Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

O‘zbekiston oldidagi asosiy xavf: o‘tmish xatolarini qanday tuzatamiz?

O‘zbekiston oldidagi asosiy xavf: o‘tmish xatolarini qanday tuzatamiz?

Foto: Xabar.uz

Global Risks Report hisobotida O‘zbekiston uchun kelajakdagi asosiy xavflar ro‘yxatida suv yetishmasligi birinchi o‘rinda qayd etilgan.

Suv tanqisligi shunchalik tez ro‘y beryaptiki, yaqin o‘tmish va bugunning o‘rtasida juda katta tafovut yuzaga kelgan. Ammo unutuvchanmiz, bir necha yil avval har bir mahalla, ko‘cha va xonadon yonidagi ariqda sharqirab oqib turgan suv, bugun yo‘qligiga parvo qilmaymiz. 

Qirg‘oqda qolib ketgan bolalar

Bolaligim Zarafshon daryosi bo‘ylarida o‘tgan. 90-yillarning boshlari. Qishloqning bir guruh bolalari chorva mollarini o‘tlatish uchun daryoning narigi qirg‘og‘iga haydab o‘tdik. Asosan 10-14 yoshli bolalar, toshqin daryodan kimdir suzib o‘tadi, kimdir sigir yoki ho‘kizlarning dumiga tirmashib, o‘tib oladi.

Kun tushlikdan oqqanda shundoq ham toshqin daryoga juda katta suv kelib qoldi. Daryo o‘zani kengayib, bu qirg‘oqdan narigisigacha oraliq yarim chaqirimdan oshdi. Shag‘al tosh ustida oqayotgan suv juda tez. Odamni ham, chorvani ham oqizib ketadi.

Kechga yaqin chorvani qishloqqa haydab borishimiz kerak edi, lekin daryodan o‘tishning imkoni yo‘q. Suv sathining keskin ko‘tarilganidan xabar topgan qishloq aholisi ham bizga imo-ishoralar qilib, qaytmasligimizni aytishardi. Qorong‘i tushdi, qishloqda buzog‘i qolgan sigirlar bezovtalangan, bolalar ham sarosimada. Biz qolib ketgan qirg‘oq tarafda katta hudud chakalakzor, shundoqqina yonimizdan shoqollarning chiyillashlari eshitiladi.

Chorvani bir joyga to‘pladik. Qorong‘ida chakalak orasiga kirib ketsa, yo‘qotib qo‘yishimiz hech gap emas.

Tun bo‘ldi, ertalabdan beri tuz totmaganmiz. Yegulik yo‘q. Sigirlarni sog‘ib, sutini ichdik. Shu ko‘yi tong ottirdik, hamon daryoning mavji baland. Tushlik vaqtiga boribgina oqim biroz pasaydi, shosha chorva mollarini haydab, daryodan o‘tib oldik...

Qishlog‘imga har borganimda daryo bo‘yiga shoshilaman, u yerda o‘tgan bolalik, daryoning ikki-uch metrcha balandlikdagi to‘lqinlaridan suzib, cho‘milgan paytlarimni qo‘msayman.

Biroq endi u shiddat yo‘q. Daryoning bir qirg‘og‘ida qolib ketadigan darajada katta oqim deyarli kuzatilmaydi. Yildan-yilga daryolarda, kanallarda, ariqlarda oqar suvlar pasayayotgani seziladi.

Muammoning ko‘lami

1950 yilda Orol dengizi hajmi 68 ming kvadrat kilometr edi. Uzunligi 426 kilometr, eniga 284 kilometr, eng chuqur joyi esa 68 metr bo‘lgan. Ammo hozirda u deyarli qurib bitgan. Tasavvur qiling: yarim asr ichida katta bir dengizni yo‘qotdik.

Orolning qurishi mintaqadagi suv ta’minoti va iqlimga katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Markaziy Osiyoda so‘nggi 50 yil ichida harorat 1,5°C ga ko‘tarilgan, bu esa bug‘lanish va qurg‘oqchilikning oshishiga olib kelmoqda.

Mamlakatimizda yog‘ingarchilik miqdori yillik 100-200 mm atrofida bo‘lib, bu jahonning o‘rtacha normasidan ancha past.

Yillar davomida suvning 90 foizidan ortig‘i qishloq xo‘jaligida, asosan paxta yetishtirish uchun ishlatildi. Eskirgan irrigatsiya tizimlari sababli 50 foizgacha suv yo‘qotishlari kuzatildi.

O‘zbekistonda aholi soni 37,5 milliondan oshgan va bu raqam 2050 yilga borib 45 millionga yetishini hisobga olsak, suv resurslariga ehtiyoj yanada oshadi.

2040 yilga borib Amudaryo va Sirdaryo oqimining kamayishi ta’sirida yuqori darajadagi suv taqchilligi xavf soladi. Bu esa mamlakat yalpi ichki mahsulotining 11 foiz pasayishiga va har yili 1,75 mlrd dollar yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin.

Markaziy Osiyoda unumdor yerlar keskin kamayib bormoqda, bugungi kunda mintaqadagi jami yer maydonining 20 foizdan ortig‘i degradatsiyaga uchragan. Chorak asrdan so‘ng hosildorlik uchdan bir qismga kamayishi mumkin.

Global muammoga global yechim

Samarqandda bo‘lib o‘tgan Iqlim forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mintaqa mamlakatlari tomonidan Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish strategiyasi ishlab chiqildi va bir ovozdan ma’qullandi.

Orol dengizi qurishining oqibatlarini yumshatish, suvdan oqilona foydalanish, "toza" energiya manbalarini kengaytirish dasturlari doirasida yevropalik sheriklar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilinmoqda.

Orolbo‘yining 2 million gektardan ortiq cho‘l hududlarida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar ekilgan.

Kelgusi besh yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, bu issiqxona gazlari chiqindilari hajmini qariyb 16 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi.

O‘zbekistonning Parij bitimi doirasida bug‘ gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish bo‘yicha olgan majburiyatini muddatidan oldin bajarishni rejalashtirmoqda.

Suv resurslarini tejash maqsadida irrigatsiya tarmoqlarini betonlash ishlari olib borilayotgani, suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat bazasi yaratilayotgani, ular sug‘oriladigan yerlarimizning deyarli yarmida, ya’ni qariyb 2 million gektarda joriy etilgani ta’kidlandi. Bunday chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yili qariyb 8 milliard kub metr suv iqtisod qilindi.

Davlat rahbari Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va bu sohada mintaqaviy dasturni ishga tushirishga chaqirdi.

Suv tejashga qaratilgan davlat dasturlari

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda "O‘zbekiston-2030" strategiyasiga muvofiq, suv resurslarini boshqarish tizimi isloh qilinib, suv tejashga qaratilgan davlat dasturlari amalga oshirilmoqda.

Xususan:

  • Kamida 7 milliard kub metr suvni tejash maqsad qilingan;
  • Suv tejaydigan texnologiyalar joriy etiladigan yerlar 2 mln gektarga yetkazilmoqda;
  • Tomchilab sug‘orish texnologiyasi qamrovi 600 ming gektargacha kengaytiriladi;
  • Ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 87 foizga yetkaziladi.

Tuyamo‘yin suv ombori hajmi 1 milliard kub metrgacha kengaytirilishi va 100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’yektlarida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilishi belgilangan.

“O‘zbekiston — 2030”da melioratsiya ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya qilish natijasida sug‘oriladigan yer maydonlarida sho‘rlangan maydonlarni 1,7 million gektargacha, kuchli va o‘rta sho‘rlangan sug‘oriladigan yer maydonlarini 430,0 ming gektargacha, yer osti suv sathi muammoli holatda bo‘lgan yer maydonlarini 773,4 ming gektargacha kamaytirish belgilangani ham yurtimizda jiddiy muammoga qarshi jiddiy kirishilgani ayon bo‘ladi.

Afsuski, yillar davomida suvni ayovsiz isrof qilib keldik. Amudaryo va Sirdaryo suvlarini cho‘llarga haydadik, jo‘mraklardagi obihayotni behuda oqizib qo‘ydik. Oxir-oqibat, katta yo‘qotishlarga uchradik. Biz keltirgan raqamlar shunchaki statistika emas – bu bizning, bolalarimiz va kelajak avlodning taqdiri. Mana endi, mintaqamizdagi millionlab insonlar iqlim muhojiriga aylanmasligi uchun kurashishimizga to‘g‘ri keladi.

Davlat tomonidan suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv inqirozining oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda, ammo bu faqat hukumatning ishi bo‘lib qolmasligi kerak. Bu — barchaning muammosi, har birimiz javobgarmiz endi. Agar bugun vaziyatni o‘nglashga harakat bo‘lmasa, ertaga farzandlarimiz toshqin daryolar, sharqirab oqadigan ariqlar haqida faqat bizning xotiralarimiz orqaligina bilishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring