Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev BAA prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev BAA prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonni tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi.

Mamlakatimiz yetakchisi BAA Prezidentiga mustahkam sog‘lik va farovonlik, davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, do‘st Amirliklar xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi. Davlat rahbarlari butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi munosabati bilan ham bir-birlarini samimiy qutladilar.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyida BAAga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochib, ularni strategik sheriklik darajasiga ko‘targani alohida ta’kidlandi. Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun alohida «yo‘l xaritasi» qabul qilindi.

Yetakchilar O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qo‘shma korxonalar soni izchil ortib bormoqda.

Bugungi kunda 20 milliard dollarlik loyihalar portfeli doirasida Amirliklarning yetakchi kompaniyalari bilan «yashil» energetika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, shaharsozlik va infratuzilma, turizm, xususiy biznes kabi muhim yo‘nalishlarda faol hamkorlik qilinmoqda.

Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» muloqotining ikkinchi sammitini o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring