Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxorodagi institut yotoqxonasida ayanchli hodisa yuz berdi

Buxorodagi institut yotoqxonasida ayanchli hodisa yuz berdi

Buxoro muhandislik texnologiya institutida tahsil olib kelayotgan 23 yoshli talabaning o‘z joniga qasd qilganiga oilaviy mojarolar sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Bildirilishicha, holat joriy yilning 4 dekabr kuni Buxoro muhandislik texnologiya institutining talabalar turarjoyi, ya’ni yotoqxonada sodir bo‘lgan. Asli Navoiy viloyati, Navbahor tumanida tug‘ilgan talaba qiz J.K. institutning 4-bosqichida tahsil olib kelayotgan bo‘lgan.

«Qizning otasi yoshligida vafot etgan. U bilan bir xonada yashab kelgan talaba qizlar bilan suhbat o‘tkazilganda, J.K. o‘zidan yoshi kattaroq yigitga fotiha qilinganini aytishdi. Xonadoshlari qizning onasi bilan doimiy tortishib yurishi, oilaviy muammolari borligi, shuningdek, otasi vafot etgach, onasining o‘z qaynakasi bilan noqonuniy yashab kelayotgani haqida ham to‘xtalishdi. Albatta, tergov organlari bu muammolarga oydinlik kiritadi»,-dedi institut mas’ullaridan biri «Xabar.uz» muxbiriga.

Institut matbuot kotibi Shukrulloyevaning so‘ziga ko‘ra, qizining vafotida ona o‘zini ayblamoqda. U qizining o‘z joniga suiqasd qilganini «mening avlodimda shunday kasallik bor» deya tushuntirgan. Ma’lum bo‘lishicha, bundan bir necha yil ilgari marhumaning tog‘asi ham o‘z joniga qasd qilgan.

Institut psixologi Maftuna Teshayevaning esa talabalar Turar joyida yashovchi barcha qizlar bilan doimiy suhbatlar olib borilgani, J.K. ham ushbu suhbatlarning faol ishtirokchisi bo‘lganini aytmoqda.

«Tabiatan og‘ir va bosiq qiz edi. Uning xatti-harakatida biror nojo‘yalik ko‘rmaganmiz. Hatto, fanlarniyam yaxshi o‘zlashtirar, biror marotaba darslarni qoldirmas edi. Hammamiz kutilmagan voqeadan qayg‘uda qoldik»,-deydi Maftuna Teshayeva.

Buxoro viloyati prokuraturasi matbuot kotibi Rustam Berdiyevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, sirka kislotasidan zaharlanish oqibatida ahvoli yomonlashgan talaba qiz ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, shifoxonada vafot etgan.

Ayni paytda holat yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring