Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda ov qilish 3 yildan ko‘proq muddatga taqiqlanishi mumkin

O‘zbekistonda ov qilish 3 yildan ko‘proq muddatga taqiqlanishi mumkin

Prezidentning «O‘zbekiston–2030 strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihada 2025-yilda o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ko‘paytirish va ularni keyingi avlodga yetkazish borasida bir qator ishlar amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Jumladan, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash uchun tasdiqlangan kvotalar hamda o‘simlik dunyosi ob’yektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalarni elektron auksion orqali berish joriy etiladi.

Bunda:

  • kvotalar Fanlar akademiyasi tomonidan har yili aniqlanadigan o‘simlik zaxirasi asosida shakllantiriladi;
  • kvota va ruxsatnomalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlanib, auksionga chiqariladi.

Shuningdek, hayvonot dunyosi yo‘qotishlarining o‘rnini qoplash maqsadida 2025-yil 1-sentyabrdan 2028-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida ov qilishga moratoriy (cheklov) joriy qilinadi.

Bunda:

  • moratoriy fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xo‘jaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtiriladigan yovvoyi hayvonlarni ovlash hamda sanitar maqsadlarda ov qilishga tatbiq etilmaydi;
  • ovchilarga muqobil mashg‘ulot sifatida hududlarda o‘q otish sportiga ixtisoslashtirilgan maxsus poligonlarda xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;
  • shaharlardagi tabiiy suv havzalari ixtiofaunasining populyasiyasini qayta tiklash maqsadida respublikaning markaziy shaharlaridan oqib o‘tuvchi daryo va soylarda 2025-yildan boshlab, har yili 15 tonnadan kam bo‘lmagan chavoqlantirish ishlari amalga oshiriladi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring