Tramp Rossiya va AQSh muzokaralariga baho berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Er-Riyodda Rossiya va Amerika delegatsiyalari o‘rtasida o‘tgan muzokaralarni yuqori baholadi.
Jurnalistlar savollariga javoban Tramp ushbu uchrashuvdan so‘ng Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuvga erishish mumkinligiga «ancha ishonch hosil qilganini» ta’kidladi. Uning fikricha, Rossiya tomoni «nimadir qilishni va zo‘ravonlikni to‘xtatishni xohlamoqda».
«Biz buni tugatmoqchimiz. Bu bema’ni urush», — dedi Tramp va urush uning prezidentligi davrida boshlanmaganini yana bir bor ta’kidladi. Uning fikricha, harbiy nizoni bir necha yil avval hech qanday hududiy yo‘qotishlarsiz hal qilish mumkin edi.
Shu bilan birga, Tramp Ukraina muzokaralarga taklif qilinmaganidan ranjiganini bildirdi.
Prezident Vladimir Zelenskiy bu uchrashuv natijalarini Ukraina tan olmasligini, shuningdek, G‘arb davlatlarini Kiyev ishtirokisiz muzokaralar o‘tkazmaslikka chaqirdi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari esa «Ukraina va YeI ishtirokisiz uzoq muddatli tinchlik bo‘lishi mumkin emas», deb ta’kidlamoqda.
Tramp esa: «Ularning [Украинанинг] muzokara stoliga o‘tirishi uchun uch yili bor edi», — dedi.
Saudiya Arabistonidagi muzokaralar 18 fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Rossiya delegatsiyasi tarkibida prezident yordamchisi Yuriy Ushakov, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Rossiya investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev bor edi. AQSh tomonidan muzokaralarda davlat kotibi Marko Rubio, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uols va prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etdi.
Moskva va Vashington yuqori darajada ishchi guruhlar tuzish, urganish jarayonini boshlash va «o‘zaro geosiyosiy manfaatlar» hamda «janglar tugagandan keyin paydo bo‘ladigan iqtisodiy va investitsiya imkoniyatlari» bo‘yicha hamkorlik asoslarini shakllantirishga kelishib oldi, deb xabar berdi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus.
Oq uyda ushbu uchrashuv «tinchlik sari ulkan qadam» deb baholandi. Rossiya tomoni ham uni ijobiy baholadi.
«Muzokaralar juda foydali bo‘ldi. Biz faqat eshitmadik, balki bir-birimizni tushundik ham», — dedi TIV rahbari Sergey Lavrov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter