Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Trampdan Yevropani xafa, Rossiyani xursand qiluvchi yana bir qadam

Trampdan Yevropani xafa, Rossiyani xursand qiluvchi yana bir qadam

Prezident Donald Tramp Yevropa davlatlari, xususan, Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi AQSh harbiylarini olib chiqishi mumkin. Financial Times gazetasi yozishicha, Rossiya bilan Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda shu talab ham ilgari surilmoqda.

Ingliz nashri AQSh qo‘shini Boltiqbo‘yidan olib chiqilishi oqibatida Yevropa Ittifoqining sarhadlari Rossiya qarshisida zaif bo‘lib qolishidan ogohlantirgan.

«Yevropalik amaldorlar Tramp AQSh qo‘shinini Boltiqbo‘yi davlatlaridan g‘arbga tomon olib chiqishga rozi bo‘ladi deb hisoblaydi. Buning oqibatida YeI Rossiya armiyasi qarshisida zaif bo‘lib qoladi», – deb yozadi muallif Gideon Raxman.

Jurnalist Qo‘shma Shtatlar Yevropa uchun ishonchli ittifoqchi maqomidan mahrum bo‘lganini ta’kidlagan.

The Economist nashri AQShning NATOdagi sobiq elchisi Juli Smitga tayanib yozishicha, Tramp Yevropa davlatlaridan 20 mingga yaqin askarini olib chiqishi mumkin. Bu AQShning Yevropadagi harbiylarining beshdan bir qismi demakdir.

Asosan Polsha, Ruminiya va qisman Boltiqbo‘yida joylashgan ushbu harbiy kontingent Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach, qo‘shimcha kuch sifatida yuborilgandi.

Bunga qadar Shimoliy Atlantika alyansi (NATO) harbiy qo‘mitasi raisi Juzeppe Kavo Dragone ham Qo‘shma Shtatlar Yevropadagi harbiylari sonini kamaytirib, asosiy e’tiborni Hind–Tinch okeanlari mintaqasiga qaratmoqchi ekani haqida bayonot bergandi. 

AQSh qo‘shini Boltiqbo‘yi davlatlaridan olib chiqilishi Rossiya faktori sabab xavotirlarni kuchaytirgan. Ukrainadan keyin aynan Boltiqbo‘yi davlatlari rus armiyasi hujumiga nishon bo‘lishi haqida avvaldan aytib kelinadi. Hatto Tallin va Riga ko‘chalariga rus harbiylari necha soat ichida kirib borishi borasida taxminu farazlar ham ilgari surilgan.

Xatar oshishi fonida Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiya bilan chegarada mudofaa zonasi barpo etish rejasini ham e’lon qilgandi.

Avval xabar berganimizdek, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vensning 14 fevral kuni xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumanidagi nutqi Yevropa siyosiy yetakchilarida vahima uyg‘otdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi hodisalar – AQShning katta-kichik mulozimlari tilidan Yevropaga qarshi tanqidiy fikrlar yangrayotgani, Oq uyning Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralarga Yevropa vakillarini qo‘shmayotgani hamda ko‘hna qit’ada amerikalik harbiylar sonini kamaytirish rejasi kollektiv G‘arb parokandalikka yuz tutgani, Yevropa o‘z mudofaasi uchun o‘zi harakat qilishi lozimligidan dalolat beradi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring