Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Prezidentsiz ikki yil»: Livanda nihoyat yangi davlat rahbari saylandi

«Prezidentsiz ikki yil»: Livanda nihoyat yangi davlat rahbari saylandi

Jozef Aun

Foto: AP Photo

Livan armiyasining bosh qo‘mondoni, general Jozef Aun mamlakat prezidenti etib saylandi. General Livan parlamentida o‘tkazilgan saylovning ikkinchi turida g‘alaba qozondi.

«General Aunga 128 nafar deputatdan 99 nafari ovozini berdi», — deb e’lon qildi parlament spikeri Nabih Berri.

Birinchi turda 71 ta ovoz to‘plagan Jozef Aunga ikkinchi turda g‘alaba uchun 86 ta ovoz yetarli edi (keragidan ancha ko‘prog‘ini oldi). Qizig‘i, deputatlardan biri saylov varaqasini buzib, unga Berni Sanders (amerikalik siyosatchi) deb yozgan.

Prezident Mishel Aunning vakolat muddati tugagan 2022-yil oktyabridan buyon Livan prezidentsiz yashayotgandi. Oldingi Aun va hozirgisi qarindosh emas, shunchaki familiyadoshlar!

Livandagi prezident saylovi konstitutsiya hamda mamlakat siyosiy tizimi xususiyatlari asosida tartibga solinadi. Prezidentni 128 deputatdan iborat parlament saylaydi. Prezidentlik muddati olti yil, qatorasiga ikkinchi marta saylanish mumkin emas. Mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, prezidentlikka nasroniy-maroniylargina saylana oladi. Prezidentlikka saylanish uchun birinchi turda deputatlarning uchdan ikki ovozini, keyingi turlarda mutlaq ko‘pchilik ovozini to‘plash zarur.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring