Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentlik saylovining birinchi turi haqqoniy o‘tdi — Ruminiya Konstitutsion sudi

Prezidentlik saylovining birinchi turi haqqoniy o‘tdi — Ruminiya Konstitutsion sudi

Foto: Meduza LIVE

Ruminiya Konstitutsion sudi prezidentlik saylovining birinchi turini haqqoniy o‘tgan deb hisoblab, uning natijalarini tasdiqladi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Birinchi turda Rossiyaga yon bosuvchi ultra o‘ng siyosatchi Kelin Jeorjesku eng ko‘p ovoz to‘plagan edi.

To‘qqiz nafar sudyaning barchasi saylovda ovoz berish natijalarini bekor qilish va ovozlarni qayta sanash bo‘yicha protestni bir ovozdan rad etishdi. Konstitutsion sud raisi Marian Enakening aytishicha, Ruminiya saylov komissiyasi ovoz berish jarayonida qonun buzilishlarini aniqlamagan.

62 yoshli Jeorjesku mamlakat prezidentligi uchun saylovda mustaqil nomzod sifatida qatnashmoqda. Uni Ruminiyadan tashqarida deyarli hech kim tanimaydi. Prezidentlikka nomzodlar orasida jiddiy raqib sanalmayotgandi, saylovoldi kampaniyasini asosan internetda, xususan, TikTok platformasida olib borgan. Shunga qaramasdan, birinchi turda hammadan ko‘p — 22,94 foiz ovoz to‘plashi shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng birinchi turda mag‘lub bo‘lgan ikki nomzod saylov natijalari ustidan mamlakat Oliy sudiga da’vo kiritib, Jeorjeskuni o‘z saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirish manbalarini oshkor qilmaganlikda ayblashgandi.

Qolaversa, Ruminiya milliy muhofaza oliy kengashi favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, ijtimoiy tarmoqlar va ommalashgan internet-platformalar saylov jarayoni va mamlakat uchun qanday xatarlar tug‘dirishi mumkinligi muhokama qilingan.

8-dekabrga belgilangan 2-turda «Ruminiyani qutqarish ittifoqi» o‘ng-markaz liberal partiyasi yetakchisi Yelena Laskoni Kelin Jeorjeskuga raqib bo‘ladi. Birinchi turda Laskoni 19,18 foiz ovoz to‘plagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring