«O‘zbekiston Qur’onlari» loyihasi taqdimoti o‘tkazildi
Samarqanddagi Silk Road Xalqaro turizm markazida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida «Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori» VIII Xalqaro Kongressi tashkil etildi.
Kongressda 35 ta davlatdan 300 ga yaqin olim, mutaxassis va soha bilimdonlari, xalqaro tashkilotlar, jumladan, IRSIKA, AYSESKO, TURKSOY, «Al-Furqon» jamg‘armalari, Xalqaro Turk akademiyasi, Arab davlatlari ligasi vakillari ishtirok etdilar.
Bu yilgi Kongress Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilishi bejiz emas. Anjumanda asosiy e’tibor Markaziy Osiyodagi islom tarixi va san’atiga qaratildi.
Tadbir ishtirokchilari uchun avvaliga Toshkentda qurilayotgan Islom Sivilizatsiya Markaziga ekskursiya mavzuga kirishga ramziy asos bo‘ldi.
Samarqandda 3 kundan buyon davom etayotgan anjumanning asosiy qismi esa mavzuga oid chiqishlar, taqdimotlar, bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.
Ayniqsa, «O‘zbekiston Qur’onlari» loyihasi taqdimoti o‘ziga xos bo‘ldi. Bunda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov hamda Mueller&Schindler nashriyoti marketing va rivojlanish bo‘yicha vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm «114 Qur’on» loyihasi haqida so‘z yuritdi.
Taqdimotda aytilishicha, mazkur loyihada VII-VIII asrlardan boshlab XIX- XIX asrlargacha ko‘chirilgan va dunyoning turli mintaqalarida, mashhur muzey va kolleksiyalarda saqlanayotgan Qur’onning 114 ta nodir nusxalari to‘plangan va o‘rganilgan.
Turkiya Fanlar akademiyasi Prezidenti doktor Muzaffar Sheker «Bugun o‘zbek va turk olimlari o‘zaro hamkorligi tufayli ko‘plab natijalarga erishdi. Va bu natijalarning salmog‘i yuqori» deb e’tirof etdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Turkiyadagi Turk va islom san’ati muzeyida Temuriylar davrida Shayx Shamsiddin Boysung‘uriy tomonidan ko‘chirilgan Qur’on nusxasi saqlanmoqda ekan. Ana shu noyob qo‘lyozmaning faksimile*si nashr etilishi haqida anjumanda ma’lum qilindi.
(Vikepediya: faksimile (lot. fac simile — aynan bajar) yozilgan, chizilgan asl nusxani fotografik yoki bosma usul bilan aynan aks ettirish)
«O‘zbekiston qur’onlari» sessiyasida «O‘zbekiston bilan bog‘liq noyob Qur’on qo‘lyozmalari», «O‘zbekxonning muqaddas Qur’oni. Qur’onning yangi o‘zbekcha tarjimasi» haqida ham so‘z yuritildi. Shuningdek, «Allohning 99 ismi» kitob-albomi taqdimoti o‘tkazildi.
Kongressning boshqa sessiyalarida madaniy merosni asrashda kino va medianing ahamiyati borasida chiqishlar bo‘ldi. Xalqaro tadbirda CNN, Euronews, «Rossiya-Kultura», «Mir», shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari telekanallari doxil, 20 ga yaqin OAV jurnalistlari ishtirok etdi.
«O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasi doirasida bugunga qadar 70 jildlik kitob-albomlar nashr qilingan. «Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori» VIII Xalqaro Kongressi yana yangi-yangi topilmalarni nashr etish va tarqatishga zamin yaratgani ta’kidlandi.
M.Tangriyorova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter