Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tayvan 2029-yilda «sun’iy intellekt oroli»ga aylanishi kutilyapti

Tayvan 2029-yilda «sun’iy intellekt oroli»ga aylanishi kutilyapti

Illyustrativ foto

Tayvan hukumati «Mustaqil sun’iy intellekt» dasturini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirmoqda. Taipei Times gazetasi yozishicha, mamlakatning xususiy va davlat sektoridagi kompyuterlari ishlab chiqarish quvvatini 2029-yilda 1 200 petaflopsga yetkazish rejalashtirilgan.

Dasturdan maqsad — Tayvanni «sun’iy intellekt oroli»ga aylantirish.

Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Tayvandagi davlat kompyuterlari hisoblash quvvati 19 petaflopsni tashkil etadi, ammo xususiy sektordagi kompyuterlar ham qo‘shilsa 103 petaflopsdan iborat raqam hosil bo‘ladi. Ayni shu jihatlar Tayvanni 2024-yil oxirida jahonda 11-o‘ringa olib chiqdi. Top-10 ga esa AQSh, Yaponiya, Italiya, Shveysariya, Germaniya, Finlyandiya, XXR, Fransiya, Ispaniya va Janubiy Koreya kirgan.

Tayvan fan va texnologiyalar milliy kengashi (NSTC) 2025-yil boshida bergan bayonotga ko‘ra, davlat kompyuterlari umumiy quvvatini 2029-yilda 480 petaflopsga yetkazish mo‘ljallangan. Gazeta xususiy sektorni ham qo‘shganda, o‘sha yili mamlakatning kompyuterlari jami quvvati 1 200 petaflopsdan oshishiga e’tiborni qaratdi.

Tayvanning sun’iy intellekt texnologiyali superkompyuteri 2025-yilning mayida ishga tushiriladi. Orol hukumati superkompyuterlar serverlarini va katta axborot omborlarini joylashtirish uchun ma’lumotlarni ishlovchi ulkan markaz qurishni ham rejalashtirgan. NSTC ma’lumotiga ko‘ra, shu yil oxirida ma’lumotlarni ishlovchi bulutli markaz ochiladi, Taynan shahridagi sun’iy intellekt ma’lumotlarini ishlash hisoblash markazi esa 2029-yilda ochilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring