Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Deputat parlament majlisida otib o‘ldirildi

Deputat parlament majlisida otib o‘ldirildi

Tan olinmagan Abxaziya respublikasi parlamentida ro‘y bergan otishma oqibatida deputat Vaxtang Golandziya halok bo‘ldi.

Fojia 19 dekabr kuni parlament qo‘mitasining kriptovalyutalarga qarshi kurash choralariga bag‘ishlangan majlisida ro‘y bergan.

Xalq noiblari o‘rtasidagi daxanaki tortishuv rosmana jangga aylanib ketgan. Deputat Adgur Xaraziya to‘pponchadan hamkasbi Kan Kvarchiyaga qarata o‘q uzgan. Ziddiyatni bartaraf etishga uringan Vaxtang Golandziya ham og‘ir yaralagan va keyinroq shifoxonada vafot etgan. Deputat Kan Kvarchiya shifoxonada ekani, uning hayotiga tahdid yo‘qligi ma’lum qilingan.

Abxaziya ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Robert Kiut gumonlanuvchi Adgur Xaraziya hodisa joyidan qochib ketgani, uni qo‘lga olish choralari ko‘rilayotganini bildirgan. 

Xabarlarga qaraganda, parlament mayning faoliyatini butunlay taqiqlashni taklif etgan. Deputat Adgur Xaraziya bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Ayni paytda shifoxonada qolayotgan deputat Kan Kvarchiya esa bu taqiqni populizm deya tanqid qilgan. Pirovardida tortishuv insoniy fojia bilan yakunlangan. 

Tan olinmagan Abxaziya respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Badra Gunba favqulodda majlis o‘tkazib, huquq idoralarini tergovni yakuniga yetkazish uchun kerakli choralarni ko‘rishga chaqirgan. 

Rossiya matbuoti yozishicha, Abxaziyada elektr energiyasi taqchilligi sabab mayning faoliyatini butunlay taqiqlash taklif etilgan.

Abxaziya davlat qo‘riqlash xizmati deputatlar daxlsiz shaxs sifatida parlament binosiga kirishda tintuv qilinmasligi, shu vajdan qonunchilik idorasi binosiga qurol olib kirilgani yuzasidan izoh bera olmasligini bildirgan.

So‘nggi vaqtlarda Abxaziyada siyosiy inqiroz kuzatilmoqda. Noyabr oyida tan olinmagan respublika prezidenti Aslan Bjaniya qochib ketdi va vitse-prezident Badra Gunba davlat rahbari vazifasini bajarishni boshladi.

Abxaziya respublikasi 1992 yilda Gruziyadan mustaqillik e’lon qilgan. Bu tuzilmani xalqaro hamjamiyat tan olmagan, BMT hujjatlarida ham Abxaziya Gruziya hududi deb ko‘riladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring