Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Zelenskiyga tahdid qildi

Tramp Zelenskiyga tahdid qildi

Ukraina AQSh taklif etgan foydali qazilmalarga oid bitimni imzolamasa, Vashington bilan munosabatda muammolarga duch keladi. Bu haqda bayonot bergan prezident Donald Tramp Kiyev qisqa muddatda AQShga 400-500 milliard dollarlik kompensatsiyani qaytarish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishiga ishonch bildirgan.

Amerikalik muzokarachilar Ukraina tomonini bitim imzolanmasa, Ilon Maskning Starlink shirkati taqdim etayotgan sun’iy yo‘ldosh interneti ham uzib qo‘yilishidan ogohlantirgan.

Tramp ma’muriyati AQSh tomonidan Ukrainaga urush davrida ko‘rsatib kelinayotgan harbiy va moddiy ko‘mak evaziga Kiyevdan nodir ma’danlardan foydalanish uchun ruxsat talab qilmoqda. Vashington tayyorlagan dastlabki bitim loyihasida AQSh Ukraina hududidagi foydali qazilmalarning 50 foizini tasarruf etishiga doir band mavjud edi. Ammo Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu loyihani rad etgan. Buning ortidan Vashington yangi bitim taklif etgan.

Yangi loyihada esa AQShga 500 milliard dollarlik foydali qazilmalardan foydalanish huquqi berilishi ko‘zda tutilgan.

Zelenskiyning AQSh taklifini rad etgani Trampni darg‘azab qilgan. Boz ustiga, Zelenskiy AQSh va Rossiya vakillari ishtirokida Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan muzokaralarni ham tanqidiy baholagan. Ya’ni Ukraina taqdiriga doir masala Ukraina rahbariyati ishtirokisiz muhokama etilishini qoralagan.

Shu sabab so‘nggi kunlarda Donald Tramp Zelenskiyni bir necha bor keskin tanqid qildi. Uni prezident saylovi o‘tkazmayotgani vajidan “diktator” deb atadi, reytingi 4 foizga tushib ketganini iddao qildi.

Tramp AQSh Ukrainaga 2022 yil fevraldan buyon, ya’ni Rossiya agressiyasi boshlanganidan keyin 350 milliard dollar ko‘mak ko‘rsatganini aytgan. Ammo Zelenskiy Qo‘shma Shtatlar ko‘rsatgan jami ko‘mak 100 milliard dollarga yaqin ekanini bildirgan.

Mirkonomika blogi muallifi, iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning fikricha, AQSh Ukrainaga 2022-2024 yillarda 114 milliard dollar yordam bergan. Ammo bu Qo‘shma Shtatlar YaIMning yillik 0,14 foizini tashkil etadi, xolos.

Financial Times hisob-kitobiga ko‘ra, Ukraina zaminida 11,5 trillion dollarlik foydali qazilmalar mavjud. Ammo har qanday holatda ham AQSh Kiyevdan amalda ko‘rsatgan ko‘magidan ko‘proq tovon talab qilmoqda. 

Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols prezident Zelenskiydan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv imzolashini kutayotganini aytgandi.

Davlat kotibi Marko Rubio ham shunday fikrda. 

“Men unga (Zelenskiyga) biz foydali qazilmalarni olish haqida bitim imzolamoqchi ekanimizni tushuntirdim. Bu Ukraina foydali qazilmalarini talon-toroj etish emas, aksincha, u real xavfsizlik kafolatlari berishga xizmat qiladi”, – degan M.Rubio.

Vitse-prezident Jey Di Vens esa Ukraina AQShning saxovatpeshaligi sabab yashayotanini aytgan.

“Prezident Zelenskiy va uning mamlakati AQShning saxovatisiz yo‘q bo‘lib ketar edi. Shu sabab rahmat aytishsin!” – degan AQSh vitse-prezidenti.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, AQSh tomoni Ukrainaga qurol-aslaha sotishni to‘xtatib qo‘ygan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring