O‘zbekistonda ov qilish 3 yildan ko‘proq muddatga taqiqlanishi mumkin
Prezidentning «O‘zbekiston–2030 strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihada 2025-yilda o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ko‘paytirish va ularni keyingi avlodga yetkazish borasida bir qator ishlar amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash uchun tasdiqlangan kvotalar hamda o‘simlik dunyosi ob’yektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalarni elektron auksion orqali berish joriy etiladi.
Bunda:
- kvotalar Fanlar akademiyasi tomonidan har yili aniqlanadigan o‘simlik zaxirasi asosida shakllantiriladi;
- kvota va ruxsatnomalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlanib, auksionga chiqariladi.
Shuningdek, hayvonot dunyosi yo‘qotishlarining o‘rnini qoplash maqsadida 2025-yil 1-sentyabrdan 2028-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida ov qilishga moratoriy (cheklov) joriy qilinadi.
Bunda:
- moratoriy fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xo‘jaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtiriladigan yovvoyi hayvonlarni ovlash hamda sanitar maqsadlarda ov qilishga tatbiq etilmaydi;
- ovchilarga muqobil mashg‘ulot sifatida hududlarda o‘q otish sportiga ixtisoslashtirilgan maxsus poligonlarda xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;
- shaharlardagi tabiiy suv havzalari ixtiofaunasining populyasiyasini qayta tiklash maqsadida respublikaning markaziy shaharlaridan oqib o‘tuvchi daryo va soylarda 2025-yildan boshlab, har yili 15 tonnadan kam bo‘lmagan chavoqlantirish ishlari amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter