘llar bilan: faol usullardan foydalangan holda odamlarni boshqaradiganlar bor. Faol manipuliator munosabatlarda o‘zining ustunligini namoyish etadi, hal qiluvchi va tashabbuskor shaxs rolini o‘ynaydi. U suhbatdoshiga o‘zining ijtimoiy mavqeidan foydalanib, unga bosim o‘tkazadi. Faol manipuliatordan farqli o‘laroq, passiv manipuliator o‘zining psixologik xususiyatlariga ko‘ra har qanday bosimdan butunlay mahrumdir. Aksincha, o‘zini nochor, tor fikrli qilib ko‘rsatib, doim xafa bo‘ladigan odam rolini o‘ynaydi. Shu tariqa manipuliator o‘zi bilan aloqada bo‘lgan odamni unga achinish va u yoki bu harakatni uning foydasiga bajarishga majbur qiladi.

Ya’ni faqat blogerlar emas «mazlumlar» ham manipuliator. Men esa ularni o‘zimizning tilda avrovchilar degan bo‘lardim.

Bir yosh kelinchak video murojaat qilayapti, o‘sha o‘zidan Napaleon yasab olgan  blogerga, «men siz bilan tushgan rasmimni qaynonamga, erimga ko‘rsatdim, nahotki sen o‘shani ko‘rgan bo‘lsang, nahotki sen o‘sha bilan uchrashgan bo‘lsang deb ularam hayratlanishdi» deydi, bu gapni oddiy qishloq qizi aytayapti. Oxirida bu kelinchakning nega bunchalar hayajonlanib blogerga yaltoqlanishining sababi ma’lum bo‘ldi, dardi uy uchun to‘lanadigan bosh to‘lovga mablag‘ so‘rash ekan.

Men mazlum deganda abgor kiyingan, ko‘zlari mayus, rostdan ham azob chekkan odamni tushunaman, bu kelinning esa baxtdan yal-yal yongan, yuzlari qip- qizil, uyi yo‘qligiga sabab moliyaviy savodxonligining yo‘qligi, topgan mablag‘ini o‘ylamay ishlatib yuboradiganlar toifasidan bo‘lsa kerakki bundaylarga sirayam rahmim kelmaydi, (buyam bir katta mavzu chalg‘imaymiz og‘alar...) xullas bunday blogerlarning ko‘payishi harom pulga uyalmay yordamni qabul qilayotganlarning ham ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda...

Ogoh bo‘ling, manipuliator to‘r to‘qiydi: tajovuzkor (faol usul – blogerlar)  yoki jabrlanuvchi (passiv usul – mazlumlar) rolini o‘ynaydi, toki siz o‘zingiz, xuddi xohishingiz bilan, ochil dasturxondek unga xohlagan narsani taqdim etguningizcha.  

Mana kuni kecha yana bir bloger – uning izdoshi chiqdi, ayollarga xunuk harakatlar qilib... agar ushbu qarsillatib shapaloqlaydiganning andishasizligiga vaqtida chek qo‘yilmasa, bemalol kelgusida porno kino ishlab tarqatadiganlar chiqadi ular orasidan.

Hozir aynan shu blogerlarning ortidan izdoshlari chiqib kelmoqda va eng achinarlisi ona suti og‘zidan ketmagan qizlar, pul uchun sigir bo‘lib mo‘ra desa sigirdek mo‘raydi, sochingni kes desa sochini kesadi, qoshingni qir desa qiradi, yechin desa yechinadi.

Demak bularni qattiq nazoratga oladigan vaqt keldi.

Kuni kecha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan «Uy» shahrini tark etayotgan kitoblar haqida juda chiroyli rolik namoyish qilindi. Bu tahsinga sazovor. Ammo mana shunday blogerlarning tanobini tortish, ularni ma’muriy jazoga emas, jinoiy javobgarlikka tortilishigacha kurashish aynan shunday tashkilotlarning vazifasi emasmi? Axir ular bekinib qochib yurmasa, mana men deb o‘zini namoyon qilib turgan bo‘lsa nahotki topib jazolash qiyin... Bularga hammaning jim turganini ko‘rib millatni ich-ichidan yemirish uchun sabotaj ketmayaptimikin deb o‘ylab qoladi odam. Yoki bo‘lmasa mahalla tizimi, Yoshlar ishlari agentligi-chi? Ichki ishlar tizimlari-chi? Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona deymiz. Yetti qo‘shnidan tashqari yana qanchadan-qancha vakolatli tashkilotlar bor. Biri bo‘lmasa biri bularni nazoratga olishi kerak emasmi?

Masalan yaqinda Braziliyada maktab o‘quvchilari uchun telefon tutish taqiqlandi.  Tik-Tok bizda ham taqiqlandi, ammo noqonuniy yo‘llar bilan kirish avj olgan, buyam javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. Yoki ularning boshqa ijtimoiy tarmoqlarga gurra-gurra ko‘chib o‘tayotgani-chi?

Majburiyat yuzasidan bu batllarni ko‘rdim, bu tomoshada eng jirkanch haqoratlarni eshitishingiz mumkin. Material tayyorlash asnosida nafaqat quloqlarimdan balki jonsiz quloqchinlardan uyalib ketgan paytlarim bo‘ldi. Ayting, ayting sizning bu mavzularga ishingiz tushmasin, toza fitratingiz kirlanib bir necha kun uyqungizdan halovat qochmasin.

foto:ochiq manbalar

Qonli batllar, hayosiz shartlar, ularni pul bilan rag‘batlantirayotgan donatorlar kimlar – terroristlarning bir toifasi desam gapimni tasdiqlaysizmi? Ulardan keladigan xavf qanchalik  qo‘rqinchli ekanini-chi?

Men ularni ko‘rinmas qurolga yoshlar ongini, tafakkurini portlatib maydalab tashlaydigan, falajga aylantiradigan minaga o‘xshatdim...

Ogoh bo‘ling, batlchi blogerlarning bir-biriga berayotgan shartlari kundan-kunga keskinlashmoqda, ularning safi ko‘paymoqda, qo‘llayotganlar, pul bilan ta’minlayotganlarning asl maqsadi qandayligi esa hozircha noma’lum...

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring