Dinara Mo‘minova: Bolalar adabiyoti bozori shu qadar o‘lik holatdaki… (1-qism)
Facebook ijtimoiy tarmog‘ida bir kontent bor. Rangli suratlar va quvnoq videolar bilan doimo e’tiborni tortadi. Bu kontent farzandlari yosh bo‘lgan ota-onalar uchun juda foydali ekani bilan ajrab turadi.
(Suratlar Dinara Mo‘minovaning facebook sahifasidan olindi)
Bolalar adabiyoti yozuvchisi Dinara Mo‘minovaning sahifasidagi postlar bilan tanishganimda hoynahoy bu yurtdoshim xorijda yashasa keragov deb taxmin qilgandim, keyin yana kuzatish asnosida bunga amin bo‘ldim. Chunki odatda xorijda yashaydiganlar ko‘proq o‘z ishiga, o‘z sohasiga kreativ, ijodiy yondashadi. Bugungi suhbatdoshim bilan suhbat dolzarb mavzu – bolalar adabiyoti haqida bo‘ldi.
– Dinara o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz.
– Maktabgacha yoshdagi bolalarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish bo‘yicha mutaxassisman. Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). Ilmiy ishim erta savodxonlikda kitobxonlikning o‘rniga bag‘ishlangan. Bugungi kunda erta kitobxonlikka oid metodik qo‘llanmalar ishlab chiqqanman va rasmli kitob (picturbooks)ga oid ilmiy izlanishlar olib borayapman va maqolalar yozib turaman. Janubiy Koreyada istiqomat qilaman. Xalqaro Nordik universitetida «Bolalar adabiyoti» fanidan dars beraman. Bolalar adabiyoti yozuvchisiman. Kitoblarim Amazon.com platrofmasida va «Akademnashr» nashriyotida chiqqan.
– Kitobga mehr qanday uyg‘ongan, bolalar adabiyoti mutaxassisi bo‘lishingizga-chi?
– Uyda eng kichik farzand bo‘lganimgami, o‘qishni tez o‘rganib olganman. Ziyoli oilada o‘sganman. Uyimiz doim kitob va jurnallarga to‘la bo‘lardi. Kitob ma’lum bir vaqt hayotimga kirib kelmagan, kitob hayotimning ajralmas qismi edi doim. Kitoblarning ichidagini bilishga shoshganim uchun besh yoshga yetar-yetmas o‘qishni o‘rganganman va uydagi barcha bolalar kitoblarini birin-ketin o‘qishni boshlaganman. Maktabga 5 yoshdan chiqqanman. Ona bo‘lganimda esa bolalar adabiyotiga boshqa nazar bilan qarashni boshladim. Bola uchun bu biron adabiy material emas, balki miyani rivojlantiruvchi kuchli bir instrument ekanligini tushunganman. Bolaning miyasi 12 yoshiga qadar keskin rivojlanadi. Aynan shu davr insonning kelajakdagi rivojlanish darajasi uchun kritik hisoblanadi. 12 yoshgacha bola qanchalik ko‘p tashqi stimulyasiyaga duch kelsa uning miyasi shunchalik yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Tashqi stimulyasiya deganda o‘ynash, suhbatlashish, ota-onaning mehri, kitob eshitish, barmoqlari bilan turli xildagi buyumlarni ushlab ko‘rish, tabiatga yaqin bo‘lish kabilarni nazarda tutyapman. Bolaga chaqaloqligidan boshlab ota-ona kitob o‘qib bersa tafakkur va tasavvuri keskin rivojlanadi, tanqidiy fikrlashga asos solinadi, mental salomatligiga ijobiy ta’sir bo‘ladi, nutqi va muloqot ko‘nikmalari rivojlanadi. Bolalar adabiyotini kuchini tushunganimda O‘zbekistonda kichik yoshdagi bolajonlarga mo‘ljallangan bolalar adabiyoti sohasi rivojlanmaganligini angladim va aynan shu bolajonlar uchun kitob yaratib bolalar adabiyoti rivojlanishi uchun hissamni qo‘shgim keldi. Bu borada ilmiy izlanishlar qildim, ilmiy ish yoqladim, bugun ham doimiy ravishda bu sohadagi bilimlarimni xalqaro darajadagi trening va kurslarda oshirib yuraman.
– O‘zbekistonda bolalar adabiyoti qay ahvolda, masalan Koreya bilan solishtirganda…
– Bu ikki mamlakat bolalar adabiyoti ahvolini mutlaqo solishtirib bo‘lmaydi. Chunki Janubiy Koreya bugungi kunda jahon miqyosida bolalar adabiyoti keskin rivojlangan mamlakat hisoblanadi. Koreya bolalar adabiyoti mualliflari dunyoning nufuzli Anderson, Astrid Lingren kabi mukofotlarni qo‘lga kiritgan.
Kitoblarning soni va sifatidan tashqari Janubiy Koreyada bolalar kutubxonalari juda ko‘p. Har bir mahalla, tuman, shahar, viloyatda mavjud.
Ya’ni har qanday xonadonda yashaydigan bola 5-10 daqiqa yayov yurib bolalar kutubxonasiga bora oladi va u yerda istagan kitobini olib o‘qiy oladi. Maboda kutubxona yaqin o‘rtada bo‘lmasa, kitobga buyurtma berilsa 2-3 kunda yetkazib beriladi. Barchasi tekin, davlat hisobidan. Undan tashqari, ko‘plab pullik bolalar kutubxonalari ham mavjud. O‘zbekistondagi kichik yoshdagi bolalar uchun kitoblarni qo‘l barmoqlari bilan sanay olamiz. Bu holatni hech bir rivojlangan mamlakat holati bilan solishtirib bo‘lmaydi.
– Bolalar kutubxonasi qanday bo‘lishi va nimalarga e’tibor berilishi kerak?
– Bolalar kutubxonalari bolalar uchun bo‘lishi kerak. Bu degani xavfsiz va qiziqarli. Birinchisini ta’minlash uchun kutubxona dizaynerlari va kutubxonachi javobgar, qiziqarli bo‘lishi uchun kitoblar soni, xilma-xilligi, barcha janrlarda bo‘lishi, 0 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning psixologiyasiga e’tiborga olinishi, sifatli va dolzarb mavzularda va juda xilma-xil bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, kutubxonalarda doimiy ravishda bolalar uchun qiziqarli tadbirlar uyushtirilishi lozim. Bolalar kutubxonalari juda ko‘p, bolaning yurgan yo‘lida uchrashi muhim. Bola kutubxonaga kitob o‘qish uchun emas, balki shunchaki o‘yin o‘ynash, uxlab olish, do‘stlari bilan dam olish uchun u yerga kirishni istashi va bunga imkoni bo‘lishi kerak.
– Bugun o‘zbek bolalarining qanday adabiyotlarga ehtiyoji bor, deb o‘ylaysiz?
– Bugun shunday ahvoldamizki, qanday bo‘lishi u yoqda tursin har qanday bolalar adabiyoti ko‘payishi kerak. Bolalar adabiyoti bozori shu qadar o‘lik holatdaki, bugun qanday kitob yetishmayapti deb bo‘lmaydi, balki har qanday bolalar kitobiga bugun bolalarimiz zor. Milliy yozuvchilar albatta birinchi o‘rinda, so‘ng dunyo durdonalari yetishmayapti. Eng muhimi, biz o‘rganib qolgandek bolalar adabiyoti faqat o‘qishni biladigan bolalar uchun emas, balki rasmni ko‘ra oladigan yoshdagi bolajonlar uchun bo‘lishi shart. Maktabgacha yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan kitoblar bolaning kitobga mehri shakllanishida eng muhim hisoblanadi. Maktabgacha yoshdagi kitoblar faqat folklor emas, balki xuddi kattalarniki singari har qanday janr va mavzudagi xilma-xil kitoblar bo‘lishi kerak. Masalan, mening kitoblarimning mavzularini oladigan bolsak, «Ajoyib kaktus» bog‘dagi kaktusning ustidan boshqa kaktuslar kulishi va u bundan yutib chiqishi haqida, «Nega yulduz tushmaydi?» kitobida yulduz va koinot haqidagi ota va bola suhbati yoritilgan, «Tomchi qayerga ketdi?» do‘stlik haqidadir, «Quyoshning sirli botishi» quyosh bilan fasllarning munosabati haqida. Ushbu kitob 2022 yili O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘tkazilgan «Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob» tanlovida sovrindor bo‘lgan.
«Sumalakning sehrli toshi» kitobi sumalak, an’analarimiz va qanday qilib bolajonlar o‘z muammolarini hal qilish yo‘llari haqida. Bu kitobim X-Open Eurasia (Buyuk Britaniya) xalqaro tanlovi finaliga chiqqan. Barcha kitoblarimni illyustratsiyalashda jahon standartlariga, rasmli ilmiy kitob tamoyillariga asoslangan holda yondashaman.
Kitoblarimdagi muammolar ham, qahramon kechinmalari ham aynan kichik yoshdagi bolalarga tanish bo‘ladi. Bolalar o‘zi aslida o‘ta qiziquvchan, bilimga ishtiyoqi baland. Ularning bu ehtiyojlarini kitoblar bilan to‘ldira olmasak, bilim va qiziqishlari ehtiyojini telefon orqali qondiradilar, telefondagi kontentlar orqali savollariga javob topadilar. Internetdagi kontent esa ba’zida nafaqat foydasiz, balki zararli bo‘lishini hammamiz bilamiz.
– Bolalar kitoblarni nimaga asoslanib tanlashadi?
– Bolalar kitoblarini tanlashda tanlovlar muhim o‘rin egallaydi. Maktab, kutubxona, hokimiyat, davlat, vazirlik, uyushma tanlovlari ota-ona va pedagoglarga kitob tanlashda mayoq vazifasini o‘taydi. Undan tashqari, bolalarning o‘zi ba’zi kitoblarga mehr qo‘yib, ularni qayta-qayta o‘qiydilar. Shunda bunday kitoblarning dong‘i taraladi.
Tanlash uchun yana bir omil bu bolaning qiziqishlari. Misol uchun kichik yoshdagi bolalar dinozavr, ota-ona va bola, hayvonlar munosabatlari, robotlarga qiziqishsa, o‘smirlar hayot haqidagi savollar, o‘g‘il bola va qiz bola munosabatlari, do‘stlik, bulling, ijtimoiy muammolar haqidagi mavzularga qiziqadilar. Kitobga mehr aynan qiziqishdan boshlanadi. Bolaning qo‘liga uni bezota qilayotgan mavzuga oid kitob tushsa, biling u kitobni mehr bilan o‘qiydi. Faqat boy kitob bozorigina asta-sekin didni shakllantiradi.
– Bolani kitobga qanday qiziqtirish mumkin, bolaga kitobga mehrni kim uyg‘otadi?
– Bu kompleks masala, unga bir tomonlama yondashib bo‘lmaydi. Birinchidan, kitob ko‘p va ota-onaning holi yetarli darajada bo‘lishi kerak. Ya’ni, ham qimmat emas (kutubxona bo‘lsa tekin), ham uyiga yaqin joyda.
Ikkinchidan, ota-onaning o‘zi kitob o‘qishi va bolasiga kitob muhim ekanligini tushunishi kerak. Bu borada televidniye yaxshi targ‘ibotchi bo‘lishi mumkin. Bog‘chada mutolaa soatlarini ko‘p ajratish va har bir guruhda kitobga boy burchaklar bo‘lishi lozim.
Maktabda har bir sinfda kitob burchaklari va maktab kutubxonasida nafaqat darsliklar balki milliy va dunyo asarlari bo‘lishi kerak. Maktab kutubxonalari shinam va bolalarni o‘ziga jalb eta oluvchi holatda va juda aqlli, zamonaviy kutubxonachiga ega bo‘lishi shart. Kutubxonachi bolalarga kerakli kitobni tanlashda yordamchi sehrgar sifatida faoliyat yurgazishi kerak, nasihatchi sifatida emas.
Kitobxonlar uchun tadbirlar muntazam va eng kichik yoshdagi bolalar uchun ham tashkil etilishi lozim, deb o‘ylayman…
– Foydali suhbat uchun sizga raxmat.
P/S: Bolalar adabiyoti haqidagi bunday dolzarb mavzu bir maqolaga sig‘madi. Suhbatning ikkinchi qismini o‘tkazib yubormang, tez kunlarda bahramand bo‘lasiz.
Barno Sultonova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter