Falastin elchisi BMT majlisida yig‘lab yubordi
Falastinning BMTdagi doimiy vakili Riyoz Mansur nufuzli mashvaratda ko‘z yoshini tiyib tura olmadi.
Diplomat BMT Xavfsizlik kengashining navbatdagi tashqari majlisida Isroil aviahujumi oqibatida halok bo‘lgan g‘azolik shifokorning vido so‘zlarini o‘qib eshittirar ekan, yig‘lab yubordi.
«Tirik qolganlar bizning hikoyamizni so‘zlab berajak! Biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik. Bizni unutmang», – deya noma qoldirgan G‘azo sektoridagi «Al-Avda» shifoxonasida faoliyat yuritgan shifokor Mahmud Abu Nujayla.
Marhum shifokorning vido xati shifoxonaning ma’lumotlar taxtasidan topilgan.
«Bu so‘zlar noinsoniy shart-sharoitda ishlagan tibbiy xodimlarning jasorati va sadoqatiga shohidlik beradi. Doktor Nujaylaning o‘limi nafaqat G‘azo, balki butun dunyo uchun yo‘qotishdir», – degan Falastin elchisi Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida.
Riyoz Mansur G‘azo ahli 15 oydan buyon do‘zaxiy sharoitda yashayotgani sabablaridan biri sifatida xalqaro hamjamiyatning harakatsizligini ko‘rsatgan.
Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo hududiga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon hududdagi shifoxona va tibbiy muassasalarni bombardimon qildi. BMT hisobotlariga ko‘ra, ayni paytda G‘azo sektorida sog‘liqni saqlash tizimi butunlay izdan chiqqan.
2024 yil 27 dekabr kuni Isroil harbiylari Kamol Advan shifoxonasiga bostirib kirib bosh shifokor Hussam Abu Safiyani hibsga oldi. Shifoxonaning ayrim bo‘linmalariga o‘t qo‘yildi. Shifoxonadagi bemorlar Indoneziya kasalxonasiga o‘tkazilgan. Ammo mazkur shifoxonada dori-darmon, yonilg‘i yo‘qligi, shifokorlar yetishmayotgani aytilmoqda.
Falastin ma’muriyatiga ko‘ra, muttasil bombardimonlar sabab shifoxonalar vayron bo‘lgan, minglab bemor tibbiy ko‘maksiz qolmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Amnesty International inson huquqlari tashkiloti G‘azo sektoridagi insoniy talafotlar va vayronagarchiliklar, yahudiy davlati rasmiylarining bayonotlarini o‘rganib, Isroil Falastin xalqiga nisbatan genotsid sodir etmoqda degan xulosaga kelgan.
Amnesty International tashkilotiga ko‘ra, Abu Safiya kabi shifokorlarning hibsga olinishi Tel-Avivning genotsid siyosatini tasdiqlaydi.
Qarorgohi Jeneva (Shveysariya) shahrida joylashgan Euro-Med inson huquqlari tashkiloti Kamol Advan shifoxonasi o‘qqa tutilgani va yoqib yuborilganini inson huquqlarining poymol etilishi deb atagan. Qayd etilishicha, Isroil armiyasi tibbiy xodimlarni qasddan o‘ldirmoqda, ularga qarshi hujumlar uyushtirmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, G‘azo sektorida 457 kundan buyon davom etayotgan urushda halok bo‘lgan falastinliklar soni 45805 nafarga, yaralanganlar esa 109064 nafarga yetdi. Halok bo‘lganlarning har uchtadan biri bolalar, har to‘rttadan biri ayollardir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter