Oqtovdagi aviahalokat bo‘yicha vaziyatni Ozarbayjon prezidenti shaxsiy nazoratiga oldi
Boku–Grozniy samolyoti Oqtov (Qozog‘iston)da halokatga uchraganidan so‘ng Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyaga tashrifini bekor qilib vaziyatni shaxsiy nazoratiga oldi. Bu haqda Ozarbayjon prezidentining matbuot xizmati bayonot berdi.
Aliyev 25-26 dekabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi hamda Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida qatnashish uchun Rossiyaga uchayotgan edi.
Xabarga ko‘ra, Oqtovdagi halokat paytida Ilhom Aliyevning samolyoti Rossiya havo kengliklarida bo‘lgan. Unga xabarni yetkazishganidan so‘ng darhol samolyotni ortga qaytarishni buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, Azerbaijan Airlines kompaniyasiga qarashli samolyot bugun, 25-dekabr tongida Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri yaqinida qulab tushgan. Grozniyda tuman qalinligi bois Maxachqal’aga yo‘naltirilgan samolyot qushlar galasiga to‘qnashganidan so‘ng (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, kislorod balloni portlagan) ekipaj komandiri samolyotni Oqtov aeroportiga qo‘ndirishga qaror qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotda 62 yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Qozog‘iston SSV 28 kishi omon qolganini ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter