Lukashenko NATO mamlakatlariga yadroviy zarba berishga tayyorligini ma’lum qildi
Agar NATO davlatlari Belarusga hujum qilishga qaror qilsalar, Minsk Rossiya bilan kelishuv asosida mamlakatda joylashtirilgan yadro qurolidan foydalanadi. Bu haqda Belorus davlati prezidenti Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.
«Ular bizga hujum qilishlari bilanoq, biz yadro qurolidan foydalanamiz», - deydi Lukashenko.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqinda yadroviy doktrinani o‘zgartirishga bag‘ishlangan nutqida Belarus o‘z mudofaasi uchun yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini tasdiqlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Polsha va Amerika harbiylari allaqachon Belarus bilan chegarada turishgan va Polsha rasmiylari «qo‘llarini ishqalab» hujum qilish vaqtini kutishmoqda.
«Shuning uchun Rossiya o‘zining butun yadro arsenalidan foydalanadi. Va bu allaqachon jahon urushi deganidir. G‘arb ham buni xohlamaydi, albatta. Ular bunga tayyor emas. Lekin biz ularga ochiq aytamiz: qizil chiziq - davlat chegarasi. Agar siz unga qadam qo‘ysangiz, javob darhol bo‘ladi», – deb ta’kidladi Belarus prezidenti.
Ma’lumot uchun, SSSRning parchalanishidan keyin Belarus yadroviy arsenaldan voz kechgan va 1993 yilda yadro quroliga ega bo‘lmagan davlat sifatida Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilgan edi.
Biroq, 2023-yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belarus hududida Rossiyaning taktik yadroviy qurollarini joylashtirish rejasini e’lon qildi. Buni esa AQShning Yevropa mamlakatlarida qurollarini joylashtirish siyosati bilan izohladi. O‘sha yilning iyun oyi o‘rtalarida esa respublikaga birinchi yadroviy zaryadlar keltirildi.
2024-yil yozining boshiga kelib, Belarus harbiylari strategik bo‘lmagan yadroviy qurollardan foydalanish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini yakunladi.
25 sentyabr kuni Putin Rossiya Xavfsizlik kengashining yadroviy to‘siq bo‘yicha yig‘ilishida Rossiya yadro qurolidan foydalanish huquqini o‘zida saqlab qolishini aytdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter