Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga keladigan temir yo‘l qurilishi boshlandi

Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga keladigan temir yo‘l qurilishi boshlandi

Bugun, 27-dekabr kuni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yangi magistral temir yo‘li qurilishi boshlandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qurilishning start olishiga bag‘ishlab tashkil etilgan anjuman ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.

O‘zbekiston yetakchisi, avvalo, tadbir ishtirokqilarini yangi magistral temir yo‘li qurilishi boshlanishi bilan tabrikladi.

«Bundan yarim yil oldin mazkur strategik transmintaqaviy loyihani amalga oshirish bo‘yicha birinchi to‘laqonli bitim imzolangan edi. O‘tgan qisqa davrda texnik hujjatlarni tayyorlash ishlari yakunlandi. Bugun esa biz bevosita qurilish ishlariga start bermoqdamiz.

Bu do‘st mamlakatlarimiz salkam 30 yil davomida intilib kelgan tom ma’nodagi tarixiy voqeadir.

Sizlarning ishtirokingizda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yangi transport arteriyasi yaratilmoqda. U Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy bilan qisqa yer usti yo‘li orqali bog‘laydi, davlatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi», – dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, murojaatda yana bir muhim jihat – ushbu loyiha ko‘plab mamlakatlarni birlashtirib kelayotgan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi maqsadlarga to‘liq mos kelishi ta’kidlanadi.

Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan XXR raisi Si Szinpin va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga minnatdorlik izhor etadi.

«Yangi temir yo‘l qurilishi mamlakatlarimiz iqtisodiyoti va bepoyon mintaqamiz uchun katta samara berishini alohida qayd etishni istardim.

Infratuzilma sohasidagi ushbu yirik loyiha ilg‘or muhandislik, innovatsiya va raqamli yechimlar asosidagi keng kooperatsiyani, yuqori ekologik standartlarga amal qilishni nazarda tutadi.

Koshg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha 20 ta stansiya, 42 ta ko‘prik, 25 ta tonnel barpo etiladi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi, omborxona va terminallar quriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu magistral yo‘lning ishga tushirilishi mintaqaviy savdo va investitsiyalar hajmini bir necha barobar ko‘paytirish, transport xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, Markaziy Osiyoning ulkan tranzit salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Quyidagi muhim raqamlarga ham e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Ushbu yo‘l orqali yiliga 15 million tonna yuk tashiladi. Xitoydan Yevropa mamlakatlariga yuklarni yetkazib berish masofasi va muddati bir necha ming kilometr va deyarli bir haftaga qisqaradi. Yo‘lovchilarni muntazam tashishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Kelgusida ushbu temir yo‘l liniyasi Transafg‘on yo‘lagi bilan tutashib, Xitoy, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport-kommunikatsiya tarmoqlarini samarali birlashtirish va kuchaytirishga imkon yaratadi.

Bundan, hech shubhasiz, barcha mamlakatlar iqtisodiy foyda ko‘radi. Yuzlab yangi korxonalar va o‘n minglab ish o‘rinlari yaratiladi.

Albatta, mazkur loyiha Buyuk ipak yo‘lining qayta tiklanishiga, madaniy-gumanitar almashuvlar rivojiga, xalqlarimizning yanada yaqinlashuviga xizmat qiladi», – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Murojaatda, shuningdek, O‘zbekiston mavjud texnik va intellektual resurslarni to‘liq ishga solgan holda, bugun boshlanayotgan qurilishning barcha bosqichlarida faol ishtirok etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygani hamda ishtirokchi davlatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli ushbu temir yo‘l tarmog‘i tomonlarning mustahkam do‘stligi, sheriklik va taraqqiyotining timsoliga aylanishi ta’kidlangan.

Shavkat Mirziyoyev murojaati so‘nggida boshlanayotgan ulkan loyiha ishtirokchi davlatlar va mintaqaning umumiy kelajagi va ravnaqi uchun xizmat qilishini tilagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring