To‘qayev uchoqda Yerni to‘rt marta aylanib chiqdi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2024-yil mobaynida samolyotda qariyb 159 ming kilometr yo‘lni bosib o‘tdi. Bu – Yer sayyorasini uning belbog‘i (ekvator) bo‘ylab to‘rt marta aylanib chiqishga teng masofadir.
Shu tariqa Qozog‘iston prezidenti samolyot va vertolyotda jami 245 soat 18 daqiqa vaqt o‘tkazgan.
Ushbu raqamlar Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati tomonidan hozirlangan yil yakunlariga bag‘ishlangan tahlillarda aks etgan.
Qayd etilishicha, To‘qayev yil mobaynida 23 ta xorijiy tashrifni amalga oshirgan, 19 ta xalqaro forum va sammitda qatnashgan. Xalqaro tadbirlar doirasida 27 nafar prezident bilan, 84 nafar davlat, hukumat rahbarlari va boshqa yuqori martabali mas’ullar bilan muzokara o‘tkazgan.
Qozog‘iston 2024-yil mobaynida Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Oziq-ovqat xavfsizligi Islom tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi tuzilmalarda raislik qilgani Ostona tashqi siyosatidagi yutuqlar sifatida qayd etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston prezidentining Yer sayyorasini to‘rt bor aylanishga teng safarlariga O‘zbekistonga tashrif ham kiradi. Avval xabar berganimizdek, 2024-yil aprel oyida Qosim-Jo‘mart To‘qayev Xiva shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ham davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2024-yildagi tashqi siyosiy tadbirlarga, davlat va jamiyat hayotiga daxldor voqealarga boy bo‘lgan serqirra faoliyatiga doir raqamlarni e’lon qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter