Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saylov ochiq va shaffof o‘tadi. AKT vaziri bunga qanday hozirlik ko‘rilganini ma’lum qildi

Saylov ochiq va shaffof o‘tadi. AKT vaziri bunga qanday hozirlik ko‘rilganini ma’lum qildi

Foto: AKT vazirligi

Shu yilning 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov «Xabar.uz»ga ushbu muhim siyosiy jarayonni tashkillashtirish va o‘tkazishni soddalashtirish, saylovning ochiq va shaffof o‘tishini ta’minlashda axborot texnologiyalaridan keng foydalanilayotgani haqida ma’lumot berdi:

— «Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar» shiori ostida o‘tayotgan bu kampaniya mamlakatimiz siyosiy hayotidagi g‘oyat muhim voqeadir.

Saylov  jarayonlarining muhim ekanligini Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda, «Har bir yurtdoshimiz o‘zining konstitutsiyaviy va fuqarolik burchini, Vatanimiz taqdiri va kelajagi oldidagi mas’uliyatini anglab, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz tinchligi va farovon hayoti uchun, farzandlarimizning baxti va kamoli uchun ovoz beradi», deb ta’kidlagan edi.

Bugungi kunda axborot texnologiyalarini davlat boshqaruvining har bir pog‘onasida qo‘llanishi, uning o‘rni oshishi davlatning ijtimoiy va siyosiy rivojlanishiga olib kelmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda dunyoning rivojlangan davlatlarining saylov jarayonlarida internet va zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda.

Axborot va internet texnologiyalarini rivojlanishi saylov jarayonini tashkillashtirish va o‘tkazishni soddalashtirishga, uning infratuzilmasini rejalashtirishda yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda. Xususan, axborot texnologiyalarini saylov jarayonlarida qo‘llanishi saylovning ochiqligi va shaffof o‘tishini ta’minlamoqda.

O‘z navbatida, mamlakatmizda ilg‘or davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda saylov jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar olib borilmoqda. Bu borada, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-oktyabrdagi «Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan O‘zbekiston saylov jarayonini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda isloh qilish nazarda tutilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga bir qator vazifalar yuklatilgan. Bulardan biri bu Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini yaratish va O‘zbekiston saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish vazifasidir.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining yangi tahriri qabul qilindi va mazkur tahrir bilan saylov kodeksiga bir qator yangiliklar kiritildi. Bunday yangiliklaridan biri saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidir.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatining asosiy vazifalaridan biri bu «bir saylovchi – bir ovoz» tamoyilini to‘liq va bexato amalga oshirishdir.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan bugungi kunda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, jahon tajribasini o‘rgangan holda Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi ishlab chiqildi va joriy yilning 22 dekabr kunida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlari saylovlari jarayonida qo‘llash uchun joriy etildi.

Hozirda ushbu axborot tizimda jami 6 720 ta Oliy Majlis, viloyat va tuman (shahar) saylov okruglari, 10 253 ta saylov uchastkalari hamda 170 313 ta uchastka saylov komissiyalarining a’zolari to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar jamlangan.

Respublika bo‘yicha jami 35 mingdan ortiq okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari, operatorlari hamda siyosiy partiyalar a’zolarining Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalari oshirildi.

Operatorlar tomonidan axborot tizimida ishlash jarayonida yuzaga keladigan muammolarga tezkorlik bilan yordam berish maqsadida uzluksiz (24 soat) ishlaydigan foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash (Call-center) markazi tashkil etildi.

Shu bilan birga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini to‘laqonli ishlashini ta’minlaydigan yana bir omillaridan biri saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirildi. Mazkur ro‘yxatga O‘zbekiston Respublikasi saylov yoshidagi 20,5 mln. dan ortiq fuqarolar kiritilgan.

Bugungi kunda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan to‘liq integratsiya qilingan. Shuningdek, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi saylov oldi, saylov davri va saylov yakunlarida tezkor hamda aniq ma’lumotlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining kiber-tahdidlardan himoya qilishga hamda uning uzluksiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rildi. Mazkur axborot tizimining uzluksiz va sifatli ishlashini ta’minlash uchun 16 mingdan ortiq saylov okruglari va uchastkalari yuqori tezlikdagi va uzluksiz internet tarmog‘iga ulangan. O‘z navbatida mazkur okrug va saylov uchastkalarini telefonlashtirish bo‘yicha ishlar yakunlandi hamda ular zamonaviy kompyuter va ofis texnikalari bilan ta’minlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori doirasida joriy yilning 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlari saylovlarida sinov tariqasida  fuqarolar biometrik pasporti ma’lumotlarini identifikatsiya qilish qurilmalari qo‘llaniladi. Hozirda mazkur maqsadda respublika hududlaridagi 20 ta saylov uchastkalari tanlab olindi va ularda fuqarolar biometrik pasporti ma’lumotlarini identifikatsiya qilish qurilmalari o‘rnatildi. Ushbu qurilmalar Saylov jarayoni bilan integratsiya qilingan bo‘lib, saylovlar kunida tanlab olingan uchastkalarida saylovchilarga qulaylik yaratish, ya’ni saylovchini ro‘yxatga olish davrini qisqartirishga, ortiqcha qog‘ozbozlikni yo‘qotishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, sinov tariqasida saylov jarayonlarini  ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun hududlardagi 60 ta saylov uchastkalari tanlab olinib, ularga 120 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Mazkur videokameralar saylov uchastkalaridagi saylovlar jarayonini  to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet jahon tarmog‘iga uzatatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti ham jahon standartlariga muvofiq takomillashtirish ishlari olib borildi. Mazkur veb-sayt orqali «Saylov uchastkangizni aniqlang» elektron interaktiv xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda saylov O‘zbekiston saylov jarayoniga axborot-texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar kelgusida respublikada mukammal saylov tizimini shakllantirishga qo‘yilgan birinchi qadamdir», dedi AKT vaziri.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring