Toshkentda 132 ming qutidan ziyod tamaki mahsulotlari yo‘q qilindi

6-mart, payshanba kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi zavodlardan birida bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan 132 ming 180 quti tamaki mahsulotlari keng jamoatchilik, xususan ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida yo‘q qilindi.
Tadbir Bojxona qo‘mitasi va Majburiy ijro byurosi tomonidan tashkil qilindi.
«Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili» munosabati bilan bu galgi yo‘q qilish tadbirida atrof-muhitga va insonlar salomatligiga zararli ta’sirining oldini olish hamda chiqindilardan oqilona foydalanish maqsadida o‘zi xos yangilikka qo‘l urildi.
Noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan va sud qarori asosida yo‘q qilinishi belgilangan tamaki mahsulotlari yoqib yuborishdan avval qog‘oz o‘rovlaridan ajratildi.
Dastlab sigaret qog‘oz qutilari va asosiy o‘ramlaridan ajratildi, maxsus pechlarda esa faqat sigaret donalari hamda o‘ramda foydalanilgan polietilenning o‘zi yoqib yuborildi.
Sigaretlardan holi qilingan qog‘oz quti va o‘ramlarning barchasi qayta ishlash uchun shu hududdagi tadbirkorlik sub’yekti vakillariga beg‘araz topshirildi.
Tadbirdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida qayd etilishicha, bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 2024 yilda aniqlangan 512 ta holatda qiymati
61,6 mlrd so‘mlik 2,9 mln quti tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida esa 137 ta holatda qiymati 9,3 mlrd so‘mlik 305 ming quti tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari fosh qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter