Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoyda metapnevmovirus keng tarqalyapti. Qozog‘iston SSV ham kasallikning ushbu turini qayd etgan

Xitoyda metapnevmovirus keng tarqalyapti. Qozog‘iston SSV ham kasallikning ushbu turini qayd etgan

Xitoyda aholi orasida metapnevmovirus keng tarqamoqda. Bu haqda Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish boshqarmasi xabar bergan.

Qayd etilishicha, metapnevmovirus (HMPV) yangi turdagi virus emas. Biroq o‘tgan yilning 23-29 dekabr kunlari butun mamlakat bo‘ylab shifoxonalardagi bemorlardan olingan nafas olish yo‘llari namunalari tahlili natijalariga ko‘ra, mamlakat shimolida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida kasallanish holatlari ko‘paymoqda.

Ayniqsa, o‘tkir respirator infeksiyalar, jumladan, gripp, odam metapnevmovirusi va rinovirus faol tarqalyapti.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, metapnevmovirus infeksiyasi, yuqori va pastki nafas yo‘llarining shikastlanishi bilan birga kechadi. Odatda burun oqishi, yo‘tal va isitma belgilari bilan o‘tkir respiratorli infeksiya shaklida paydo bo‘ladi, o‘tkir respirator infeksiyalarni, jumladan, bronxiolit va pnevmoniyani keltirib chiqaradi.

Virus chaqaloqlar, qariyalar va immuniteti zaif odamlar uchun xavflidir.

Metapnevmovirus birinchi marta 2001-yilda aniqlangan bo‘lib, havo-tomchi yoki ifloslangan yuzalar bilan aloqa orqali tarqaladi. Ushbu virus bilan kasallanish holatlari Xitoydan boshqa mamlakatlarda ham qayd etilgan.

Qozog‘iston SSV ham metapnevmovirus epidemiyasining mamlakatda tarqalishi yuzasidan ma’lumot berdi.

«Butun dunyoda bo‘lgani kabi Qozog‘istonda ham ayni paytda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar va gripp bilan kasallanishning mavsumiy o‘sishi qayd etilmoqda. Bu virus (metapnevmovirus) qator davlatlarda 10 yillardan buyon bo‘lgani kabi Qozog‘istonda ham qayd etilgan», – deyiladi mamlakat SSV matbuot xizmati xabarida.

SSV aholini profilaktika choralariga rioya qilishga va odamlar gavjum joylarda, ayniqsa surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar bilan muloqotni cheklashga chaqiradi.

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘istonda ayni paytda ushbu virusni yuqtirganlar O‘RVI bilan og‘rigan jami bemorlarning 1,6 foizini tashkil qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring