Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

OHIChKda Qozog‘istonning raisligi yakunlanmoqda

OHIChKda Qozog‘istonning raisligi yakunlanmoqda

Qozog‘iston Respublikasining Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashdagi (OHIChK) raisligi yakunlanmoqda. Shu munosabat bilan Kengash tarkibidagi Yuqori mansabdor shaxslar qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

OHIChK bosh kotibi Qayrat Saribay ishtirokidagi yig‘ilishda joriy yil 17 dekabr kuni o‘tadigan Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisiga tayyorgarlik muhokama etildi. Shu kuni xalqaro tuzilmadagi raislik Qozog‘istondan Ozarbayjonga o‘tadi.

Qo‘mita yig‘ilishida Qozog‘iston raisligidagi erishilgan natijalarga e’tibor qaratildi va Osiyoda ko‘p tomonlama muloqot va hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

OHIChKni ta’sis etish g‘oyasi 1992 yilda BMT Bosh assambleyasi minbarida Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan ilgari surilgandi.

O‘tgan yillar mobaynida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash  xavfsizlik va barqarorlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, savdo va iqtisodiy sheriklik, atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi aloqalarni faollashtirishga qaratilgan xalqaro forumga aylandi.

Bugungi kunda OHIChKda 28 ta davlat ishtirok etmoqda. Yana 9 ta mamlakat va 5 ta xalqaro tashkilot kuzatuvchi maqomiga ega. OHIChKning oliy organi Davlat va hukumatlar rahbarlarining sammiti hisoblanadi. Ostona shahrida joylashgan kotibiyat esa uning ma’muriy organidir.

Kengashga a’zo mamlakatlar BMT Nizomiga sodiqlik bildirgan holda, Osiyoda tinchlik va barqarorlikni muloqot, hamkorlik va ahillik bilan saqlab mumkin deb hisoblaydi.

Avval xabar berganimizdek, OHIChKning 2022 yil 13 oktyabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan VI sammitida nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy iqtisodiyotni global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish zaruratiga to‘xtalgandi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tuzilma raisi sifatida OHIChKni to‘laqonli xalqaro tashkilotga aylantirish va institutsional jihatdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar bergan.

Ma’lumot o‘rnida, OHIChKga 2020-2024 yillarda Ostona raislik qilgan bo‘lsa, 2024-2026 yillarda bu vazifani Boku bajaradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring