Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Mirziyoyev Samarqandda o‘tayotgan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi

Prezident Mirziyoyev Samarqandda o‘tayotgan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishi uchun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish istiqbollari: xalqaro va milliy tajriba» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.

Davlat rahbari o‘z murojaati avvalida anjuman ishtirokchilariga, xususan, ushbu nufuzli forumni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlagani va shaxsan ishtiroki uchun Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bosh direktori Rafael Grossiga minnatdorlik bildirdi.

«Mazkur anjumanning azaldan Sharq va G‘arbni bog‘lab kelgan, bugungi kunda xalqaro hamkorlik borasidagi eng dolzarb masalalar bo‘yicha global miqyosda samarali muloqot markaziga aylanib borayotgan qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazilayotgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi», – deydi Mirziyoyev.

Murojaatda, shuningdek, iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’siri va an’anaviy energiya manbalari taqchilligi yaqqol sezilayotgan hozirgi sharoitda tinch atom hayot sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini amalga oshirishda muhim muqobil yechim hisoblanishi ta’kidlanadi.

«Shu ma’noda, o‘tgan yili Dubay shahrida o‘tkazilgan KOP28 Iqlim sammitida ko‘plab mamlakatlar yetakchilarining atrof-muhitga uglevodorod energetikasi manbalari salbiy ta’sirini keskin kamaytirish maqsadida 2050 yilga qadar atom elektr energetikasi quvvatlarini uch barobarga oshirish bo‘yicha erishgan muhim kelishuvlari bejiz emas albatta.  

Mamlakatimizni ishonchli, xavfsiz, iqtisodiy samarador va ekologik toza energiya manbalari bilan ta’minlash – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida yetakchi o‘rin egallab kelmoqda.

Biz sohaning huquqiy-instutitsional asosini mustahkamlash uchun Milliy agentlik tashkil etdik, Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish haqidagi qonun, Atom energiyasini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli konsepsiya, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan strategiyani qabul qildik. Soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini joriy etdik.

Yurtimiz jahonda birinchilardan bo‘lib, xalqaro talab va standartlarga muvofiq, kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini barpo etishga kirishdi. Biz ushbu loyihalarni, bundan tashqari, sog‘liqni saqlash va qator ilmiy dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda XAEAni o‘zimiz uchun muhim sherik deb bilamiz», – deyiladi Murojaatnomada.

Shuningdek, Prezident konferensiya kun tartibiga sohadagi faoliyatni XAEA bilan muvofiqlashtirgan holda AESlar barpo etish, ularning xavfsizligini ta’minlash, yadro texnologiyalarini rivojlantirishning ekologik jihatlari kabi o‘ta dolzarb masalalar kiritilganini ta’kidlab, innovatsiyalar, yadroviy tibbiyot, sohada ta’limni rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilishiga umid bildirgan.

«O‘zbekiston barcha xorijiy hamkorlar bilan ushbu ustuvor yo‘nalishda yaqin hamkorlik qilishga doim tayyordir.

Barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda ulkan yutuqlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman», – deya yakunlangan davlat rahbarining murojaati.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring