AQSh Isroilga yana 8 milliard dollarlik qurol yetkazib beradi
AQSh Davlat departamenti Kongressni Isroilga 8 milliard dollarlik qurol-aslaha sotilishi rejasidan xabardor qildi.
Axios nashrining yozishicha, Qo‘shma Shtatlar bu gal Isroilga «havo-havo» tipidagi raketalar, bombalar va o‘q-dorilar yetkazib beradi.
Bu prezident Jo Bayden ma’muriyati Isroilga taqdim etgan so‘nggi qurollar paketi ekani aytilmoqda.
Oldi-sotdi bitimi Kongressning ikki palatasi xalqaro aloqalar qo‘mitalari tomonidan tasdiqlanishi zarur. Ammo respublikachilar ham, demokratlar ham Tel-Avivga xayrixoh ekani inobatga olinsa, oldi-sotdi tasdiqlanishiga shubha qilmasa bo‘ladi.
Oq uy ma’muriyati Isroil o‘z-o‘zini mudofaa qilish huquqiga ega ekani, bu borada AQSh ko‘mak ko‘rsatishda davom etishini ta’kidlagan.
Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban 2023 yil 7 oktyabr kuni G‘azo sektoriga bostirib kirganidan buyon qirg‘inbarotda 45854 nafar falastinlik, jumladan, 17818 nafar bolalar va 12287 nafar ayollar halok bo‘ldi.
G‘azo sektorida Isroil bombardimonlarida halok bo‘layotgan tinch aholi soni oshib borayotgan bir paytda xalqaro tashkilotlar AQShdan yahudiy davlatiga qurol yetkazishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Jumladan, Oxfam hamda Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari Isroil bombardimonlarida minglab falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qayd etib, Tel-Aviv Vashington tomonidan yetkazilayotgan qurollardan xalqaro huquq me’yorlari doirasida istifoda etishini savol ostiga olgan.
Qo‘shma Shtatlardagi taniqli siyosatchilardan biri, senator Berni Sanders ko‘p milliardlik ko‘mak berishdan avval Netanyahu ma’muriyati zimmasiga tinch aholi o‘limini kamaytirish borasida majburiyat yuklashni talab qilgan.
Avvalroq Davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi. 11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan J.Pol HAMASning Isroilga hujumini qoralagani holda, hozirgi vaziyatda yahudiy davlati tutayotgan siyosat va AQSh uni qo‘llab-quvvatlayotgani xato ekanini ta’kidlagan.
AQSh Qurolli kuchlari uchuvchisi Larri Hebert esa Oq uy qarshisida ochlik e’lon qilgan. U Baydenning Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaganiga shu tariqa norozilik bildirgan.
Jahon matbuoti xabariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, AQSh Isroilni goh imi-jimida, goh oshkora qurollantirishda davom etmoqda.
2024 yil avgust oyida Bayden ma’muriyati Isroilga 20 milliard dollarlik qiruvchi uchoqlar va harbiy texnika oldi-sotdisini tasdiqlagan.
Oq uy 2024 yil may oyida mamlakat qonun chiqaruvchi idorasini Isroilga 1 milliard dollardan ziyod miqdorda qurol-aslaha yetkazish rejasidan xabardor qilgan.
2023 yil dekabr oyida Davlat departamenti ikki marta qonun chiqaruvchi idora ruxsatini ham kutmay Isroilga ko‘p million dollarlik o‘q-dori yetkazishni ma’qullagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter