«Vaqf» fondi rahbariga «ish» ochilgan, biroq bu fond bilan aloqador emas

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyatiga oid tarqatilayotgan yolg‘on ma’lumotlarga munosabat bildirar ekan, idora «Vaqf» xayriya jamoat fondi rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, biroq bu uning mazkur vazifaga kirishishdan oldingi faoliyati bilan bog‘liq ekanini bildirdi.
Qayd etilishicha, olib borilgan tergov jarayonlarida Fond mablag‘larini noo‘rin sarflash va o‘zlashtirish holatlari o‘z tasdig‘ini topmagan.
«Fond o‘z faoliyatini qonunchilik hujjatlari va Vasiylik kengashi qarorlari asosida olib boradi. Mazkur Kengash Fond faoliyatining dinimiz talablari va qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini muntazam nazorat qilib boradi», – deyiladi O‘MI xabarida.
Idora, shuningdek, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlarning birida umra ziyoratchilari uchun nimcha va sumka bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov haqida ham asoslanmagan ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tgan. Ta’kidlanishicha, mamlakatda haj va umra safarini tashkil etish ishlari Hukumatning 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli qaror asosida amalga oshiriladi. Ushbu qarorga ilova qilingan Nizomning 17-bandida ziyoratchilar uchun kiyim-kechak va sumka tayyorlab beruvchi tashkilotlarni tanlash uchun alohida tender (tanlov) o‘tkazish va tender (tanlov) xulosalarini Jamoatchilik kengashiga kiritish va Jamoatchilik kengashi qaroriga asosan tender (tanlov)da g‘olib chiqqan tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish belgilangan.
«Har yili nimcha (kamzul) va sumka tayyorlab berish bo‘yicha alohida ochiq tanlov o‘tkaziladi va bu haqda OAVda e’lonlar beriladi. Unda firmalar tomonidan taqdim etilgan bir qator hujjatlar bilan birga nimcha (kamzul) va sumka namunalari sifati va narxi mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, ularning yakuniy xulosasi Jamoatchilik kengashiga kiritiladi», – deyiladi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi munosabatida.
Idoraning qo‘shimcha qilishicha, 2024-yilning 1-12 noyabr kunlari Adliya vazirligi mutaxassislari, soliq idoralari xodimlari tomonidan Diniy idorada qonunchilik hujjatlari bajarilishi va moliyaviy faoliyatlarning qonuniyligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganishlar yakuni bo‘yicha Adliya vazirligining 2024-yil 18-noyabr kunidagi 21/5-978/9-sonli taqdimnomasida Diniy idorada moliyaviy kamomad va noqonuniy xatti-harakatlar mavjud emasligi qayd etilgan. Bundan tashqari, Taftish komissiyasi O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021-2024 yillardagi moliyaviy faoliyatini batafsil tekshirib, mazkur jarayonlar amaldagi qonunchilikka muvofiq ekani to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’atiga hisobot bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter