Adolat kurashi a’moliga aylangan jurnalist

Shu kunlarda «Oltin meros press» nashriyotida O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalarining a’zosi, «Yoniq yulduzlar», «Birodarlik hashari», «Haqiqat», «Hayot bilan uchrashuv», «Taqdir taqozosi» nomli publitsistik va badiiy kitoblar hamda «Jurnalist» (roman-esse) muallifi, taniqli huquqshunos-jurnalist, yarim asr jurnalistika sohasida katta haqiqatlarni aytishdan tolmagan, inson huquqlari himoyasiga butun umrini sarflagan Habibulla Olimjonovning «Advokat» roman-essesi chop etildi.
Uni o‘qish asnosida shuurimni g‘alati, ayqash-uyqash tuyg‘ular, o‘y-xayollar qamrab oldi. Asar «roman» deb atalgani bilan bir qarashda bu janrga xos, biz o‘rgangan badiiyatdan xoli, «hujjatli» deb atash lozim bo‘lsa, boshqa tomondan, bu maqomdan ancha yuqoriroq, allaqanday yangi xususiyatlari, go‘zal badiiy to‘qimalar ro‘y-rost bo‘y ko‘rsatadi.
Aniq anglab turganim shuki, mutoalaa jarayonida oddiy kitobxonning huquqiy bilimlari ortadi, turli yuridik tushunchalar (Muzokara nutqi, Himoya nutqi, Ayblov xulosasi, Oqlov hukmi, Shikoyat-ariza, Xususiy ajrim, Hal qiluv qarori) borasidagi qarashlari kengaydi. Bu o‘ziga xos bilim huquqqa oid darslik yo maqolalardan emas, yaqin tariximizning turli davrlarida aynan sud zallaridan olingan haqiqatlar ekanligi e’tiborga molik. Ha, sud majlislaridagi hayot manzaralarini, qashqirlar to‘dalari doim tez birikishini, haqiqat uchun kurashgan yuraklar uchun bunday qismat qanchalar og‘irligini tushunish qiyin emas.
Sudlanuvchi, sudya, prokuror va advokatning savol-javoblari, guvohlarning ko‘rgazmalari, muzokara nutqlari – bular bari badiiy libosda, ijtimoiy yukdor va samimiy shaklda ifoda etilgani sizni asarni zerikmay, qiziqish bilan o‘qishga undaydi. Beixtiyor aynan muallif bilan birga adolat, haqiqat tantanasini, qonun ustuvor chiqishini kutayotgan, kurashayotgan qahramon-advokat holatiga tushasiz, uning ichki kechinmalari dunyosiga sizib kirasiz.
Jiddiy, lekin beg‘ubor advokat Odil Haqqulov tolmas himoyachi sifatida ishtirok etgan jinoyat va fuqarolik ishlarining asosiy qismi asrimizning dastlabki 15 yilini qamraydi. Va bu ishlarda ketma-ket adolatsizlik va noqonuniylik tantana qilaverganidan dilingiz xufton bo‘ladi. Konstitutsiyada mustaqil deb yozilgan sudyalar o‘sha davrlarda prokuror nomini eshitsa, tizzasi qaltiragan, advokatning o‘rni deyarli sezilmaganini inkor qilib bo‘lmas haqiqat ekanini tushunasiz.
Muallif davrning eng og‘riqli nuqtalariga to‘xtalib, qaysi bir jinoyat ishining tagi bo‘sh, poydevori liqildoq bo‘lsa, uni «mustahkamlab» qo‘yish uchun hukm kuchga kirgandan keyin maqola chiqarib qo‘yiladi, deya kinoya qilar ekan, o‘zi advokat sifatida ishini ko‘rgan sud jarayonidan keyin vijdoni shunday og‘rinadi: «Mustaqillik yigirma yoshga yaqinlashayotgan bir vaqtda «falonchiga ikki yil oldin o‘qishga kiritish uchun ming dollar bergandim» o‘qishga kiritmadi, pulimni ham qaytarib bermayapti» degan ko‘rgazma bilan ham qamataverish «moda»ga kirib qoldi. Bu esa nihoyatda qo‘rqinchli va jamiyat uchun xavfli hodisa edi».
Asarning yakuniy qismida advokat Yangi O‘zbekiston davrida «yutib» chiqqan jinoyat, fuqarolik ishlari aynan hayotning o‘zida ro‘y berayotgan erkinliklar shabadasi deb baholaydi va asrga cho‘zilgan haqsizlik zanjirlari oddiy insonlar manfaatlarida ifodasini topayotganidan bolalarcha quvonadi.
Mustaqillikning dastlablik 25 yilida sudlar tomonidan atigi 5 ta oqlov hukmi chiqqan bo‘lsa, o‘tgan 5 yilda 3 mingdan ortiq oqlov hukmlari chiqqanini katta xursandchilik bilan e’tirof etadi.
Birgina misol, advokat Odil Haqqulov ilgari noqonuniy hukm o‘qilgan va o‘n ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgan prokuratura tergovchisiga o‘qilgan hukmni Bosh prokuraturaga murojaatlar va Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat-arizalar orqali nihoyat bekor qilinishiga va yangitdan Apellyasiya bosqichida ko‘rilib, Oqlov hukmi chiqarilishiga erisha olgani ana shu erkinlik boshlanganining yorqin dadili bo‘lganini ta’kidlaydi.
Asarning samimiyligi, nazarimda, muallifning mavzuni chuqur, ich-ichidan bilishiga, nozik his qilishiga borib taqaladi: jurnalist Habibulla Olimjonov salkam o‘ttiz yil davrda «Jurnalist surishtiruvi» rukni ostida ko‘p va xo‘b maqolalar yozib, bu yo‘nalishda ixtisoslashgan mukammal jurnalistga, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z maktabiga ega bo‘lgan ustozga ham aylandi.
H. Olimjonovni o‘z davrida bir maqola bilan nafaqat bir shaxs yoki oila, balki butun jamiyat taqdiriga ta’sir eta olgan zalvorli qalamkash – jurnalist-advokat deyish mumkin. Ayrim maqolalarida tilga olingan jinoyat ishlari sudlarda qayta ko‘rilib, noqonuniy sudlangan shaxs qamoqdan ozod qilingan, musodara qilingan mol-mulklar egasiga qaytarilgan holatlar ham ko‘p uchraydi.
Advokat adolat va haqiqat yo‘lida hech qachon qo‘rqoqlik qilmaydi, haqiqatni toptash, begunohga tuhmat qilish va bu yo‘lda buyurtma ish bajarganlarga sher kabi nara tortib tashlanadi.
Masalan, ayrim o‘ta jumboqli, qonunning o‘zi g‘ayriqonuniy bo‘lib turgan joylarda, deylik hatto o‘ziga chet el valyutasi kerak bo‘lgan chog‘da, biror bankdan ishi bitmay, butun jamiyat oldiga o‘tkir savol qo‘yadi: «Valyutafurushlik! Davrning alohida bir dostonga, balki tom-tom kitoblarga masalliq bergulik «dolzarb mavzu», kerak bo‘lsa – davr jarohati! Odil boshi qotdi, alam qildi: qancha-qancha odamlarga qonun ustuvorligini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yordam bergan odam, nahotki o‘ziga kelganda shu masalada yordam bera olmasa? Ha, sababi – bu noqonuniy yo‘l, qonunga, ya’ni bugun mamlakatda hukm surayotgan, amalda bo‘lgan tartib-qoidaga qarshi yurish kerak. Aslida esa bu tartib-qoidalarning o‘zi noqonuniy, adolatsiz. Lekin, bor haqiqat shu-da, nima qilsin!»
Albatta bunday xalqni ham, davlatni ham ortga tortgan iqtisodiy qiyinchiliklar Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan ilk kunlardanoq bartaraf etildi, sud hokimiyati to‘liq mustaqil bo‘ldi, advokatlar erkinligi ta’minlanmoqda, jurnalistlar ham umrida bir marotaba maqola yozmagan, lekin butun tizimni nazoratda ushlashga zo‘r berib uringan senzuraning darg‘azab qosh-qovog‘idan qutilgan.
Muallif o‘zining avvalroq chop etilgan «Jurnalist» roman-essesida O‘zbekistonning so‘nggi yarim asrlik tarixini jurnalist nigohi orqali badiiy bo‘yoqlarda aks ettirgan va ijodiy hamjamiyatda katta aks-sado bergan edi. «Advokat» asarida esa sud hokimiyatining faoliyati, sud-huquq islohotlarining kechagi va bugungi qiyofalari, bugungi yorug‘lik manzaralarini nozik mahorat va publitsistik shiddat bilan chizib bergan. Islohotlarning bugungi manzaralari ortiqcha jimjima va balandparvoz so‘zlarsiz, aniq jinoyat va fuqarolik ishlari tasvirida, sudlanuvchilarning taqdirlari orqali chizib berilgan.
Shuningdek, kitobdan o‘rin olgan muallifning 1991-2024 yillar oralig‘ida chop etilgan o‘nta eng sara maqolalari jamlangan. Ulardagi talqinlar, puxta tahrir va so‘zning mohirlik bilan qo‘llash, muammolarni davlat darajasida qo‘ya olish san’ati «Toshkent haqiqati», «Xalq so‘zi» gazetalari tahririyatlari, Davlat Bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida mas’ul lavozimlarda, «Vatan» gazetasi Bosh muharriri bo‘lib ishlagan muallifning juda katta hayotiy va so‘z borasida tajribaga egaligi yaqqol ko‘rinadi.
«Paxta ishi», «O‘zbeklar ishi» nomi ostidagi birov payqab, birov payqamagan qatag‘onlar, yana o‘sha sud-huquq sohasi og‘riqlari-yu so‘nggi davrdagi yorug‘liklar, aniq shaxslar faoliyatiga bag‘ishlangan – sermulohaza maqolalar kitobxonni befarq qoldirmaydi, deb ishonaman. Muhimi, bu – yaqin tariximiz. Badiiy-publitsistik bo‘yoqlarda o‘qishli qilib aks ettirilgan O‘zbekiston tarixi, O‘zbeklar tarixi!
Lazizjon Rahmatov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter