Daniya Grenlandiyani saqlab qolish uchun gerbini o‘zgartirdi
Donald Trampning Grenlandiya borasidagi qator bayonotlaridan so‘ng Daniya o‘z gerbini o‘zgartirdi.
500 yil mobaynida mamlakat gerbida uch toj — Daniya, Shvetsiya va Norvegiya o‘rtasida XIV asrda tuzilgan Kalmar uniyasi ramzi aks etib kelgan. 2024-yil dekabri oxirida Daniya qiroli Frederik gerbni o‘zgartirishga farmon berdi. Unga Kopengagen o‘z nazorati ostida saqlamoqchi bo‘lgan hududlar — Farer orollari (qo‘y) va Grenlandiya oroli (oq ayiq) ramzlari qo‘shilgan.
Tramp AQSh orolni sotib olmoqchi ekanligini aytganidan so‘ng Daniya gerbini o‘zgartirdi, deb yozdi 6-yanvarda The Guardian. Tramp kecha Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida joylagan postida go‘yoki grenlandiyaliklarning o‘zlari AQShning bir qismi bo‘lishni istashayotgani, chunki bu «foydali» ekani, «Grenlandiyani yana buyuk qilamiz!» kabi balandparvoz gaplarni yozgandi.
O‘z navbatida, Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede orolga mustaqillik berilishini istamoqda. Uning fikricha, orolning Daniya tarkibidagi tarixi «teng huquqli hamkorlik yaratilishi mumkin emasligini» ko‘rsatmoqda. U yangi yil murojaatida mahalliy hukumat konstitutsiya loyihasini tayyorlagani haqida ma’lumot bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter