Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoro hukmdoriga tahdid qilgan qavm

Buxoro hukmdoriga tahdid qilgan qavm

Arzu dodini aytishga kelgan dehqonlar hukmdorga Jo‘ybor xo‘jalari ustidan shikoyat qilishdi:

– Ular behisob yeru mulkiga qanoat qilmay, bizning tirikchiligimiz bo‘lgan ozgina yermizni ham tortib olishyapti. Uy-joyimizni buzib, o‘zlarining yeriga qo‘shib olishyapti. Ariq qazib, suv o‘tkazmoqdalar...

Buxoro hukmdori Abdullaxon dehqonlarning shikoyatini oxirigacha tinglamay, jahl bilan dedi:

– Agar xo‘jalar menim ikki qoshim orasidan ariq o‘tkazsa ham mayli, hech narsa deyishga haqqim yo‘q!

Ha, XVI asrda Jo‘ybor xo‘jalarining ta’siri shunchalik katta ediki, ularga hatto, Buxoro xonining ham so‘zi o‘tmasdi.

Buxoro shahri yaqinidagi Jo‘ybor qishlog‘ida yashovchi Shayx Xo‘ja Muhammad Islom g‘oyatda ayyor, boylikka o‘ch va shuhratparast dindor bo‘lib, XVI asrdagi siyosiy o‘yinlarda faol ishtirok etgan shaxs edi. Aslida u xurosonlik Muhammad Tumon degan badavlat kishining kuyovi bo‘lib, qaynotasi o‘lgach, qolgan merosni o‘z nufuzini orttirish uchun sarfladi. O‘zining ajdodlarini payg‘ambar avlodi va Chingizxonu Jo‘jixon shajarasiga bog‘ladi. Bu haqda buyurtma bo‘yicha «Ravzat at-rizvon» kitobini ham yozdirdi. Shuningdek, muridlari va darveshlarga pul berib, aslzodalik da’vosini keng ommaga yetkazdi.

Bu paytda Buxoro, Xiva, Eron va Xurson bilan tez-tez bo‘lib turgan urushlar, shahzodalarning taxt talashuvlari bois, toj kiygan yangi hukmdor o‘z tarafdorlarining ko‘payishini istar edi.

Xo‘ja Muhammad Islom bunday siyosiy ko‘pkari o‘yinlarining ustasi bo‘lib, shahzoda Abdullaxonni yoshligidan taxtni egallashga tayyorlab bordi.

Garchi 1583 yili Abdullaxon taxtga chiqqan paytda Xo‘ja Muhammad Islom vafot etgan bo‘lsa-da, o‘g‘li Kalonxo‘janing nufuzi otasinikidan kam emas edi. Otasining 2,5 ming gektar yeri, 10 ming qo‘y, 700 oti, 500 tuyasi, 300 xizmatkor quli, 104 ta savdo do‘koni bo‘lsa, Kalonxo‘ja bu boylikni yanada ko‘paytirdi. Zero, Buxoro hukmdori Abdullaxon II otasining muridi bo‘lgan va uning sa’yi-harakati tufayli boshiga toj kiygan edi. Shu bois uning davrida xo‘jalarning mol-mulki ko‘payib, nafs balosi bilan ovora bo‘lishdi.

 O‘z vaqtida otasi faqat Buxoro xonligi hududi bilan cheklangan bo‘lsa, o‘g‘li Xo‘ja Sa’d Kalonxo‘ja boshqa sharq shaharlaridan ham ko‘plab yer-mulk sotib oldi. Qisqa fursat ichida uning yeri 12 ming gektarga, qullarining soni 1000 nafarga yetib, ot, tuya, qo‘y, uy hayvonlarining esa son-sanog‘i yo‘q edi. Biroq, u shunga ham qanoat qilmay, buxorolik oddiy dehqonlarning yerini tortib olib, ularning yeri ustidan ariq qazdirardi. O‘shanda dehqonlarning Abdullaxon II ga qilgan shikoyati naf bermagandi. Negaki, xon ham Jo‘ybor xo‘jalari oldida ojiz edi. Chunki, taxtga ular tufayli kelgan edi.

Agar Abdullaxon dehqonlar manfaatini himoya qilsa, xo‘jalarning xalqqa ta’siri ko‘pligi bois, saroy o‘yinlari yoki uyushtirilgan «xalq qo‘zg‘olon»lari bois taxtdan chetlashtirilishi aniq edi.

Hofiz Tanish Buxoriyning «Abdullanoma» nomli asarida Jo‘ybor xo‘jalarining Abdullaxon haqida aytgan ayrim so‘zlari keltiriladi:

«Abdullaxon mamlakatda ayrim tartiblar ta’sis etib, faqirlarga ozor yetkazyapti. Agar Buxoroga podshoh bo‘lib qolishni istasa, bu tartiblarni bekor qilsin, aks holda xo‘jalar bunaqa ahvolga toqat qilolmaydilar va u bundan keyin Buxoroga podshoh bo‘lolmaydi...

...Abdullaxon biz bilan bemaslahat Buxoroni Balxga ayirboshlabdi. Balkim u Buxoroda hokimiyatni biror bir kimsaning madadisiz o‘z qo‘limda tutib turibman, deb xayol qilayotgandir?..»

Xullas, Jo‘ybor xo‘jalari hatto, xonga ham tahdid qilib, odamlari orqali unga po‘pisa qilib turishgan. Hofiz Tanish Buxoriy o‘sha tahdidlardan so‘ng, Abdullaxon xo‘jalar yoniga borib kechrim so‘raganini o‘z asarida yozib o‘tgan.

 Shuningdek, ular kimni qayerga, qaysi mansabga tayinlash borasida ham xonga ta’sir o‘tkazib turishgan. Buning ham sababi 1583-yili Abdullaxon taxtga o‘tirganida, an’anaga ko‘ra, toj da’vogarini oq kigizga o‘tqazgan Kalonxo‘ja va uning otasining nufuzida edi.

1598-yilda Abdullaxon II vafot etgach ham, Jo‘ybor xo‘jalari o‘zlari istagan kishini taxtga o‘tqazib, ulardan foydalanib kelishdi. Biroq siyosiy o‘yin va dindan o‘z manfaati yo‘lida foydalangan Jo‘ybor xo‘jalarining behisob mol-mulki keyingi avlodlariga nasib etmadi.

Chunki, ular ana shu pullarga maktab qurib ilm-fanni rivojlantirmay, bid’atni kuchaytirib, avomning ko‘z oldida o‘zlarini aslzoda shajara vakillari sifatida tutishdi. Aslida jo‘ybor xo‘jalari oddiy dehqonlar yerini tortib olib, ular mehnati orqali manfaat ko‘rgan nafsxo‘rlar edilar. Xalq qarg‘ishiga qolgan bunday jo‘yboriylar sababli Buxoro xonligi ma’naviy va iqtisodiy tanazzulga botdi. Natijada Eron, Xiva, Chor imperiyasi bilan bo‘lgan so‘nggi asrlardagi janglar tufayli davlatning harbiy layoqatsizligidan xonlik bora-bora chorizmning mustamlaka holatiga tushdi va Jo‘ybor xo‘jalarining yeru mulki ham talon-taroj bo‘lib ketdi.

Umid Bekmuhammad,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring