Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xususiy notariuslarga oid yangi tartib e’lon qilindi

Xususiy notariuslarga oid yangi tartib e’lon qilindi

Foto: «Xabar.uz»

Hukumat qarori (369-son, 07.07.2022 y.) bilan Xususiy notarial faoliyat bo‘yicha malaka imtihonini tashkil etish yuzasidan davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglament malaka imtihonida ishtirok etish uchun murojaat qilish va imtihonni tashkil etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.

Davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali komissiya tomonidan ko‘rsatiladi.

Talabgor 25 yoshdan kichik va 65 yoshdan katta bo‘lmasligi, oliy yuridik ma’lumotga, yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lishi, shu jumladan notarial idorada kamida 1 yil stajirovka o‘tagan bo‘lishi shart.

Sudyalik lavozimida kamida 5 yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog‘liq lavozimlarida kamida 3 yil ishlagan shaxslar stajirovkadan o‘tmasdan malaka imtihonida ishtirok etishga haqli.

Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, adliya organlarining boshqaruv xodimi (notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan) yoki advokat sifatida kamida 3 yil ishlagan, biroq vakolati tugatilgan vaqtdan boshlab 5 yil o‘tmagan shaxslar 6 oy stajirovka o‘taydi.

Quyidagilar notarius bo‘lishi mumkin emas:

  • muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxs;
  • qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
  • notarius, advokat, tergovchi, surishtiruvchi, prokuror, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolatlari o‘z kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun tugatilgan shaxs – 3 yil mobaynida.

Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun BHMning yarim baravari (150 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Komissiya 20 ish kuni ichida so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘rganib chiqadi.

Malaka imtihoni talabgorning malaka imtihonida ishtirok etishi maqsadga muvofiq deb topilgan xulosa tasdiqlangan kundan boshlab 5 kundan so‘ng, lekin 15 kundan kechiktirmay o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring