Jarima ballari sabab «prava»sidan mahrum bo‘lgan haydovchi qayta imtihon topshiradi

Joriy yil 20-fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan qator kodekslarga, jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishga doir qonun qabul qilingan edi.
Mazkur o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga jarima balli tizimi joriy etilmoqda.
Unga ko‘ra, qoidabuzarlik uchun asosiy jazodan tashqari, haydovchilarga jarima ballari ham beriladi. O‘z navbatida, bitta qoidabuzarlik uchun maksimal ball soni ikkitadan oshmasligi belgilandi.
Jarima ballari birinchi qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir yil davomida to‘planadi. Agar haydovchi bir yil ichida 12 dan ortiq ball to‘plasa, u avtomatik ravishda haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘ladi. Cheklov muddati 6 oydan kam bo‘lishi mumkin emas.
«Gazeta.uz»ning O‘zbekiston IIV YHXXga tayanib xabar berishicha, haydovchilik huquqini to‘xtatib turish muddati tugagandan so‘ng, uni faqat yo‘l harakati qoidalari imtihonini muvaffaqiyatli topshirgandan keyingina qayta olish mumkin bo‘ladi.
Ya’ni, huquqbuzarlar yana mashina boshqarishga ruxsat olishdan oldin o‘z malakasini isbotlashi kerak bo‘ladi.
Bu va boshqa o‘zgartirishlar Vazirlar mahkamasining bir oy muddatda ishlab chiqilishi va qabul qilinishi ko‘zda tutilgan qaroriga kiritilishi rejalashtirilgan. Unda jarima ballarini hisoblash tartibi va miqdori belgilanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter