15 yoshli «haydovchi» yo‘lovchining boshiga yetdi
Buxoro viloyati, Kogon tumanidagi Tutkunda mahallasi ichki avtomobil yo‘lida 15 yoshli «haydovchi»ning noqonuniy xatti-harakati oqibatida 32 yoshli fuqaro og‘ir tan jarohati olgan.
Viloyat IIB JXX YHXB axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Ulug‘bek Shukurlayevning «Xabar.uz»ga bildirishicha, holat 2024 yilning 23 dekabrida sodir bo‘lgan. Og‘ir tan jarohati olgan bemor RShTYoIM Buxoro filialiga keltirilgan. Oradan 7 kun o‘tib, ko‘rsatilgan Tibbiy muolajalarga qaramay, bemor 30 dekabr kuni vafot etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro shahridagi 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi O.B. amakisi Sh.Sh.ga tegishli bo‘lgan «Damas» avtomashinasida buxanka non tashish uchun Kogon tumanidagi Tutkunda mahallasi ichki avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlangan. O‘sha kunlarda Buxoro ob-havosi qalin tuman holatida bo‘lgani bois, tajribali haydovchilarda ham 5-7 metrgacha uzoqlikdagi masofani ko‘rish ancha qiyinlashgan. Shunga qaramasdan, O.B. amakisi Sh.Sh.ning xabardorligi ostida «Damas»ni yakka o‘zi boshqarib kelgan. Tongi soat 07:00 lar atrofida ichki yo‘lni piyodalar qoidasida munosib tarzda kesib o‘tayotgan ayolni kuchli zarb bilan urib yuborgan.
«Ayni paytda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Bolalarga avtomobilni ishonib topshirmaslik va buning ta’qiqlangani yuzasidan tinimsiz targ‘ibot ishlari olib borishimizga qaramasdan, kattalar bilganlaridan qolishmayapti. Ham o‘z hayoti, ham boshqaning hayotini xavfga, xatarga qo‘yishyapti. Bunday paytda voyaga yetmagan bolaga nisbatan og‘ir jinoyat choralarini qo‘llash qonunchilikka zid. Ammo, 15 yoshli «haydovchi»ning yaqin qarindoshlarining xatti-harakatlari qonunchilik asosida ko‘rib chiqiladi. Hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi»,-dedi Ulug‘bek Shukurlayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter