Panama prezidenti Tramp ustidan BMTga arz qilmoqchi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Panama kanali masalasida bosim o‘tkazishni to‘xtatmasa, Panama prezidenti Xose Raul Mulino BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilmoqchi.
Politico gazetasi yozishicha, o‘tgan chorshanba kuni Panamaning amaldagi rahbari mamlakatning sobiq prezidenti Ernesto Peres Balyadares bilan suhbatlashib, Tramp tahdidini to‘xtatmasa BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilishi mumkinligini aytgan. Mulino vaziyatning qay tarzda rivojlanishini baholash uchun Trampning inauguratsiyasini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, hali rasman lavozimiga qaytmasidan turib, Tramp qator kutilmagan bayonotlar berdi: Kanadani 51-shtatga aylantirish, Daniyaga qarashli Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish, Meksika ko‘rfazini «Amerika ko‘rfazi» deya qayta nomlash kabilar. Tramp Atlantika va Tinch okeanlarini bog‘lovchi muhim suv yo‘li — Panama kanaliga ham ko‘z olaytirmoqda.
Mamlakat iqtisodiyoti va milliy xavfsizligida muhim rol o‘ynovchi Panama kanali AQSh uchun «hayotiy muhim», degan Tramp o‘z bayonotida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter