“Sabotaj hidi kelyapti...” – blogerlar botinkasi teshik haydovchining qamalishi haqida
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Bektemir tumani sudining 2024-yil 26-dekabrdagi hukmi bilan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalaridagi turnaqator navbatlarni tanqid qilgan yigit 15 sutkaga qamalgani haqida xabar bergan edik.
1978-yili Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan G‘ayrat Do‘stov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatlarida oilasini kirakashlik ortidan boqayotgani, nogironi borligi, metan gaz shoxobchalari ish rejimiga kiritilgan cheklov ortidan oilasi ta’minotini qila olmayotganini aytgan edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudi raisi D.Dadaxonova raisligida o‘tgan sud majlisida G‘.Do‘stov MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda ayblangan.
Ilma-teshik bo‘lgan poyabzalini ko‘rsatgan holda mas’ullarga murojaat qilgan haydovchi yigitning 15 sutkaga qamalgani, yangi yilni oilasi davrasida emas, balki panjara ortida o‘tkazgani keng jamoatchilik va ijtimoiy tarmoq faollarining e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
“Og‘zidan shodi kirib, bodi chiqqan hokimlar bitta uzr bilan qutulsa, o‘zining vakolati doirasidan chiqib, qonunlarga tupurib qo‘yadigan ayrim mas’ullar oddiy ogohlantirish bilan cheklansa-yu, lekin uzoq vaqt metanda navbat kutib, endi navbati kelganda “zapravka” yopilib qolganidan fig‘oni ko‘kka chiqqan botinkasi teshik oddiy bir xalq vakilini qamab qo‘yishsa, bechora Yangi yil bayramini oila davrasida emas, panjara ortida kutib olsa, bunda xalq adolatsizlik ko‘radi. Va bu adolat ham emas, albatta.
Yilni katta xato bilan boshladik. Afsus, ming afsus. Zig‘irchalik foydasi bo‘lmagan, ammo xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi nuqtai nazaridan juda katta zarar olib keladigan ushbu tashabbus kimdan chiqqanini bilmayman. Ammo bu xatoning o‘rnini qoplash uchun juda ko‘p ish qilinishi kerakligini aniq bilaman”, – deb yozdi bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.
“O‘zbekiston energetika sohasida davom etayotgan sharmandali muammolar haqida gapirgan G‘ayrat Do‘stovning qamalishini bugungi tizimning murvati – huquq organlari va sud tizimi tomonidan qilingan shunday xatolardan biri deyish mumkin. Ha, o‘tgan bir necha yil ichida mamlakatda inson huquqlari himoyasi borasida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar amalga oshdi. Bularni eslamaslik, e’tirof etmaslik xato va noxolislik. Ammo shular qatorida muammolar haqida gapirgan faollarning qamalishi, dushman sifatida ko‘rilib, ta’qibga olinishi faol davom etmoqdaki, bu oxir-oqibatda yana boshlang‘ich nuqta sari juda tez odimlashdir.
Ta’qiblar boshida turganlar tushunishi kerak, vaqt o‘tgan sari jamiyatda har qanday masalaga “G‘ayrat Do‘stovlar ishi” prizmasi, shu kabi boshqa voqealar bergan xulosalar orqali qarash kayfiyati kuchayib bormoqda. Bu kayfiyat hatto ular hisoblashadigan yagona reallik – xalqaro hamjamiyatlarga-da ko‘chib ulgurdiki, vaqt o‘tgan sari o‘rnimizni tobora qizillashtirayotgan turli reytinglar ham shundan so‘zlamoqda”, – deb yozdi jurnalist Ilyos Safarov.
“Odamlarning kayfiyatini tushirib ijtimoiy taranglikni orttirgan bu keys uzoq vaqt esdan chiqmaydi. Kim qilgan bo‘lsa ham, sabotaj hidi kelyapti.
Yangi poyabzalga qurbi kelmayotgan odamni jarimaga ham tortishibdi. Kambag‘alni urma-so‘kma, to‘nini yirt degani shu bo‘ladi.
Undan ko‘ra muammoni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etinglar. Har yili sovuq tushsa metan zapravkalarda odamlar noroziligini keltirib chiqaruvchi holatlar bo‘lyapti. O‘tgan yili o‘lasi qilib urilgan yigit voqeasi hali yoddan chiqmagandi. Hammaning ovozini ham, xotirasini ham o‘chirish imkonsiz.
Shu o‘rinda G‘.Do‘stovning qiyin ahvolga tushib qolgan oilasidan mahalla tuzilmalari va ijtimoiy himoyaga mas’ul organlar xabar olishlarini iltimos qilaman.
Odamlar ham qarab turmayapti. Faollar “Ezgulik” jamiyati rahbari, ijtimoiy faol inson Abdurahmon Tashanov kartasiga pul yig‘ishmoqda”, – deb yozdi jamoat faoli va bloger Shahnoza Soatova.
“Shu akani 15 sutkaga qamash bilan qani endi O‘zbekiston gaz importchisidan yana gaz eksportchisiga aylanib qolsa, O‘zbekistonning energetika muammolari barham topsa. O‘zbekistonliklar energetika muammolarini, umuman, muammolarni gapirmagani bilan muammolar yo‘q bo‘lib qolmaydi-ku. Hozirgi O‘zbekiston avvalgisidan sal bo‘lsa-da yaxshiroq bo‘lsa, aynan shu jihati – muammolar aytilgani va keyin ularga yechimlar topilgani bilan yaxshiroq bo‘lmaganmidi axir?” – deb yozdi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.
“Biroq jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudining ushbu qaroridagi mana bu jihatlarga tanqidiy to‘xtalmasdan ilojimiz yo‘q.
Birinchidan, qarorning voqea tafsilotini bayon qiluvchi qismida go‘yoki huquqbuzarlik sodir etilgan, deb iddao qilingan vaqt aniq ko‘rsatilmagan. Vaholanki, vaqt deyilganda yil, oy, kun va soatlar tushuniladi.
Ikkinchidan, voqea tafsilotida go‘yoki, u shoxobcha xodimlarini turli so‘zlar bilan haqoratlaganligi iddao qilingan, lekin aynan qanday so‘zlar bilan haqoratlaganligi, u so‘zlar haqorat sanalishi yoki sanalmasligi mavhumligicha qolib ketgan.
Vaholanki, mayda bezorilik deb atalmish huquqbuzarlikning yagona belgisi bu, jamoat joyida sodir etilishining o‘zigina emas.
Agar shaxs muayyan shaxs(lar)ga qarata haqorat qilgan bo‘lsa, haqoratlangan shaxs(lar)ning shaxsini aniqlash va shaxsga qaratilgan qilmish, deb baholanishi kerak bo‘lib qoladi.
Uchinchidan, MjtKning 294-moddasidan kelib chiqsak, G‘.Do‘stovning ushbu vaziyatdagi protsessual huquqiy maqomi “ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs” deb yuritilishi kerak bo‘lgani holda, hali qaror chiqarilmasdan oldin uni “huquqbuzar” deb atab qo‘yilgan.
To‘rtinchidan, qarorda G‘.Do‘stovga jazo tayinlashda aybiga iqrorligini go‘yoki inobatga olganligini ko‘rsatib, amalda esa, modda sanksiyasi doirasidagi maksimal jazoni tayinlabdi. Kechirasiz-u, biz aybiga iqrorlikni jazoni og‘irlashtirishga emas, balki yengillashtirishga xizmat qiluvchi holatlardan biri deb, bilar edik.
Shu joyida sudning so‘zi bilan amali bir biriga muvofiq kelmabdi.
Beshinchidan va hammasidan ham kulgilisi, sud jazo tayinlashda huquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasini ham inobatga olib qo‘yibdi. Ajabo! Ma’muriy huquqbuzarlikda ijtimoiy xavflilik belgisi ham bo‘lar ekan-da?!
Hurmatli sudya xonim!
Jinoyatni ma’muriy huquqbuzarlikdan ajratib turuvchi yagona belgisi bu, aynan ijtimoiy xavfliligi emasmidi?” – deya jazo tayinlagan sudyaga e’tirozlarini bayon qilgan advokat Abdumalik Abdullayev.
“Bu bolaning qamalishi aniq edi. Chunki oldimizda hali sovuq kunlar bor. Ijtimoiy ahvolimizga ko‘zgu tutadigan bunaqa qahramonlarning ko‘zi qo‘rqitib qo‘yilmasa, safi kengayib ketishi mumkin. Shuning uchun darrov uning shaxsi tekshirilib, biron narsa topiladi. Masalan, birinchi xotini bilan ajrashgan, ikkita bolasiga aliment bermay yuribdi. Tappa-tayyor jinoyat! Gazni tanqid qilib chiqmaganda bu jinoyat bilan hech kimning ishi yo‘q edi.
Xullas, o‘rtoqlar, muammoni bu usul bilan bartaraf qilib bo‘lmaydi. Undan ko‘ra, birgalashib yechim izlagan ma’qul. Ishoning, bunaqa yirtiq krasovkalar ko‘payib boryapti. Buning hammasini qamashning iloji yo‘q!” – deb yozdi shoir Alisher Nazar.
“Habikatura” kanali muallifi Habibullo Mo‘ydinov kirakash yigitning qamalishiga atab ushbu karikatura chizdi.
“G‘ayrat Do‘stovga kafolat berib olib chiqilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Tuman, shahar kengashi deputatlari bor. Mahalla bor. Uyida qaramog‘ida bola-chaqasi ko‘z tikib o‘tirgandir. Davlatning Kuch proporsiyasi bor, Mehr proporsiyasi ham. O‘z kuchiga ishongan davlat mehriniyam ayamaydi”, – deya yechim taklif qildi iqtisodchi Otabek Bakirov.
“Bektemir sudi tomonidan 15 sutkaga qamalgan G‘ayrat Do‘stov so‘roq uchun 27 dekabr kuni Toshkent shahar IIBBga olib ketilgan.
Bugun uning advokati Adham aka bilan Panelniydagi saqlov izolyatoriga bordik. Navbatchining aytishicha, u Toshkent shahar IIBBda saqlanmoqda.
Ayni paytda Toshkent shahar IIBBning navbatchilik qismi dam olish kuni bo‘lgani bois u bilan uchrashuvimizga ruxsat berishmadi.
Sud tomonidan belgilangan jazoni o‘tayotgan shaxsni nega so‘roqqa olib ketishgani va u yerda ushlab turishgani sababini tushuntirishmadi.
Hozircha 3 nafar ko‘ngilli advokatda uni himoya qilishga order bor. Ko‘ngillilar soni ortmoqda”, – deya hibsdagi haydovchi haqidagi so‘nggi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter