Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonga eng ko‘p kelayotgan mehmonlar

O‘zbekistonga eng ko‘p kelayotgan mehmonlar

Foto: Prezident matbuot xizmati

Chegaralarning ochilishi, ko‘p asrlik do‘stlik va tarixiy shartnoma haqida

Bir necha yil avval qo‘shnilar bilan chegaralarimiz deyarli yopiq, aloqalarimiz sust edi. Hatto aholi chegara ortidagi yaqinlari, qarindoshlari bilan uchrashishda muammolarga duch kelishardi. Bu yopiqlik qardoshlar o‘rtasidagi aloqalarnigina emas, balki iqtisodiy va madaniy rivojlanishni ham qiyinlashtirayotgandi. Biroq so‘nggi yillarda bu to‘siqlar olib tashlandi, xalqlar o‘rtasida o‘zaro birdamlik yana mustahkamlandi.

Tarix shundan dalolat beradiki, har qanday davlat o‘z qo‘shnilari bilan do‘stona munosabat o‘rnatmas ekan, taraqqiyot yo‘lida to‘siqlarga duch kelaveradi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning tashqi siyosatda ochiqlik yo‘lini tanlashi butun mintaqa uchun muhim burilish nuqtasi bo‘ldi.

Qo‘shni davlatlar bilan vizasiz rejim va chegaradagi tartiblarni yengillashtirish natijasida ikki tomonlama savdo aylanmasi keskin ortib, xalqlarimiz bemalol bordi-keldi qilmoqda.

Buni statistika ham tasdiqlaydi: 2025 yilning yanvar-fevral oylarida 1,3 milliondan ortiq chet el fuqarolari O‘zbekistonga turistik maqsadlarda tashrif buyurgan bo‘lsa, shundan eng ko‘pi ­422 591 nafari Qirg‘iziston va 401 377 nafari Tojikiston fuqarolari ekanligi qo‘shni davlatlar bilan chuqur aloqalarning borligini ko‘rsatadi.

Chegaralarning tutash nuqtasi bo‘yicha tarixiy shartnoma

2025 yil 31 mart kuni Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda davlat rahbarlari o‘zaro do‘stlik va hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator muhim masalalarni muhokama qildilar.

Eng asosiy voqealardan biri – uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi bo‘ldi. Bu hujjat mintaqa barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur kelishuv nafaqat geografik nuqtalarni aniqlash, balki xalqlar orasidagi yuz yillik ishonchni mustahkamlash vositasi sifatida ham yuqori baholanmoqda.

Chegaralarning ochilishi iqtisodiy va savdo munosabatlarini kuchaytirish uchun qulay sharoit yaratdi. Hozirgi paytda chegaradosh hududlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi o‘n karradan ziyodga o‘sgan. Bu, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes rivoji uchun yangi imkoniyatlar ochdi. Har kuni minglab tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini qo‘shni mamlakatlarga eksport qilmoqda, bu esa umumiy iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shmoqda.

Bundan tashqari, transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Masalan, yangi avtobus yo‘nalishlari ochilishi va aviaqatnovlar sonining oshirilishi qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada yaxshilaydi.

Do‘stlik stelasi – qardoshlik ramzi

31 mart kuni uch mamlakat rahbarlari davlat chegaralarining tutashgan hududida «Do‘stlik stelasi»ni tantanali ravishda ochdilar. Bu yodgorlik qardosh xalqlar o‘rtasidagi ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning yangi ramziga aylandi.

Ramazon oyi – insonlarga bag‘rikenglik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat kabi insoniy fazilatlarni yodga soladigan muqaddas davrdir. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara kelishuvining aynan muborak Ramazon hayiti arafasida imzolanishi xalqlar o‘rtasidagi totuvlik va birodarlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu nafaqat siyosiy kelishuv, balki ko‘p asrlik do‘stlik va madaniy aloqalarning bardavom bo‘lishi sifatida ham ahamiyatlidir.

L.Tursunov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring