Shohanshohning parvozi va inqirozi
Bollivud dunyosida o‘ziga xos munosib iz qoldirgan, qahramonlari g‘am-anduhga berilishi bilan tomoshabinlar qalbini zabt etgan aktyorlardan biri Rajendra Kumardir. U g‘am-g‘ussa, iztirobni shu qadar namoyon eta olardiki, muxlislar beixtiyor yig‘lab yuborishardi. Nima bo‘lganda ham, o‘tgan asrning 60-yillarida Rajendra Kumarning ekrandagi ko‘z yoshlarini ko‘rish uchun ayollarning teng yarmi barcha ishga tayyor edilar. Afsonalarga ko‘ra, bolaligida Rajendra Kumarni changalzorda zaharli qo‘ng‘iz chaqqan, shundan so‘ng u bor dard, anduhlarini qahramonlarida jo etgan ekan. Bu haqiqatga qanchalik yaqinligi noma’lum bo‘lsa-da, biroq aktyorning rollari oltin merosga aylangani bor gap...
Uzoq yetti yil...
Rajendra Kumar (Tulli) 1929 yil 20 iyulda Hindistonning Sialkot (G‘arbiy Panjob) hududida tavallud topgan. Hindiston ikkiga bo‘lingach, u ta’lim olishni Dehlida tugatdi. Shundan so‘ng ko‘p sonli Kumarlar oilasi Bombeyga ko‘chib o‘tdi. Yosh Rajendra omad qushining dumidan tutish umidida kecha-yu kunduz kino maydonidan chiqmasdi.
Uning ishtirokidagi eng birinchi kinoasar uncha-muncha kinoasar bo‘lmay, Dilip Kumar va Nargis ijrosidagi «Mela» (1948) nomli xit film edi. Mazkur kartinada Rajendra kichkina rol ijro etdi. «Mela» Dilipni yulduzga aylantirdi, Rajendrani esa hech kim ilg‘amadi. U rejissyor X.S.Ravaylning yordamchisi bo‘lib ishlay boshladi va Kidar Sharmaning «Jogan» (bosh rollarda o‘sha Dilip Kumar va Nargis) filmida yana epizodik rolni ijro etdi. Shunday qilib, uzoq yetti yil kerak bo‘ldi. Nihoyat Rajendra «Vachan» (1955) filmida bosh qahramonni o‘ynadi. Shu ondan e’tiboran u o‘zini zamonasining istiqbolli aktyori sifatida e’lon qila boshladi.
Rejissyor Mahbub Rajendrani olamshumul «Ona Hindiston» loyihasiga taklif qildi. U Nargisning uncha ahamiyatli bo‘lmagan «yaxshi o‘g‘li» rolini o‘ynashi kerak edi. Filmdagi «yomon o‘g‘il» esa keng qamrovli rol bo‘lib, yosh aktyor Sunil Dattga nasib etdi. Rajendra Kumar o‘z rolini qoyilmaqom qilib o‘ynadi.
1959 yili suratga olingan «Gunj Uthi Shehnai» filmi uni katta liga aktyorlari safiga olib chiqdi. Rajendra Kumarning ma’yus qiyofasi, mayin ovozi va qalblarni titratuvchi ko‘z yoshlari (glitserinli shisha idishdan foydalanishga hojat qolmasdi) ta’sirchan kino muxlisalarining yuragini ezib yubordi.
1960 yili kinoyulduz Sadxana rejissyor X.S.Ravaylning «Mege Mehboob» filmida rol ijro etish uchun shartnoma imzolashga ikkilanib turganida Xrishikesh Mukerji taklifni qabul qilishni maslahat berdi. Buni esa oddiygina izohladi: loyihada Rajendra Kumar ishtirok etar ekan – muvaffaqiyat ta’minlandi, degani! O‘sha vaqtlarda Rajendraning yuksak filmlarni tanlash bobidagi o‘tkir aql-zakovati borasida afsonalar yurardi.
1959–1966 yillar mobaynida Rajendra Kumar favqulodda muvaffaqiyatga erishdi. Uning ishtirokidagi «Dil Ek Mandir», «Arzoo», «Sasuraal» va, shubhasiz, «Changda qolgan gul» hamda «Sangam» yuz foizli xitlarga aylandi va aktyorga «Yubileyli Kumar» nomini olib keldi. U «oltin ekran»ning yetakchi qahramonlari – Mala Sinx, Sadxana, Vijayantimala, Sayrabonu, Mina Kumari va boshqa aktrisalar bilan betakror rollar ijro etdi.
Aftodahol qahramonlar
Panjoblik oddiy yigitcha o‘n yil davomida Bombey kinoindustriyasining eng badavlat kishilaridan biriga aylandi. Uni «shohanshoh Midas» deyishar – aktyor ekranda shunchaki paydo bo‘lishi bilan filmni shlyagerga aylantirar va prodyuserlarga misli ko‘rilmagan pullar oqib kelardi. Rajendra nimagaki teginsa, oltinga aylantiradigan afsonaviy shohga o‘xshardi.
Umuman, 60-yillar melodramasini Rajendra Kumarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Muxlislar Shammi Kapurning isyonkorona asovligi va Rajendraning o‘rtaguvchi rollari o‘rtasida talvasaga tushishar, bu borada R.Kumar ijro etgan qahramonlarning xonimlarga nazokat ila munosabatda bo‘lishi ustun kelardi. Ko‘p o‘tmay, u maqsadiga yetdi: his-hayajonga limmo-lim qahramon-oshiqning amalda raqobatchilari yo‘q edi.
Rajendra yangi cho‘qqilarga ro‘para qilgan muvaffaqiyat to‘lqini bo‘ylab ketuvchi oqimga kirgan edi. «Sasuraal» va «Gharana» oilaviy melodramalari (har ikkisi ham 1961 yili ishlangan) hind ekranidagi bosh alamdiydaning nufuzini mustahkamladi. Psixiatrlar asabi zaif mijozlarga mazkur kinoasarlarni tomosha qilishni tavsiya qilishgan. Bu – fakt! Ya’ni, tomoshabinlar zalidagi osudalik qo‘ynida yig‘lash – dunyodagi eng yaxshi terapiya!
Xuddi o‘sha yili «Changda qolgan gul» ekranlarga chiqdi. Ushbu film ham tomoshabinlar qalbini sel qilib yubordi. «Changda qolgan gul»dagi insonparvarlik, olijanoblik tuyg‘ulari va mehr-oqibat tushunchalari millionlab tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi. Oradan ikki yil o‘tib, Rajendra Kumar ishtirokidagi «Dil Ek Mandir» filmi yanada sermazmun, ta’sirli chiqdi. Rajendraning qahramoni sevgilisi va sobiq erining baxti uchun o‘zini qurbon qiladi.
Alxusus, 60-yillarda ekrandagi muhabbat uchburchaklari Rajendrasiz kamdan-kam suratga olingan. Ikki yigit va bir qiz o‘rtasidagi ehtiroslar jo‘sh urgan bitmas-tuganmas syujetga ega filmlar muxlislarni ohanrabodek o‘ziga tortardi. Bunday kinoasarlar juda ko‘p: «Mege Mehboob» (Sadxana va Amita), «Auyeye Milan Ki Bela» (Sayrabonu va Dxarmendra), «Hayot» (Vijayantimala va Raj Kapur), «Arzoo» (Sadxana va Feruz Xon) va shu kabi mavzularning eng cho‘qqisi hisoblangan bebaho «Sangam» (Vijayantimala va Raj Kapur)...
Raj Kapur «Sangam»dagi Gopal roliga dastlab fojialar qiroli Dilip Kumarni taklif qilmoqchi edi. Raj bilan «Minerva» kinoteatrida arzonga tushmagan tushlik ziyofatlari tufayli Rajendra «badbaxt bechora Gopal»ni o‘ziga so‘rab oldi. Birma tilida «murxur» degan so‘z bo‘lib, hayotga moslasha olmagan sho‘rlik, mavjudotni anglatadi. Hech kim ijro eta olmasa-da, aynan Rajendra bunday murxurni ekranda gavdalantirish va tomoshabinlarning ko‘z yoshini Gang suvlariday oqizishni juda yaxshi bilardi. Aytildimi – bajarish kerak!
Film davom etadigan uch soat mobaynida bechora Gopal tomoshabinning shundoq ko‘zi oldida so‘na boradi. U parishon nigohi bilan boqadi, g‘amgin qo‘shiq kuylaydi, pirovardida esa aftodahol bo‘lib o‘zining yuragiga qarata o‘q uzadi. Bu tarzdagi azob-uqubat afsonaga, beg‘araz, fidokorona muhabbat esa Bollivuddagi kuchli halqaga aylanadi.
Kurash, shon-shuhrat, muhabbat va xastalik
Yana o‘sha Vijayantimala bilan «Suraj» filmidan so‘ng Rajendra Kumarning og‘ir damlari boshlandi. Uning ishtirokidagi «Aman» va «Palki» (1967), «Jhuk Gaya Aasmaan» va «Saathi» yoki «Shatranj» (1969) tomoshabinlarga faqat tasavvurning g‘oyib bo‘lgan anduhlari va bosh og‘rig‘ini berdi. Rajendra «Anjana» (1969) hamda «Talash», «Geet», «Ganwaar» (barchasi 1970 yilda suratga olingan) filmlarida ishtirok etmay, qisqa fursatli ta’tilni ma’qul ko‘rdi. Ayni shu damda yangi ko‘rkam aktyor – Rajesh Kxannaning ekranda paydo bo‘lishi ayollar qalbini xuddi aylanib turadigan ventilyator kabi boshqa tomonga burib yubordi. Rajendra nafaqat o‘ziga tegishli rollarni, balki uzoq vaqt munosib joy egallash uchun kurashib kelgan oftob ostidagi joyni ham unga topshirganini bilmagan edi.
70-yillarning boshlari Rajendra Kumarning o‘z iste’dodini behuda sarflashiga sabab bo‘ldi. Uning Xema Malini bilan juftlikda ijro etgan «Gora Aur Kala» (1972) filmidan tashqari o‘n bitta kinoasar tanazzulga uchradi. Rajendra epizodik rollar bilan chekinishga majbur bo‘ldi. Faqat 1978 yili «Saajan Bina Suhaagan»da ijro etgan kutilmagan bosh rol unga omad olib keldi, xolos. Avvalgi «shohanshoh Midas» nufuzi tiklandi, biroq, afsuski, Rajendraga bu taxtda uzoq vaqt o‘tirish nasib etmadi.
Jimjitlik boshlandi. Amitabx Bachchan, Shashi Kapur va Vinod Kxanna ekranga hukmronlik qilib turgan bir pallada Rajendra Kumar o‘z vaqtini xotini Shukla va uch nafar farzandi – o‘g‘li Manuja (Kumar Gaurav), ikki qizi bilan o‘tkazdi va nima qilish kerakligi haqida chuqur o‘yga berildi.
Uzoq mulohazakorlikning mahsuli 1981 yili ekranlarga chiqqan, bosh rolni Gaurav ijro etgan «Muhabbat tarixi» filmi bo‘ldi (Denni, Amjad Xon va Aruna Irani ishtirokida). Mazkur kinoasar Rajendra Kumarning oqqush qo‘shig‘i bo‘lib, o‘zi rejissyorlik qilgan va shov-shuv keltirib chiqargan edi. Achinarlisi shundaki, «Muhabbat tarixi» uning tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan oxirgi kinoasar bo‘lib qoldi. Rajendra «shohanshoh Midas» nufuzidan ayrildi: Gaurav bilan keyingi loyihalar unga faqat ziyon keltirdi.
1998 yilgacha Rajendra Kumar kinoda kichik rollar ijro etdi. Ishtirokidagi so‘nggi film esa «Zamin» bo‘lib qoldi.
1999 yilning 12 iyulida Rajendra Kumar suyak saratonidan vafot etdi (ayrim manbalarda aytilishicha, 29 iyulda – yetmish yillik yubileyidan to‘qqiz kun o‘tgach, hayotdan ko‘z yumgan). U umri mobaynida bir marta ham dori iste’mol qilmagan va taqdirning mo‘’jizakor hazili tufayli qahramonlarining kulfat-alamlarini haqiqatda o‘zining boshidan o‘tkazgan.
Kurash, shon-shuhrat, muhabbat va xastalik – Rajendra Kumar hammasini ko‘rdi. Uning hayoti o‘zi abadul-abad qolgan Bollivud melodramalariga o‘xshaydi. Rajendra Kumar axloqiy aziyat, muhabbat yo‘lida qurbon bo‘lish va ko‘z yoshlarning ramzi bo‘lib qoldi.
U Hindistondagi eng badavlat kishilardan hisoblangan va xayriya uchun juda ko‘p pul sarflagan. Rajendra Kumar falsafa doktori unvoniga ham ega bo‘lgan.
Ota ishining davomchisi
Rajendra Raj Kapur oilasi bilan yaqin do‘st edi. Har ikki ota-ona farzandlari Kumar Gaurav va Rimani nikohlash orzusida edilar. Ammo yoshlar bunga qarshi chiqib, ota-onalarining do‘stligiga nuqta qo‘yildi.
Rajendraning o‘g‘li, aktyor Gauravning shaxsiy hayoti maromida. Uylanishiga qadar esa mish-mishlar oralagan edi. Gap shundaki, filmdagi hamkor aktrisa Vijayenta Gauravni sevib qoldi. Bu bejiz emas: Kumar bugungi kunga qadar ko‘rkamligini saqlab qolgan. Vijayenta unga turmushga chiqishni xohlardi, biroq Kumarning otasi Rajendra, noma’lum sabablarga ko‘ra, bunga qat’iyan qarshi chiqdi. Oqibatda aktrisa bastakor Adesh Shrivastavga tegib ketdi.
Kumar Gaurav esa Bollivud afsonasi mashhur Sunil Dattning qizi Namrataga uylangan. Ularning ikki nafar farzandi bor. Bu oilaga begona ko‘zlar olayib qaramaydi. Otasining vafotidan so‘ng (2005) Namrata ikki qizining tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ldi.
Yillar o‘tayotir. Afsonaviy Rajiv Kumarning o‘g‘li Kumar Gaurav ko‘zoynaksiz yura olmaydi – ko‘rish qobiliyati past! Endi romantik rollarni o‘ynashi dargumon. Darvoqe, u rejissyor Sanjay Lila Bxansaliga soqov qiz haqidagi filmini «Zulmat» deb nomlashni taklif qilgan (Amitabx Bachchan, Rani Mukerji ijrosida). Minnatdorchilik sifatida Sanjay Kumar Gauravning ismini titrda qayd etdi.
– Men o‘zim ishlagan har bir rejissyordan nimadir o‘rgandim, – deydi Kumar Gaurav. – Shunga amin bo‘ldimki, bu o‘rganganlarim nihoyatda qadrli ekan.
Minnatdor bo‘lish – Kumar Gauravning fazilatlaridan biri. Garchand Kumar ishtirok etgan filmlarning barchasi mashhur bo‘lmasa-da, uni «shokolad shahzoda» sifatida eslashadi. Orzulari ushalmagan bunday qahramonlar hech qachon unutilmaydi. Zotan, Bollivud afsonasi Rajendra Kumarning o‘g‘li Kumar Gaurav shunday deydi: «Qalbingga quloq sol va nimani muhim deb hisoblasang, shuni amalga oshir».
Akbar Fathullayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter