Varaqsiz daftardagi salmoqli bitiklar...

Mamatqul Hazratqulov (o‘rtada) O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov (o‘ngda) va davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov (chapda) bilan.
Taniqli jurnalist va mohir yozuvchi, serqirra ijodkor Mamatqul Hazratqulovning qutlug‘ 78 yoshi ostonasida «Oltin meros press» nashriyotida «Varaqsiz daftar» kitobi nashrdan chiqdi.
Taqdir taqozosi bilan 2004-2006 yillarda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)da ishlash nasib etdi. O‘sha vaqtda agentlikning respublika axboroti tahririyatiga iste’dodli jurnalist, keyinchalik, «Postda» gazetasiga bosh muharrirlik qilgan Norali Ochilov rahbarlik qilar edi. Men o‘sha paytda «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyotida ishlardim. Kamtarin, hokisor va mohir tahrirchi Norali aka bilan «Vatan», «Hurriyat» gazetalariga maqolalar yozib turgan talabalik davrimdan yaxshi tanish edim.
U kishi O‘zAda o‘zi mas’ul bo‘lgan tahririyatni kuchaytirayotganini, albatta, agar direktor rozi bo‘lsa, sharhlovchilik lavozimiga ishga o‘tishimni taklif etdi. Tartib-qoidaga ko‘ra, sinov muddatidan keyin bu ishga chuqur sho‘ng‘ib ketdim. Har kuni bitta, ba’zi kunlari ikkita xabar uzatar edim. Shunda belgilangan «oylik ijodiy reja»ni bajaribgina qolmay, yaxshigina qalam haqi ham olar edim.
Ochig‘ini aytaman, qayerga bormay, qaysi tadbirni yoritishga chog‘lanmay, o‘sha tashkilotlar rahbarlari Bosh direktorimiz Mamatqul Hazratqulovni ko‘pdan buyon yaxshi tanishini, unga salom aytib qo‘yishimni iltimos qilishar, biz kabi sharhlovchilar vazir maqomidagi Bosh direktorni juda kam, unda ham oyda bir o‘tadigan majlislarda ko‘rardik. Shu sababdan agar salom aytmoqchi bo‘lishsa, qabulxonasiga telefon qilishlari mumkinligini aytardim.
Ularning aksariyati qo‘ng‘iroq qilishgan bo‘lishsa kerakki, bir kuni Bosh muharrir Norali Ochilov «Iltimos, borayotgan joylaringizda boshliqqa telefon qildirmang, direktor xafa bo‘layapti. Menga hech kim telefon qilmasa ham bilib-bilib tadbirlarni yoritaveramiz, deyaptilar», deb qoldi. Juda noqulay ahvolga tushdim va bu menga katta saboq bo‘ldi. Shu-shu «Kimki Hazratqulovni taniyman, bir gaplashib qo‘yaylik», desa «Mayli, ko‘rganimda albatta salomingizni aytaman, sizga telefon qiladilar», deb qo‘yadigan bo‘ldim.
2005 yilda Bosh direktor yordamchisi Farhod Usmonov ilmiy ish qilish uchun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘tib ketdi. Bu lavozimga Mamatqul aka meni tayinladi. Bir yarim yil Bosh direktor yordamchisi bo‘lib, u kishidan juda katta hayot saboqlarini oldim.
«O‘zbekiston madaniyati» – «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi tahririyatida mas’ul kotib, Prezident devonida konsultant, bosh konsultant (1991-93), O‘zA Bosh direktori (1993-98, 2001-2017), «O‘zbekkino» kompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari (1998-2001) bo‘lib ishlagan tajribali va mehnatkash rahbardan ko‘p narsa o‘rgandim va qator fazilatlariga guvoh bo‘ldim.
Birinchidan, har bir kichik xabar uchun ham javob beriladigan o‘sha davrlarda M.Hazratqulov asosiy diqqat-e’tiborni O‘zA kanali orqali uzatilayotgan materiallarning sifati va mazmuniga qaratar edi. So‘zning mohir zargari, rasmiy ifoda uslubini mukammal o‘zlashtirgan salohiyatli muharrir sifatida o‘z ishiga katta mehr va ixlos bilan qarardi.
Son-sanoqsiz tashkilotlaru katta-kichik amaldor-to‘ralarning hukumat («vertushka») telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berish mas’uliyatini menga topshirgan, kundalik asosiy ishim aytarli shu ishlarni muvofiqlashtirishdan iborat edi. O‘zlari eng katta rahbarlar bilan «PG» deb yozilgan gerbli sariq telefon orqali gaplashar, davlat ahamiyatiga molik muhim topshiriqlar o‘sha yerdan olinardi.
Mamatqul aka siyosiy jihatdan yetuk rahbar, muloqotlarda chin diplomat. Xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari va xorijiy axborot agentliklari rahbarlarini qabul qilayotganlarida menga bir chetda o‘tirib, suhbat mazmunini batafsil bayonnomaga tushirishni topshirar, tadbirdan so‘ng o‘zlari uni to‘ldirib-boyitib, bir nusxasini alohida yig‘ma jildda saqlashni, ikkinchi nusxasini Tashqi ishlar vazirligining Davlat protokoli xizmatiga yuborishni tayinlar edi. Bu amaliyot keyinchalik «tig‘iz holatlarda» ko‘p bora qo‘l kelgan...
Nihoyatda pokdamon, birovning haqidan hazar qiladigan rahbar bo‘lgani bois qandaydir qing‘irliklar haqida bilib qolsa yoki biron xodim ishonchini suiste’mol qilsa, qattiq jazo berardi.
Mamatqul aka uzoq yillardan buyon davlatning katta bir tashkilotini boshqarayotganiga qaramay, ko‘p qavatli uyda turardi. 2006 yilda, oltmish yosh ostonasida yashab turgan xonadonini sotib, ustiga ming bir mashaqqat bilan «Xalq banki»dan 40 million so‘m kreditni qo‘shib, hovli olganlari hamon esimda.
Ikkinchidan, ishni o‘rinbosarlar va bosh muharrirlar o‘rtasida teng taqsimlar, ular bilan ham vertikal, ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlardi. O‘zAda qat’iy intizom o‘rnatilgani tufayli jiddiy xatolar deyarli o‘tmas edi. O‘sha yillari rahbarliklarida O‘zAning xalqaro aloqalari izchil kengaytirildi. Har yili ko‘plab xodimlar chet ellarga xizmat safariga yuborildi. Dunyoning ko‘plab yetakchi axborot agentliklari, jumladan, Malayziyaning «Bernama», Janubiy Koreyaning «Yunxap», Misrning «Al-axbor», Rossiyaning «ITAR-TASS», Turkmanistonning «Davlat axborot agentligi», Turkiyaning «Anadolu» agentligi bilan hamkorlik o‘rnatildi. O‘zA veb-sayti orqali ilk bor sakkiz tilda (o‘zbek – lotin va kirillda, rus, ingliz, fransuz, ispan, arab, xitoy, nemis tillarida) xabar uzatish yo‘lga qo‘yildi.
O‘ta talabchan va prinsipialligi sababli agentlikka ishga qabul qilinayotgan kadrlarga yuqori talab qo‘yar, ularning malaka-tajribasiga alohida e’tibor qaratardi. O‘zA «ijod qozoni»da obdon pishgan va mehri tushgan hech bir xodimni «qo‘yib yuborish»ni xushlamas, har bir mutaxassis uchun astoydil kurashar, yosh kadrlar endi tajribasi va mahorati oshib, qo‘lidan ish keladigan bo‘lib qolganida boshqa tashkilotga «olib ketishlariga» toqat qilolmasdi.
Lekin ayrim istisnolar bo‘lardi: xodim agar yuqoriroq lavozimga taklif etilsa yoki kamida Bosh muharrir bo‘lgandagina oq fotiha berilardi. Agentlikda ishlaydigan har bir xodimni, lavozimidan qat’i nazar, dadil himoya qilar, hech kimdan yordamini ayamas edi.
Murtazo Qarshiboyev, Qulman Ochilov, Tohir Doliyev, O‘ktam Mirzayor, Shuhrat Umirov, Anna Ivanova, G‘ulom Mirzo, Jumanazar Meliqulov, Norali Ochilov, Amirqul Karimov, Sadriddin Suyarov, Xolmurod Salimov, Anvar Boboyev, Behzod Norboyev, Farhod Arziyev, Ozod Rajabov, Vohid Luqmon, Bobur Sobirov, Rustam Jabborov, Abubakr O‘rozov, Olim To‘raqulov, Bekzod Hidoyatov, Anvar Samadov, Husniddin Berdiyev va boshqa ko‘plab xodimlar Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, turli vazirlik va idoralarda mas’ul lavozimlarda, telekanallar, gazeta va jurnallar bosh muharrirlari bo‘lib ishlashida, hech shubhasiz, ustozning xizmatlari katta.
Uchinchidan, Mamatqul aka qayerda, qaysi lavozimda ishlamasin, avvalo, qalban-vujudan yozuvchi edi. Ochig‘ini aytganda, qabuliga kelgan uncha-buncha odamni qabul qilavermasdi. Suhbatni ham ko‘p cho‘zmasdan, asosiy masalani gaplashib, tezda chiqarib yuborar edi. Chunki qimmatli vaqtini laqqillab o‘tkazishni yoqtirmasdi. Aniqlik va qisqalikka odatlangan. Qolaversa, majlisvozliklarni ham unchalik xush ko‘rmas, boshi va oxiri ko‘rinmaydigan mashvaratlardan ko‘pincha kayfiyati tushib,qoramag‘iz yuzi anorrang qizarib, anchayin ezgin holatda qaytganiga ko‘p guvoh bo‘lganman.
Lekin qabuliga biron iste’dodli yozuvchi yoki shoir, san’atkor yoki olim kelib qolsa, albatta hamma ishini ham chetga surib, bundan bahri dili ochilar, samimiy muloqotdan keyin esa O‘zAning beshinchi qavatidagi uzun yo‘lakdan liftgacha o‘zlari iltifot bilan kuzatib qo‘yar edi.
Uzu kun davom etadigan ishning hajmi va bosimi yuqori bo‘lishiga qaramay, butun qalbi bilan adabiyotga oshiqar, har bir ijodiy ishini g‘oyat diqqat bilan, ko‘p vaqt xayolan pishirib, butun badiiy tafakkur salohiyatini ishga solib, qog‘ozga sho‘ng‘ir va to‘rt-besh kunda yozib tugallar edi. «Ko‘kko‘l», «Diydor», «Chiroq o‘chmagan kecha» kitoblari ana shunday tungi bedorliklar, qalb iztirobu tug‘yonlari, botiniy ehtiyojining go‘zal mahsullaridir.
Yangi kitobi tayyor bo‘lishi bilan tahrir va fikr nuqtai nazari bilan oshirar va albatta, jo‘yali mulohazalarni bolalarcha beg‘uborlik bilan tinglab, e’tiborga olar edi.
M.Hazratqulov garchi uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida davlat yumushlari bilan band bo‘lgan esa-da, sermahsul ijod qilgan yozuvchilardan biri, deya olaman. «Oqqush», «Yorug‘ kun», «Cho‘li iroq», «Hayotning bir parchasi», «Jur’at», «Quyosh men tomonda», «Qo‘zichoqning ko‘z yoshlari», «Intizor», «Eshiklar ochiq», «Ikki sohil», «Sevgi sozi», «Gladiolus», «Kitobim ichra sen borsan», «Qizil va yashil» kabi hikoya va qissalar to‘plamlari bularga misoldir.
U zabardast dramaturg ham. «Lev Tolstoy va o‘zbek adabiyoti» risolasi nashr etilgan. «Mehr ko‘p ko‘rgizdim...», «Mehmon», «Qadrim», «Haq so‘z», «Afandining yangi sarguzashtlari» pesalari mamlakatimizning turli teatrlarida sahna yuzini ko‘rdi. «Sayyora» baletining librettosi, «Ipaklari tillodan», «Non» kabi hujjatli filmlari tomoshabinlarga nihoyatda manzur bo‘ldi.
M.Hazratqulov tarjimasida Ozarboyjon xalq yozuvchisi Anarning «Albatta uchrashamiz» nomli hikoyalar va qissalar to‘plami ilk bor o‘zbek tilida nashr etildi. Adib rus yozuvchilari Lev Tolstoy, Vasiliy Shukshin, yapon yozuvchisi Akutakava Ronoesku, ozarboyjon yozuvchilari Yusuf Samad o‘g‘li, Elchin, Ashraf Ibrohimov, tatar yozuvchisi Tofiq Aydi, tojik yozuvchisi Juma Odinayev, gruzin yozuvchisi Grigol Abashidzening qator asarlarini ona tilimizga tarjima qildi.
O‘quvchilar e’tiboriga taqdim etilayotgan yangi «Varaqsiz daftar» kitobi esa adibning avval hech qayerda qayd etilmagan, ammo bugun ommaga aytishni istagan yurak tubida saqlagan haqiqatlaridir.
Bu haqda muallifning o‘zi shunday deydi: «Ushbu kitob o‘zim bevosita ishtirok etgan, ko‘rgan voqealar haqida. Birovdan eshitgan gaplar, voqealar yo‘q. Ular oshirib, bo‘rttirib, hatto badiiy sayqal berib yozilmadi. Ba’zi o‘rinlarda muayyan sharhlar, mulohazalar bitildi, o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun izohlar berildi, xolos.
Kitobga «Varaqsiz daftar» deb nom berilgani – bu voqealar na yon daftarga, na diktofonga yozilgan. Hammasi varaqsiz daftarim – xotiramni «titkilab», «varaqlab» ulardan tanlab olingan va kitobxonlar e’tiboriga taqdim etish lozim, deb topilgan lavhalar. Mabodo, ayrim sana yoki raqamlarda xatolik uchrasa, aziz o‘quvchilardan uzr so‘rayman».
Asar muallifning hayoti va faoliyatiga muqoyasa qilinib, shartli ravishda beshta daftarga bo‘lingan. Erishgan yutuqlari, yuksalish zinapoyalaridagi diqqatga molik har bir detal inobatga olingan. Shu ma’noda mazkur kitobni muallifning maktab yillaridan tortib, salkam 60 yillik mehnat faoliyatiga nisbatan vijdon sarhisobi, deyish mumkin.
Maxsus montaj boshqarmasida oddiy ishchi bo‘lib ish boshlagan talaba ne-ne mashaqqatli mehnatlar, sarsonu sargardonliklarga, taqdir so‘qmoqlarida evrilishlarga uchrab, olijanob insonlar ko‘magi va ustozlar rag‘bati bilan vazir darajasiga ko‘tariladi, yigirmadan ortiq davlatni ko‘rgan jahongashta jurnalist, adib va arbobga aylanadi.
Muallif o‘zi bevosita ishtirok etgan qiziqarli voqealar, ko‘rgan-kechirganlari haqida, muhim qarorlar qabul qilishdagi murakkab holatlar to‘g‘risida ravon tilda hikoya qilar ekan, ularni bugungi dorilomon zamon bilan taqqoslaydi va shu kunlarga yetkazgani uchun shukrona qiladi.
Kitobda muallifning yaqin do‘stlari, hamkasblari, ustozlari, atoqli shoir va yozuvchilar, olimlar, san’at darg‘alari haqida hikoya qilingan va bularni adibning o‘sha ulug‘ insonlarga cheksiz ehtiromi ramzi-ifodasi deyish mumkin. Shu bilan birga, asar ijod bo‘stonida qimmatli tarixiy manba hamdir.
Mamatqul Hazratqulov jamiyatimizni qiynayotgan va surunkali tus olgan eng og‘riqli muammolar bo‘yicha o‘zining uzoq yillik kechinma-anglamlari va yuksak vijdon pozitsiyasidan kelib chiqib baho beradi, mantiqiy mushohadalarini jurnalistik kuzatishlaridan hosil bo‘lgan aniq takliflar bilan to‘ldirib bayon etadi.
Kitobdagi har bir lavhani o‘qir ekansiz, muallifning ijtimoiy illatlarga e’tirozi, hayotiy prinsiplariga zid ishlarga nisbatan o‘ziga xos «qarshilik harakati», o‘sha davrdagi byurokratik va nodemokratik boshqaruv tizimining yurakzada tartib-tamoyillariga raddiyasini voqeaviy manzaralar ostida teran sizdirib ketganini tushunasiz.
O‘rni kelganda eslatib o‘tish joiz. Mamatqul akaning davlat va jamiyat oldidagi xizmatlari munosib e’tirof etildi. 1983 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist faxriy unvoni (1988), «Mehnat shuhrati» (2011) va «Fidokorona xizmatlari uchun» (2017) ordenlari bilan taqdirlandi. 2021 yilda birinchi darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni berildi.
2023 yilda Boku shahrida o‘tgan turkiy davlatlar kitob va adabiyot ikkinchi festivalida xalqaro TURKSOY tashkilotining «Nizomiy Ganjaviy» medali topshirildi, «Eng ulug‘, eng aziz» respublika tanlovida «Kitobim ichra sen borsan» kitobi yilning eng yaxshi publitsistik kitobi nominatsiyasida birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.
2019 yildan «Guliston» jurnalining bosh muharriri bo‘lib ishlab kelayotgan Mamatqul aka hamon ijtimoiy faol, ijodiy zavq-shavqqa to‘lib mehnat qilmoqda. So‘zimiz yakunida, g‘ayrat-shijoatdan hech qachon charchamang, tolmang, doim sog‘ va omon bo‘ling, ustoz, deymiz.
Laziz RAHMATOV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter