Noqonuniy ishdan bo‘shatilgan Gulzuhra bir yildan so‘ng o‘z o‘rniga tiklandi
Feysbukda, Gulzuhraning sahifasida shunday post paydo bo‘ldi: «Alhamdulillah, qaytdim ishga. Xalqni xizmatini qilib duolarini olish uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman. Shu paytgacha yonimda turgan barchaga rahmat. Robbimni panohida bo‘laylik. Sizlar uchun doim xizmatdaman. Hurmat bilan Gulzuhra Saydullayeva. Hududiy elektr korxonasi Samarqand filiali umumiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari».
Gulzuhra «Xabar.uz» o‘quvchilariga «Charchab ketdim, opa...» – Gulzuhra normal hayotga qachon qaytadi?» maqolasi orqali yaxshi tanish. Maqola o‘tgan yili noyabrning so‘nggi kunlarida e’lon qilingan edi.
Maqola sud materiallari asosida tayyorlangan. Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahri sudining hal qiluvchi qarorida da’vogarning ishdan nohaq ketkazilgani yetarlicha asoslab berilganiga qaramay Gulzuhra ishga tiklanishi cho‘zilayotgani mulohaza qilingandi. Gulzuhra 2023-yilning iyun oyida asoslanmagan ayblovlar bilan ishdan bo‘shatilgan bo‘lsa, sud qarori oktyabr oyida chiqqan.
Sud qaroridan:
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filialining 2023-yil 27-iyul kunidagi 97-sonli buyrug‘i bekor qilinsin.
Saydullayeva Gulzuhra Eshmatovna «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filiali direktorining umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga tiklansin...»
Dalil-isbotlarni rad qilish imkoni yo‘qligidan appelyasiya va kassatsiya tartibida ishni ko‘rish bo‘yicha ariza tushmagan.
Saydullayeva esa kuni kecha, 2024-yil, avgust oyining so‘nggi o‘n kunligida o‘z vazifasiga tiklandi.
Bir yildan ortiqroq vaqt o‘zining haq ekanligini isbotlash, ruhiy, moddiy qiyinchiliklarni yengish Gulzuhraga oson kechdimi? O‘tgan vaqt ichida necha marotaba yana sud ostonasida bo‘ldi?
Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin, sinmaydi. Gulzuhraning quvonchiga sherik bo‘lgan feysbukdagi do‘stlari orasida bu naqlni ishlatganlar kam emas.
Korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi unga ayblovni xulq bo‘yicha ko‘rsatib, shunda ham aynan qaysi nojo‘ya xatti-harakatlar uchun unga intizomiy jazo chorasi qo‘llanganini asoslamay, ishdan bo‘shatishga ruxsat bergandi.
«Xabar.uz» korxona kasaba uyushmalari yig‘ilishi bayonnomasini ko‘tarib, yig‘ilishda Gulzuhraning ijtimoiy tarmoqlarda vaziyatni bor-boricha yozgani muhokama qilinganini aniqlagan edi. Shu sabab, quvonch kunida Gulzuhra bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taassurotlarini so‘rashdan tiyildik, uni yana bir noqulaylikka qoldirishimiz mumkinligidan andisha qildik. Lekin, post ostidagi izohlardan ko‘z yumib bo‘lmasdi. Tabriklab, ezgu tilaklar bildirilgan izohlar orasida, ayolning irodasini, kurashuvchanligini olqishlagan, hatto, bu fikrini uni shu kuyga solganlarga, ijroni cho‘zganlarga achchiq-tiziq fikrlarini qo‘shib yozganlari ham uchraydi.
Toshpo‘lat Rahmatullayev: «Yashang! Oxirigacha bu lattachaynar amaldorlar bilan kurashib, g‘olib bo‘lganingiz bilan tabriklayman!»
Po‘lat Mardiyev: «Tabriklayman. Lekin, ehtiyot bo‘ling!».
Gulzuhra Saydullayeva jami bir yilu ikki oy ishdan uzoqda bo‘ldi. Nohaq ishdan bo‘shatilgan xodim tabiiyki, ishlamagan vaqti uchun ham maoshini olaveradi. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ xodimlarining maoshi esa kichik emas (ko‘p holatda aynan shu narsa, xodimning o‘rnini kimdir egallash yoki shu o‘rinni kimgadir olib berish ishtiyoqini paydo qiladi). Bundan tashqari, ma’naviy zarar, pochta xarajati, davlat boji, videoaloqa va falon-falonlar uchun mablag‘ davlat xazinasidan sovuriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Gulzuhra kabi ishdan nohaq bo‘shatilib, qandaydir vaqtdan so‘ng tiklanganlar soni mamlakat bo‘yicha, boshqa tashkilotlarda ham kam emas. Bu holatlarni monitoring qilish, jami xarajatlarni nohaq bo‘shatishga sabab bo‘lganlar cho‘ntagidan undirish vaqti kelmadimikan?
«Xabar.uz» jamoasi Gulzuhrani haqiqat yo‘lidagi g‘alabasi bilan tabriklaydi. Yana, izohlardan birida aytilgan gapni takrorlaydi ham: ehtiyot bo‘ling!
Mustahkam Tangriyorova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter