Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

 Jizzaxda bir kun: investorlar qanday loyihalarni amalga oshiryaptilar?

 Jizzaxda bir kun: investorlar qanday loyihalarni amalga oshiryaptilar?

Ombudsman, Bolalar ombudsmani haqida eshitgansiz, ya’ni ko‘pchilik bu tashkilotlar haqida biladi. Ularning maqsadi aholining huquqlarini tiklash, murojaatlarini o‘rganish.

Prezident huzuridagi Biznes-ombudsman esa aynan biznesmenlarning, tadbirkorlarning, investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi. Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organ tomonidan rioya etilishini ta’minlaydi.  

19 aprel kuni Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Biznes-ombudsman, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida press-tur orqali Biznes ombudsman haqida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldik.

Investorning maqsadi faqat foyda olish emas

Dastlab viloyatda oyna va sanitar-texnik mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi «Mingyuan Silu (Tianjin) Industry» faoliyati bilan yaqindan tanishdik.

Xitoydan keltirilgan bahaybat, robotlar tomonidan boshqarilayotgan 7 yilda bir o‘chiriladigan pech yaqiniga yo‘lab bo‘lmaydi. Axir u 1850 gradusda ishlayapti. Unda tinimsiz turli qalinlikdagi oynalar ishlab chiqarilmoqda. Telefon oynasidan tortib eshik-derazalar oynasigacha shu korxonada ishlab chiqarilarkan.

–  Biz O‘zbekistonda faoliyat olib borayotganimizdan mamnunmiz, dastlab bu yerga kelganimizda maqsadimiz biznes edi, ammo foyda olish bosqichidan o‘tib bo‘lganingizdan so‘ng sizda boshqa maqsadlar paydo bo‘ladi, – deydi «Mingyuan Silu (Tianjin) Industry» direktori Li Syan Chin. – Hozir men O‘zbekistonni ikkinchi vatanim deb hisoblayman. Endi bu yerda qanday loyihani amalga oshirsam, shu vatan foydasini, rivojlanishini ham o‘ylayman. 

Darhaqiqat, tadbirkor Li Syan Chin zavodga tegishli bo‘lgan hududga daraxtlar ekish hatto issiqxona tashkil qilishni o‘z nazoratiga olgan. Nafaqat oyna ishlab chiqarish jarayoni, balki ko‘kalamzorlashtirishga ham bor kuchini sarflamoqda.

– Bu investorni O‘zbekistonga jalb qilish uchun to‘rt yil vaqtimni sarflaganman. Hech kim o‘z-o‘zidan katta mablag‘ini biror davlatga osonlikcha bergisi kelmaydi, agar ishonchiga kirmasangiz, – deydi Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Ibrohim Komilov. – 2017 yildan beri biz birga faoliyat olib boramiz. – Viloyatga so‘ngi yetti yilda 5 milliard dollar investitsiya jalb qilingan, 2 ming 500 ta yangi korxona ishga tushgan. Ularda 45 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratilgan, tadbirkorlar soni 2 karra ko‘paydi.

Darhaqiqat, Jizzaxda sanoat rivoji uchun zahiralar ko‘p. Ma’lumotlarga qaraganda xitoylik investorlar viloyatda qurilish materiallari, kimyo, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida 4 milliard dollarlik 23 ta loyiha taklifini bergan. Ularning natijasida sanoat 12 trillion so‘mga o‘sgan, 250 million dollar eksport imkoniyati yaratilgan.

Albatta bu ishlar osongina amalga oshib qolmaydi. Xorijlik investor dastlab to‘qnashadigan muammo – bu o‘z yurti qonun qoidasi bilan o‘zga mamlakatning qonun qoidasi o‘rtasida farq bo‘ladi. Ana shunday paytda Biznes-ombusdman kabi tashkilotlar ko‘makka keladi. Aynan Biznes-ombudsman ko‘magida korxona uchun qo‘shimcha gaz quvurlari o‘tkazish va yoqilg‘i yetkazib berish masalasi hal etilgan.

Eng qiziqarli ekskursiya – «ADM Jizzakh»ga

Press-turning eng qiziqarli sayohati Jizzax shahrida «ADM Jizzakh» MChJga bo‘ldi.

Bu yerda biz «KIA» brendi ostidagi Sonet, «Cherry» brendi ostidagi Arrizo 6, Tiggo 7, Tiggo 8 proMax, «Haval» brendi ostidagi M5, H6, JOLION, Dargo kabi avtomobillar ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdik.

Direktorning bizga bergan ma’lumotlariga qaraganda  «Haval»,  «Cherry» brendi ostidagi avtomobilning ilk test nusxalari ayni kunlarda talabgorlar uchun yetkazib berilish arafasida. Muhimi bu zavod tufayli ishchi o‘rinlari yaratilayotgani, yaqin kelajakda 10 mingta ishchi o‘rni yaratish, mahalliylashtirish darajasini 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Navbatdagi manzil «SSSR Holding Group»

«SSSR Holding Group» – Sharof Rashidov tumanida ohaktosh qazib olish va shag‘al ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

– Tadbirkorlik faoliyatimizni yo‘lga qo‘yishda davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Xususan, yaqinda yer bilan bog‘liq masalamiz Biznes-ombudsman ko‘magida ijobiy hal etildi, 10 gektar yer ajratildi, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Nurali Ahmedov.

Ayni paytda bu yerda aholi uchun zarur bo‘lgan sheben, klins, qum-shag‘al kabi kelgusida pullik katta yo‘l qurilishi uchun ishlatiladigan asfalt qurilish materiallari yetkazib berish nazarda tutilgan.

So‘ngi manzil – adir orasida korxona

Press-tur yakunida nima uchun Jizzax viloyati sanoat zonasi sifatida tanlangani sabablari ayonlashdi. Chunki viloyatning bo‘sh yerlari va shu bilan birga hali bag‘rida qazilma boyliklarini avaylab asrayotgan hududlari ko‘p ekanligiga yo‘l yurib yo‘l yursak ham mo‘l yurish asnosida amin bo‘ldik. Qir adirlar bag‘ridagi ushbu korxona o‘zingiz izlab bormasangiz, ko‘zga tashlanmaydi. Shunday hududda yaqin o‘rtada bir shaharcha paydo bo‘lishi esa g‘ayritabiiydek tuyuladi. Ammo ishonmaslikning ham iloji yo‘q. Kechagina bo‘sh yotgan yerlarda ko‘z ochib yumishingiz bilan binolar barpo bo‘lib qolayotgani bugun hech kimga sir emas.

G‘allaorol tumanida maxsus texnikalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Sany» tadbirkorlik sub’yekti ham qisqa fursatda investorlar ko‘magi bilan oyoqqa turayotgan korxonalardan biri. 

 – Bu yer aholi yashaydigan shaharchaga aylanadi. Ishchilar va shu yerlik aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan energiya, telekommunikatsiyani yetkazib berish kabi loyihalar amalga oshiriladi, – deydi korxona direktori Nodir Boboyev. – Mazkur korxonada qurilish ishlari joriy yilda boshlanib, 2025 yil dekabrda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Yiliga 2000 dona yuk tashuvchi, tyagach va mikser avtomobillari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonada 125 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Aprelning ajoyib bir kunida tashkillashtirilgan press-tur tassurotlarga boy bo‘ldi. Biz nimalarni ko‘rdik? Odam oyog‘i yetmagan joylarda korxonalar ishga tushirilayotganini,  xorijlik tadbirkorlarning – tili, qadriyatlari, millati boshqa odamlarning yurtdoshlarimiz bilan hamkorlikda shu yurt ravnaqiga hissa qo‘shayotganini, xorijdan keltirilayotgan katta-katta uskunalar, robot-mashinalar tinim bilmayotganini, o‘zimizda ham xuddi shulardan qolishmayotgan texnikalar ishlab chiqarilayotganining guvohi bo‘ldik. Va bularning barchasi yurt ravnaqi uchun ekanini his qildik.

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring