Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Taksim, gul tutgan terrorchi, 3 ming 9 yillik qamoq jazosi – Istanbuldagi 2022 yil terakt sudi ocherki

Taksim, gul tutgan terrorchi, 3 ming 9 yillik qamoq jazosi – Istanbuldagi 2022 yil terakt sudi ocherki

Turkiyada o‘tgan yil may oyida boshlangan sud yakunlanishiga oz qoldi. Shu kunlarda mamlakat prokurori ayblov xulosasini o‘qimoqda. Istanbulning Istiqlol ko‘chasida portlovchi qurilmani qoldirgan terrorchi ayol Ahlam Albashirga 3 ming 9 yilgacha qamoq jazosi so‘raldi. Yana 35 nafar kishi teraktga aloqadorlikda ayblanmoqda.

Ahlam Albashir

2022 yil 13 noyabrdagi teraktda 6 nafar inson halok bo‘lgan (shulardan 2 nafari bolalar), 99 nafar inson turli darajada jarohat olgan.

Kameralar guvohlik berganda...

Istanbul dengiz to‘lqinlari kelib poyiga uriladigan sohillari, azon aytilganda bir-biriga aks-sado beradigan masjidlari, o‘ziga xos me’moriy yodgorliklari bilangina emas, zamonaviy markazlari bilan ham mashhur. Shaharga kelgan sayyohga albatta Taksim maydonida bo‘lish tavsiya qilinadi. Yegulik, shopping va hordiq! Joyning taxminiy formulasi shunday. Maydonga tutashgan gavjum ko‘chalardagi dargohlarda sayyohlar qatori mahalliy aholi ham xarid qiladi, ovqatlanadi, dam oladi.

«Istiqlol» ko‘chasida o‘sha kun ham odam ko‘p edi. Videokuzatuv tasvirlariga sinchiklab boqing-da.  Yakshanba, tag‘in oqshomga yaqin vaqt bo‘lgani uchun «g‘imir-g‘imir» odamlar harakati bayramni eslatadi. Hamma yasangan, ochiq chehrada, xotirjam. Avvaliga. Keyin esa...

Portlash sodir bo‘lganda tezkor qidiruv xodimlari birinchi bo‘lib kuzatuv kameralaridagi tasvirlarni o‘rganishgan. Jami 1200 ta kamera tekshirilgan. Eng avval aniqlangani – bomba skameykada qoldirilgan sumkada (ryuzakda) bo‘lgan. Sumkani qora hijobdagi ayol tashlab ketgan. Boshida hijobi bo‘lgani bilan kamfulyaj (harbiylar kiyimlari tayyorlanadigan yashil ola-bula mato) shim va kalta yengil kurtkada, hijobini yechsa, kiyinish uslubi sportchilarga xosdek taassurot qoldiradi.

Videokamera qaydlaridan:

15:17. U taksidan tushdi va Taksim maydonida paydo bo‘ldi.

15:25. Istiqlol ko‘chasiga o‘tib kafelardan birining qarshisidan yurib ketmoqda.

15:30. U magazin qarshisidagi skameykaga o‘tiradi. Ryuzagi va paketi yonida.

Skameykada 41 daqiqaga yaqin vaqt o‘tiradi.

16:11. U ryuzagini skameykada qoldirib, o‘rnidan turib ketadi va Taksim maydoni tomon shoshib yo‘l oladi.

16:14. Kuchli portlash ovozi eshitiladi. Sarosimaga tushgan odamlar orasida terrorchi yugurib borayapti.

16:17. U Taksimda taksidan tushgan joyda yana paydo bo‘ladi va taksiga chiqib noma’lum tomon harakatlanadi.

Ayolni kattalashtirgan tasvirlariga diqqat qilsangiz, u makiyajni o‘rniga qo‘ygani, erinmasdan bo‘yanganini ko‘rasiz. Yana bir tasvirda, ishni qilib qo‘yib qaytayotganida qo‘lida qizil gul...  

Bomba ashyolari ichki kiyimda olib kirilgan

Kuzatuv kameralari yordamida jinoyatchi harakati o‘rganilib, u Kuchukchekmechi tumanidagi xonadondan topilgan. Ayol politsiya guruhi uni izlab kelganini bilib, o‘zini yuqori qavatdan tashlash uchun deraza oynasini sindiradi. Lekin, pastga sakrashga va qochishga ulgurmadi. Portlashni sodir etgan ayol Suriya fuqarosi, 1999 yilda tug‘ilgan Ahlam Albashir edi.

Videoyozuvda Albashirni Taksim maydoniga olib kelgan avtomobilda haydovchidan tashqari yana bir erkak  ko‘rinadi. U Ahlamni nikohiga olgan Bilol Al-Hassan edi. Ular birgalikda Suriyadan Turkiyaga noqonuniy tarzda o‘tgan. Bilol bomba yasashida asqotgan ashyolarni Ahlamning ichki kiyimi ichida yashirgan, unga qopga o‘xshash kiyim kiydirgan holda yashirin yo‘llar bilan mamlakatga kirib kelishgan. Istanbulgacha yo‘lda mingan mashinalarni bir necha marta  almashtirishgan.

Bu ikki jinoyatchi avvaliga Istanbuldagi tekstil korxonalaridan birining sohibi, terror tashkiloti bilan aloqasi bo‘lgan Habeshning Eneslar deb ataladigan hududdagi uyida 3 hafta yashagan. Juftlik yashash uylarini tez-tez almashtirib turgan.   

Ular er-xotin sifatida ko‘rinish berishgan. Istiqlol ko‘chasidagi portlashga 4 oy birgalikda tayyorgarlik ko‘rishgan. Ma’lum bo‘lishicha, terrorgacha, Albashir joyni bir necha marta kelib o‘rgangan, razvedka qilgan.

«Hoji» kod ismli kishidan maxsus topshiriq

Terakt Suriyada qo‘nim topgan Kurdiston ishchi partiyasi (Xalq himoyasi partiyasi) deb atalgan terror guruhi topshirig‘iga binoan bajarilgani aniqlangan. 

Ayblov xulosasida aytilishicha, Albashir kurdlar tashkilotining Suriyada ta’siri katta bo‘lgan Mupbich shahrida tug‘ilgan. U Turkiyaga kelguniga qadar tashkilotning yuqori mavqeli rahbarlaridan biri sanalgan «Hoji» kod ismli kishining nazoratida bo‘lgan. Er-xotin uning tazyiqi va buyrug‘i ostida Turkiyaga kelgan.

Ma’lum bo‘lishicha, terrorchi portlash kunida uni olib kelgan taksida 8, 22 oktyabr, 4 noyabrda Taksimga va 18 oktyabrda  Fotih masjidiga kelib joyni o‘rgangan. Shunda u atrofdan bir qancha suratlar va videotasvirlar tushirgan. Ularni «Hoji»  kod ismli kishiga jo‘natgan. Aynan shu tasvirlarni olgan telefonni portlash kunida Ahlam Taksim maydonida taksidan tushishi oldidan Bilol sindirgan va ayolning qo‘liga oddiy, raqamli telefon bergan. Voqea oldidan, so‘nggi daqiqalargacha ayol telefon orqali «Hoji»ning ko‘rsatmasi bilan «ishlagan».  

Darvoqe, Bilol ayolni Taksimda qoldirib ketgandan so‘ng, taksichi uni boshqa joyga olib borib qo‘ygan. U yerdan sudlanuvchilardan biri Ammar Jarkos uni  Bolgariyaga o‘tkazib yuborish uchun Edernega olib borgan. Shundan so‘ng Bilolning izi yo‘qolgan. Ekspertlarning fikricha, ayolning voqea joyida 41 daqiqada qoldirilishi, bu Bilolning qochib qolib, izini yo‘qotish uchun yetarli muddat bo‘lgan.

Teraktni Kurdiston ishchi partiyasi (Xalq himoyasi partiyasi) bo‘yniga olmagan va ularning faoliyati tinch aholiga qaratilmaganini ma’lum qilgan. Lekin, suriyalik juftlik kimdir moliyalashtirmasa va qo‘llamasa, o‘z-o‘zicha qo‘shni mamlakatga kelib, teraktni sodir etolmasligi ham bor gap.

Prokuror so‘zi

Jumhuriyat prokurori Furkan Kafali suddagi xulosasida mudhish hujumda ayblanuvchi Ahlam Albashir «davlat birligi va mamlakat yaxlitligini buzishga harakat» aybi uchun umrbod qamoq jazosi, «Jangari terror tashkilotiga a’zoligi uchun» 7 yil 6 oydan 15 yilgacha og‘irlashtirilgan holatdagi qamoq jazosi, «Oldindan rejalashtirilgan bomba portlatishi natijasida qasddan bola o‘limi» uchun umrbod qamoq jazosi, «oldindan rejalashtirilgan portlatish tufayli qasddan qotillik» aybi uchun 5 martaga og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosi, 99 nafar insonning hayotiga «oldindan rejalashtirilgan bomba portlatish orqali tahdid solish» uchun 1930 yildan 2 ming 970 yilgacha qamoq jazosi, «xavfli ashyoni qonunga xilof tarzda saqlash yoki yetkazish» aybi uchun 7 karra 12 yildan 24 yilgacha og‘irlashtirilgan holatdagi, jami 1949 yildan 3 ming 9 yilgacha qamoq jazosini so‘radi.

«Suriyaga ketishga tayyorman!»

25 yoshli ayblanuvchi Ahlam Albashir mahkama jarayoni so‘nggi so‘zida shunday dedi: «Men uning bomba ekanini bilmasdim. Ahmed, Ammar va boshqa kishilarning bunga aloqasi yo‘q. Ular menga turist sifatida bor va suratga tushir degan edilar. Men voqeada halok bo‘lgan insonlar uchun tunlari uxlay olmayman. Men o‘zim yetimman va boshqa birovning yetim qolishini istamayman. Men ayrim insonlarga yetkazish uchun qo‘limdan kelganini qildim. Suriyaga qochganlarni qo‘lga olinishi uchun Suriyaga ketishga tayyorman. Ra’noning uyida bo‘ldim, tuzini yedim. Fotimaning uyida bir qancha vaqt qoldim. Ularning terrorga aloqalari yo‘q. Ular bu holatda aldandilar. Menga ne bersalar e’tiroz bildiraman».

Seni kim endi Suriyaga jo‘natadi, Alham? «Uning bomba ekanini bilmasdim» degan Alham voqea kuni  skameykadan turishdan oldin bomba haqida politsiyaga xabar bermoqchi bo‘lgani, lekin turk tilini bilmagani uchun qo‘ng‘iroq qilolmagani haqida tergovda ko‘rsatma bergan.

Halok bo‘lganlar yodi

Teraktda 6 nafar inson halok bo‘lgan. Oddiy bir kunini bayramga aylantirishni istagan, nimadir xarid qilib berib yaqinini xursand qilmoqchi bo‘lgan kattalar, dunyo-dunyo orzular bilan yashayotgan bolalar. Mudhish portlash ortidan 3 xonadondan qo‘shaloq tobutlar chiqdi.

Bir ona va qizi, bir ota va qizi, er-xotin. Ularning eng kattasi 40 yoshda, eng kichigi 9 yoshda.

38 yoshli Arzu Orsoy o‘qituvchi. U 15 yoshli qizi Yamg‘ir bilan bo‘lgan.

34 yoshli Yusuf Meydan Adanada yashagan, shu kuni Istanbulga  9 yoshli qizalog‘i Ejinni olib kelgan ekan.

Topkaralar oilasida ikki go‘dak ota-onasiz qoldi. 37 yoshli ayol va 40 yoshli erkakning uylarida sakkiz oylik chaqalog‘i va 2 yoshli qizaloqlari ota-onasi bilan nima bo‘lganini anglamas edilar.

Portlash bo‘lgan joy xotira maydonchasi sifatida o‘rab olingan. Bugunda ham u yerdan gullar arimaydi.

***

Bir qarashda 3 ming yillik qamoq jazosi mantiqsizdek ko‘rinadi. Zero, dunyo dunyo bo‘libdiki, bu muddatning o‘ndan birini ham yashagan inson yo‘q. Lekin, ayblov tomoni jinoyat qanchalik og‘ir ekanini ta’kidlash uchun umrbod qamoq jazosini raqamlarda ifodalagan. Turkiyada o‘lim jazosiga 2004 yilda moratoriy e’lon qilingan. Aslida tirik qolib, har kuni necha bor o‘lishdan ortiq jazo yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring