Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tadigan sammit oldidan «Euronews»ga intervyu berdi (muhim iqtiboslar)

Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tadigan sammit oldidan «Euronews»ga intervyu berdi (muhim iqtiboslar)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqanddagi «Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti oldidan «Euronews»ga bergan eksklyuziv intervyusidan muhim iqtiboslar:

***

«Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» formati – noyob hamkorlik platformasi bo‘lib, o‘lcham va institutsional qamrov jihatidan unga o‘xshashi mavjud emas. 27 davlatni, jumladan «Katta yettilik»ka a’zo uchta mamlakatni (Germaniya, Fransiya va Italiya) birlashtirgan Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan mintaqalararo darajada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan eng yirik integratsion tuzilma hisoblanadi.

***

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo tubdan o‘zgardi, yangi qiyofa kasb etdi — konstruktiv muloqot, ishonch va har tomonlama hamkorlik maydoniga aylandi. Bu esa mamlakatlarimiz yetakchilarining umumiy siyosiy irodasi tufayli amalga oshdi. Bugun biz bu jarayonning ortga qaytmasligi haqida ishonch bilan ayta olamiz.

***

Markaziy Osiyo beshligida O‘zbekistonning raisligi davrida biz quyidagi uchta ustuvor yo‘nalishga alohida e’tibor qaratamiz: mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash.

***

Biz YeI bozoriga yuqori sifatli, ekologik toza va Yevropa standartlariga javob beradigan mahsulotlarni ko‘proq yetkazib berishga tayyormiz. Bugungi kunda samarali transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish ahamiyati ortib bormoqda va Markaziy Osiyo Yevropa bilan Osiyo o‘rtasidagi shunchaki «ko‘prik» emas, balki global iqtisodiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanishi mumkin.

***

Qayta tiklanuvchi energetika sohasida hamkorlik qilish uchun muhim institutsional platforma sifatida Toza energetika bo‘yicha Markaziy Osiyo – YeI sherikligini tashkil etish mumkin. Bu vodorod va ammiak kabi «yashil» yoqilg‘i, shuningdek, bioyoqilg‘i ishlab chiqarish va qazilma yoqilg‘i o‘rniga ulardan keng foydalanish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Biz yaxshi tushunamizki, bizning mintaqamiz ham, Yevropa Ittifoqi ham xavfsizlik sohasida, jumladan, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash masalalarida umumiy tahdid va xatarlarga duch kelmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqi bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik o‘zaro munosabatlarimizning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

***

Ishonchim komil, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatni tiklash Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlarining umumiy manfaatlariga javob beradi.

***

Ustuvor yo‘nalishlardan yana biri – ekotizimlar va bioxilma-xillikni tiklashdir.

***

Tanazzulga uchragan yerlarni, shu jumladan Orolbo‘yi hududini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur – «Markaziy Osiyoning yashil belbog‘i» loyihasini allaqachon boshlaganmiz.

***

Bu borada Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyat mavjud.

***

...bu uchrashuv Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida barqaror, o‘zaro manfaatli sheriklikni barpo etish yo‘lidagi muhim qadamga aylanadi. Bu sheriklik umumiy manfaatlar, ishonch va birgalikdagi taraqqiyotga intilishga asoslangan bo‘ladi.

***

Biz Yevropa Ittifoqining mintaqa ochiqligini ta’minlash, uning ravnaqi va sub’yektligini mustahkamlashga qaratilgan intilishlarimizni qo‘llab-quvvatlayotganini yuksak qadrlaymiz. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoni barqaror va jadal rivojlanayotgan, barcha manfaatdor tomonlar bilan ochiq va teng huquqli sheriklikka tayyor bo‘lgan mintaqaga aylantirishdek maqsadimizda biz bilan hamfikr ekani juda muhimdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring