«Ramzan Qodirov O‘zbekiston xalqidan uzr so‘rashi kerak» — deputat
Deputat Odiljon Tojiyev Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishi, shuningdek, o‘zbek davlat amaldorlariga nisbatan tahdid bildirishi yoki bosim o‘tkazishini mutlaqo qoralashini ma’lum qildi.
«Bunday harakatlar ikki do‘st davlat munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va har ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga zarar yetkazishi mumkin.
Men Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasidan Ramzan Qodirovning o‘zbek mulozimlariga tahdidi yuzasidan holatga huquqiy baho berishini so‘rayman. Bundan tashqari, Ramzan Qodirov o‘zining kechagi munosabati uchun O‘zbekiston xalqidan ochiqdan-ochiq uzr so‘rashi kerak. Shu bilan birga, agar u do‘st bo‘lsa, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga qidiruvda bo‘lgan Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovni topishda amaliy yordam berishi va uni O‘zbekistonga topshirishi lozim», deydi deputat.
Ma’lumot uchun, Ramzan Qodirov o‘zining telegram kanalida Komil Allamjonov va Dmitriy Liga qilingan suiqasdlarga munosabat bildirib, «agar men buni uyushtirganimda, ishni o‘sha kuni tugatgan bo‘lardim», deb yozdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Komil Allamjonov ishi bo‘yicha ikki Rossiya fuqarosi — Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovlar qidirilayotganini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter