«Mahalla loyihasi» dasturiga 1 milliard dollar yo‘naltirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilish chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi.
Bu haqda 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berilgan edi. Shundan kelib chiqib, 2025 yilda jami 5 million 200 ming nafar, jumladan, banklar tomonidan 3 milliondan ziyod aholini band qilish rejalashtirildi.
Shu maqsadda 208 ta tuman va shaharlar hokimlari hamda banklar rahbarlari tomonidan aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi, bunda tomonlarning aniq huquq va majburiyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Har bir mahalla bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan «mahalla loyihasi» dasturi doirasida ajratiladigan 1 milliard dollar kredit resurslari banklar va hududlar kesimida taqsimlandi. Loyiha ishlab chiqish, kredit ajratish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha tuman banki rahbariga oyma-oy samaradorlik ko‘rsatkichi qo‘yildi.
Endi Markaziy bank raisi va uning o‘rinbosarlari hududlarga chiqib, joylardagi bank filiallarining mahallalardagi ishini yangicha yondashuv asosida tashkil qiladi. 2025 yil 1 fevralga qadar tuman banklari filiallarida mahallabay ishlash bo‘limlari tashkil etilib, ularga «mahalla bankirlari» tayinlanadi. Shuningdek, har bir mahallada ular bilan birga ishlaydigan «yordamchi-agentlar» tanlab olinadi.
Hududiy banklar hamda tuman hokimlari aholini tayyor biznes loyihalari bilan tanishtirib boradi, ularni amalga oshirish ko‘nikmalari o‘rgatiladi.
«online-mahalla.uz», «bank-kredit.uz» va «soliq.uz» axborot tizimlari integratsiya qilinib, mas’ullarga yuklatilgan vazifalar ijrosi kunlik tahlil qilib boriladi. Faoliyati qoniqarsiz bo‘lgan rahbarlarga chora ko‘riladi.
2025 yil bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirishda hal qiluvchi yil bo‘lishi, buning uchun mahalliy hokimliklar va iqtisodiy-moliyaviy tuzilmalarning muvofiqlashgan ishini faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter