«Toshkentda shov-shuvli voqea»: jamoat faollari mutasaddilarga «va’daga vafo»ni eslatmoqda

2022 yilda Toshkent viloyati Zangiota tumanida ilk bolalar hospisi ochilgandi.
Toshkent shahrida tayin turarjoyga ega bo‘lmagan keksa ayol bilan bog‘liq hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
7-mart kuni Telegramdagi bir qator kanallarda saratondan aziyat chekayotgan ayolni Toshkentdagi biror bir shifoxona qabul qilmayotgani haqida xabar tarqaldi.
«Toshkentda shov-shuvli voqea: tez yordam bemorni 4 soat bo‘ylab shifoxonama-shifoxona sudrab, oxiri pod’yezdda tashlab ketdi. Mahalla nozirlari ham hayratda: «tez yordam» xodimlari jon holatda yotgan bemorni shunchaki ko‘chaga uloqtirishdi! Eng qo‘rqinchlisi – ular: «Baribir o‘ladi, hech kim uni qabul qilmaydi» deb bemalol ketib qolishgan...
Ma’lum bo‘lishicha, birorta shifoxona ham rakning so‘nggi bosqichida yotgan bemorni qabul qilmagan. Tez yordam esa umid bilan kutgan odamni taqdir ixtiyoriga tashlab ketgan», – deb yozdi «Militsiya Uzb» kanali.
Tarmoqdagi tanqidiy munosabatlardan keyin Respublika tez tibbiy yordam markazi bayonot berdi.
«Fuqaro M.B. (1953-yilda tug‘ilgan, uyi va aniq yashash manzili yo‘q) nomiga 2025-yil 23-fevraldan boshlab tez tibbiy yordam xizmatiga bir necha marotoba murojaatlar qayd qilingan va har safar unga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan», – deyiladi bayonotda.
72 yoshli bemorning tayin yashash joyi yo‘qligi sabab birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgandan so‘ng u chaqiruv manzillariga qaytarib yuborilgan.
Respublika tez tibbiy yordam markazi bayonotidan anglashilishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar va jamoatchilikning talabi ortidan bemor ayol Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialiga yotqizilgan.
Doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan bemorning shifoxonalarga qabul qilinmasligi O‘zbekistonda ko‘pdan buyon muhokama etib kelinayotgan dolzarb masala – hospislar barpo etish muammosini kun tartibiga qaytardi.
Ma’lumot o‘rnida, hospis – tuzalmas xastaliklar, xususan, saratonga chalingan bemorlarga kasallikning oxirgi bosqichida palliativ yordam ko‘rsatuvchi tibbiy-ijtimoiy muassasadir. Ya’ni hospis bemorga umrining so‘nggi kunlarida og‘riq va azob-uqubatlarni kamaytirishga ko‘mak ko‘rsatadi.
O‘zbekiston prezidentining «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida viloyat onkologiya muassasalari tuzilmasida palliativ yordam berish bo‘yicha bo‘limlar, shuningdek, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Urganch shaharlarida to‘rtta mintaqalararo hospislar tashkil etish vazifasi belgilangan.
Jamoat faollari qarorda belgilangan hospislar to‘liq ochilmaganini aytib keladi. So‘nggi hodisadan keyin bu masalaga yanada kengroq e’tibor qaratilmoqda.
«Insondek yashamagan inson hech bo‘lmasa insondek o‘lishini ta’minlash shunchalar og‘ir vazifami? Keling, shu ayolning o‘rniga sog‘liqni saqlash vazirini qo‘yib ko‘raylik. Keling, tajriba uchun vazirni «skoriy»ga o‘tqazib, bir hafta sudrab, sarson qilib ko‘raylik. Yoki hokimni yoki onkologik markazlarni sotib pul qilish reja qilgan boshqa bir vallomat vazirni. Shunda anglashar, balki?
Toshkentda hospis qurish va’da qilinganidan buyon qasam urgan oligarxlar necha marta yangi samolyot sotib oldi? Qul-kasofat shotirlar nechta saroy qurishdi?
Bo‘pti, hospis qurishga 1,5 mln dollar topilmayotgan ekan, bironta binoni vaqtincha topshirsa bo‘larmidi?» – deb yozdi iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov.
Yangi Konstitutsiyaning birinchi moddasida O‘zbekiston «ijtimoiy davlat» ekani alohida qayd etilgan.
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayevga ko‘ra, ijtimoiy maqomdagi davlat har qanday ahvoldagi fuqarolari uchun barcha ijtimoiy xizmatlarni tashkil etib qo‘yishi kerak.
“Saratonga chalingan ayol bilan bog‘liq holat ham «ijtimoiy davlat», masalan, qaysidir yebto‘ymas(lar)ga milliardlab, trillionlab so‘mlik imtiyozlarni berishdan avval, voz kechilayotgan bu pullar aslida shu kabi bemorlarning hayotini yengillashtirishi mumkin bo‘lgan hospislar qurilishini tezlashtirishini o‘ylashi kerakligini ko‘rsatadi... Agar hozir o‘sha, avval va’da qilingan bir necha hospis qurilib, ishlatib qo‘yilganida edi, bu ayolning kuni ham «insoniy» sog‘liqni saqlash tizimimizga qolmasdi», – deb hisoblaydi Muhrim A’zamxo‘jayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter