Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda avtomashinasi «qamalgan» ota yirik miqdorda aliment to‘lashga majbur bo‘ldi

Buxoroda avtomashinasi «qamalgan» ota yirik miqdorda aliment to‘lashga majbur bo‘ldi

foto: xabar.uz

– Men senga bolalaring uchun aliment to‘layman. Sendan iltimos, jarima maydonidan mashinamni olib chiqishimga yordamlash, – degan qarzdor otaning bu galgi «ijrosi»ni sobiq ayol rad etdi.

– «Bolalaring» emas, bolalarimiz. Sizning yolg‘on va aldovlaringizga qonunan chek qo‘ydirishga haqliman. Menga bolalarimizning salomatligi, to‘q qorni, but kiyimi, tinch hayoti kerak! – dedi aliment undiruvchi A.A.

Salkam uch yildan ortiq vaqtdan buyon voyaga yetmagan 2 nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lovini amalga oshirishdan qochib yurgan Buxoro tumanilik R.D.ning Byuro organlaridan yashirinishga urinishlari bu gal zoye ketdi.

Byuroning Buxoro viloyat boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, yirik miqdorda aliment to‘lovi mavjud bo‘lgan ota byurodan qochib yurgan.

 «Qarzdor ota sobiq turmush o‘rtog‘ining soddaligidan foydalanib, uni juda-juda oz miqdordagi to‘lovlar bilan aldab kelgan. O‘rganuv va ijro harakatlari davomida «MIB-Portal» elektron dasturi orqali berilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, qarzdor nomida «Lacetti» rusumli avtotransport vositasi mavjudligi aniqlandi. Mazkur avtotransport vositasiga nisbatan qidiruv e’lon qilindi. R.D.ga tegishli «Lacetti» Buxoro shahri hududidan topildi va vaqtincha saqlash uchun tegishli tartibda jarima maydonchasiga joylashtirildi», – dedi Ixtiyor Olimov.

Shu holatda ham qarzdor ota yana farzandlari ta’minotini qasddan paysalga solib yurgan. So‘ng u qarzdorlik bartaraf qilinmagan taqdirda, avtomashina elektron savdo maydonchasi orqali kimoshdi savdolariga chiqarilishi hamda uning sotuvidan tushgan pullar aliment qarzdorligiga yo‘naltirilishi haqida qat’iy ogohlantirilgan. Shunda ham qarzdor ota o‘ziga ma’qul yo‘lni tanlab, sobiq ayolini alimentdan voz kechishga ko‘ndirish uchun harakat qilgan. Harakatlari natija bermagach, R.D. 43 million so‘m qarzdorlikni to‘liq to‘lashga majbur bo‘lgan va avtomashinasini jarima maydonchasidan olib chiqqan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring